"Qizilqum" Farg‘onadagi bayramni buzadimi yoxud bu turda chempion nomi aniqlanadi...mi?
Bugun Superliganing 29-turi boshlanadi. Bu turda mamlakat chempioni nomi aniqlanishi mumkin. Shu sababli bu tur barchaning diqqat-markazida bo‘lib turibdi.
19 noyabr
16:00. “Sho‘rtan” - “Buxoro”
Superligani muddatidan ilgari tark etib bo‘lgan “Sho‘rtan” ligada qolish uchun kurashayotgan “Buxoro”ni qabul qiladi. Aleksandr Xomyakov jamoasiga pley-offga qolib ketmaslik uchun faqat g‘alaba kerak. “Sho‘rtan” o‘z uyida joriy mavsumda Superligadagi so‘nggi o‘yinini o‘tkazadi va muxlislari ko‘z o‘ngida g‘alaba bilan yakunlashga harakat qiladi. Imkoniyatlar esa teng
20 noyabr
16:00. “Surxon” - OKMK
Bu juftlikda ham imkoniyatlar teng baholanyapti. OKMK katta ehtimol 6-o‘rindan pastga tushib ketmaydi. G‘alabalar esa nari borsa 5-pog‘onaga olib chiqishi mumkin. “Surxon” o‘z uyida OKMKni engishi uchun eng yaxshi o‘yinlaridan birini ko‘rsatishi kerak.
18:15. “Paxtakor” - “Nasaf”
Turning markaziy o‘yini. Katta ehtimol bilan jamoalar ikkinchi o‘rin uchun kurashishmoqda. Maydonning har bir qarich erida jiddiy kurash kechadi. “Nasaf” chempionlik yo‘lida oxirgi turlarda juda qimmatli ochkolarni boy berdi. “Paxtakor”ga qarshi bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda ruhiy tayyorgarlikka ham ko‘p narsa bog‘liq. Bu borada “Nasaf”da muammolar bordek. Baribir chempionlik uchun kurashda peshqadamlikni “Neftchi”ga topshirish qo‘ygani qarshiliklarga alam qilishi bor gap.
21 noyabr
16:00. “Mash’al” - “Navbahor”
O‘tgan turda sensatsion tarzda Qarshida “Nasaf”ni yutib, chempionlik uchun kurashdagi imkoniyatlarini pasayishga sabab bo‘lgan “Mash’al” bu safar “Navbahor”ni qabul qiladi. “Nasaf”ni yutishni uddalagan “Mash’al” “Navbahor”ga qarshi ham bu ishini bajarishiga ko‘pchilik ishonishi tabiiy. Muborakliklar pley-offda o‘ynashni istamasligi uchun “Navbahor”ni yutishi talab etiladi. Bu o‘yin ham o‘ziga yarasha qiziqarli kechadi.
18:15. “Dinamo” - “Qo‘qon-1912”
Vadim Abramov jamoasida mavsumni ikkinchi o‘rinda yakunlash uchun yaxshi imkoniyat bor. 15 noyabr kuni “Dinamo” 21-turning qoldirilgan o‘yinida “Andijon”ni engish orqali medallar uchun kurashda juda yaxshi imkoniyatga ega bo‘lib turibdi. Qo‘qonliklarni mag‘lub etish Abramov jamoasining imkoniyatlarini yanada oshirishi turgan gap. “Dinamo” bu uchrashuvda favorit.
18:15. “Andijon” - “Xorazm”
Oxirgi turlardagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin “Andijon” klubi bosh murabbiyi Maksim Shatskix iste’foga chiqarildi. Turnir jadvalidagi ikkala jamoaning holati u qadar ko‘ngildagidek emas. Ayniqsa, ligada qolish uchun pley-offga qolib ketmaslik uchun mezbonlarga g‘alaba juda zarur. “Xorazm” esa so‘nggi ikkita o‘yinni yutgan taqdirda ham baribir pley-offda o‘ynaydi. “Andijon”ni ushbu uchrashuvga Akmal Shorahmedov tayyorlamoqda. “Bobur arena”dagi o‘yinni kuzatish albatta qiziq bo‘ladi.
22 noyabr
14:00. “So‘g‘diyona” - “Bunyodkor”
Ivan Boshkovich sobiq jamoasi - “Bunyodkor”ni qabul qiladi. Oxirgi ikkita turda yutgan “So‘g‘diyona”ning oxirgi ikkita turda yutqazgan “Bunyodkor”ga qarshi o‘yini tomoshabop o‘tishini taxmin qilish qiyin emas. Jamoalarning o‘yin uslublari bir-biriga o‘xshash. Minimum ikkita gol ko‘rsak kerak.
16:15. “Neftchi” - “Qizilqum”
Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida bo‘lib o‘tadigan “Neftchi” - “Qizilqum” o‘yini uchun chiptalar sotuvi boshlangach, soatlar ichida sotib bo‘linibdi. “Neftchi” ushbu uchrashuvda g‘alaba qozonsa mamlakat chempionligini qo‘lga kiritadi. Shuning uchun o‘yinning ahamiyati juda yuqori. Farg‘onalik muxlislar sevimli jamoasining nihoyat azaliy orzusiga erishishini ko‘rish ishtiyoqidalar. Eshitishimizcha, “Qizilqum” rahbariyati futbolchilariga g‘alaba uchun uch barobar mukofot puli va’da qilishibdi. Ana sizga ruhlantirish. Albatta, “Neftchi”da ham bu borada ruhlantirish bor. “Qizilqum” mezbonlarning bayramini buzib, chempionlik masalasini keyingi turga qoldirishga sabab bo‘ladimi yoki Levchenko hammasiga ushbu turda uzil-kesil nuqta qo‘yadimi? Bu markaziy o‘yin va o‘tkazib yubormang.



Fikrlar