Qatardagi JCh o‘tkazilmasligi mumkin? Ko‘plab davlatlar bunga nega qarshi chiqmoqda?!

  • 31 mart, 2021, 23:47
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Futbol olami avval boshidan, mundialni Qatarda o‘tkazilishini istamagan edi. Endi boshqa muammolar turnir tashkilotchilarini boshi berk ko‘chaga olib kirib qo‘ydi. Evropaning ko‘plab chempionatlarida «Qatar-2022»ga qarshi aktsiyalar boshlanib ketdi. Xo‘sh, buning asosiy sababi nimada? Bugun shu haqida batafsil.

Tecno

Osiyo maydonlarida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan JChni allaqachon hamma tanqid qilishni boshlab yubordi. Vikipediyada hatto shu mavzu asosidagi ma’lumotlar joylanishi start oldi. U erda musobaqa mezbonlarining bahsli qarorlari haqidagi hujjatlar aks etgan. Qatarda alkagolga bo‘lgan taqiq, havoning keskin issiqligi va futbol tarixining yo‘qligi ko‘pchilikda negativ fikr uyg‘otishi tabiiy. Shu bois, tashkilotchilar futbol strukturasini super darajaga ko‘tarish orqali ommaning fikrini o‘zgartirishdan umid qilmoqda. Barcha stadionlar yaqinlashib kelayotgan mundial uchun 100 foiz tayyor bo‘lishi shart. Boshqachasiga, FIFA a’zolarini hayron qoldirishning imkoni yo‘q.

qatar1

Shoshilinch amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar chog‘ida qurbonlar bo‘lishi hech gap emas. So‘nggi paytlarda olamdan o‘tgan quruvchilarning hayoti haqida videoroliklar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalmoqda. Endi esa, Qatarda mehnat qilayotganlarning juda yomon sharoitda ekanligi haqidagi ma’lumotlar sizib chiqishni boshladi. Inson huquqlarini poymol qilinishi Evropa davlatlarida keng muhokama qilinmoqda. Stadion quruvchilarini qullardek ishlayotgani aks etgan videolar esa, virus singari qisqa muddatda butun dunyoga yoyilib ketdi. Ko‘p o‘tmay, Norvegiya va Germaniya inson huquqlarini himoya qilish maqsadida o‘z e’tirozini bildirdi.

«The Guardian» nashri bergan ma’lumotlarga qaraganda, 2010 yildan beri Qatardagi qurilish chog‘ida 7 mingga yaqin inson vafot etgan. Bu raqamlar oshkor bo‘lgach, birinchi bo‘lib norvegiyaliklar katta sahnaga chiqib keldi. Futbolchilar Gibraltarga qarshi o‘yinga «insonlar huquqi maydonda va uning tashqarisida ham himoya qilinishi shart» ma’nosidagi yozuv tushirilgan futbolkalarda chiqib keldi. To‘g‘ri, Norvegiya JChga chiqish uchun asosiy da’vogar emas. Guruhda Niderlandiya va Turkiya bor, ammo skandinaviyaliklar «Qatar-2022»ga ochiqchasiga qarshi ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi.

htrkortkohkrh

O‘sha kuniyoq, «Verdans Gang» Norvegiya aholisi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Unda 55 foiz ovoz egalari JCh saralash o‘yinlariga boykot e’lon qilish tarafdori ekanligi ma’lum bo‘ldi. Bundan ko‘rinib turibdiki, hatto futbolchilar ham inson huquqlari himoyasi yo‘lida mundialdan voz kechishga tayyor. Norvegiya futbol federatsiyasi bu masala bo‘yicha FIFAning iyun oyidagi kongressida o‘z pozitsiyasini ko‘rsatib qo‘ymoqchi ekanligini yashirib o‘tirmayapti. Unga qadar, Erling Xoland va Martin Edegor JCh saralashidagi barcha o‘yinda oq futbolkalarda chiqib kelishni davom ettiradi.

«Qatardagi qurilish chog‘ida vafot etganlar taqdiriga befarq bo‘lmagan futbolchilar ko‘p. Inson huquqlarini himoya qilish yo‘lida nimadir qila olsak, juda ham xursand bo‘laman»,-deya fikr bildirdi «Real» yarim himoyachisi.

edegor

Chorshanba kuni esa, Germaniya ham norozilik aktsiyasiga qo‘shildi. Islandiyaga qarshi o‘yin oldidan, "bundestim" ochiqchasiga «Qatar-2022»ni ogohlantirishga urindi. Ushbu suratdagi so‘zlar «Inson huquqlari» ma’nosini anglatadi. Islandiyaga qarshi bahsdan so‘ng, «Bavariya» yarim himoyachisi vaziyatga izoh berdi:

«Bu norozilik bejiz emas. Biz qaysi tomonda ekanligimizni ko‘rsatib qo‘ymoqchimiz. Bunday chiqish qilishga futbolchilar o‘zaro qaror qabul qildik. Futbol olamida bizning ta’sir doiramiz ulkan. Bundan to‘g‘ri foydalanish shart, deb hisoblayman. Avvalo, inson ekanligimizni hech kim unutib qo‘ymasligi kerak».

3017831-61912348-2560-1440

To‘g‘ri, Germaniya Norvegiya singari boykot e’lon qilishni kun tartibiga qo‘ygani yo‘q. Shunga qaramay, voqeaga barchaning e’tiborini tortish ilinjida. Germaniya futbol rahbari – Frits Keller ehtiyotkorlik bilan terma jamoa tanlagan yo‘lni izohladi:

«Qatar JCh boshlanguniga qadar, kerakli o‘zgarishlarni amalga oshirishiga ishongim keladi. Ular hammasini to‘g‘ri amalga oshirmoqda, ammo boshqacharoq yondashuv talab etayotgan masalalar ham yo‘q emas».

Katta ehtimol bilan, grand termalar bu aktsiyada ishtirok etmaydi. Futbol federatsiyalari 4 yil kutiladigan bayramni rasvo qilmaslik uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni amalga oshiradi. Shu sababli, Belgiya terma jamoasi bosh murabbiyi – Roberto Martines boykot e’lon qilishga qarshi ekanligini ma’lum qildi. Murabbiy siyosiy qarashlarni futbolga aralashtirmaslik lozimligi haqida fikr bildirdi:

«To‘g‘ri, muammolardan xabarimiz bor, ammo Qatar barchasini to‘g‘ri tushundi. Tez orada, inson huquqlari ham to‘liq tiklanadi. Hozir orqa o‘girib ketadigan payt emas. Vaziyatni o‘nglash uchun harakat boshlangan paytda, baykot e’lon qilmaslik kerak».

roberto martines

Mundial uchun qurilayotgan ob’ektlarda asosan Bangladesh va Hindiston fuqarolari mehnat qilmoqda. Inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilot – "Amnesty International" Qatarda bir necha kun surishtiruv ishlarini olib bordi. Unga ko‘ra, ayrim quruvchilar maoshlarni o‘z vaqtida to‘lanmasligi va majbur mehnat haqidagi haqiqatlarni oshkor qilgan.

“Mening Qatardagi hayotim turmani eslatib yuboradi. Menejer esa, «agar Qatarda qolmoqchi bo‘lsang, ovozingni chiqarma», dedi. Nima ham qila olardik. Bir necha oylik maoshlarimizni olish maqsadida hammasiga chidab ishlashda davom etyapmiz”. «Xalifa» arenasida mehnat qilayotgan quruvchining so‘zlaridan iqtibos keltirib o‘tdik.

okgerg

Tashkilot olib borgan jurnalistik surishtiruvdan ma’lum bo‘lishicha, Qatardagi qurilish kompaniyalari katta va’dalar bilan ishchilarni o‘z diyoriga chorlagan. Ulkan maosh va fantastik sharoit haqida ertaklar to‘qigan. Oqibatda, nisbatan qashshoq davlatdan qora ishchilar Qatarga oqib kela boshlagan. Arab diyoriga katta xarajat qilib kelgach, quruvchilar ortga quruq qo‘l bilan qayta olmagan. Ularning aksariyati maoshlarini olmay turib, mamlakatdan chiqarib ham yuborilgan. Yaratib berilgan sharoitlar achinarli. Deyarli barcha ishchilar umumiy yotoqxonada istiqomat qiladi.

Ish beruvchi kompaniyalar barcha quruvchilarni vaqtincha mamlakatda yashash uchun ro‘yxatdan o‘tkazish bahonasida shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarini tortib oladi. Oqibatda, quruvchilar o‘zlari yashaydigan lagerdan tashqariga chiqa olmay qolgan. Sababi, ularni hujjatsiz shahar ko‘chalarida yurishi katta jarima to‘lashga olib keladi. Bunday holatdan Evropaning ko‘plab davlatlaridagi aholi norozi. Ular inson huquqlarini to‘liq tiklanishi uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni amalga oshirmoqchi.

Tan olish lozim, stadion qurilishi tavakkal ish. Braziliyada va Rossiyada ham baxtsiz hodisalar bo‘lib turadi, ammo Qatar hammasidan o‘zib ketdi. Barchamiz mundialni bo‘lib o‘tishini va  unda terma jamoamizni ishtirok etishini istaymiz. Shunga qaramay, qatarlik quruvchilarning tushib qolgan ahvoliga ko‘z yumush mumkin emas.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!