"Qizilqum" rahbariyati, muxlislari va bosh murabbiydan uzr so‘rayman" yoxud Dilshod Komilov endi jamoasiz emas
10 noyabr kuni U21 chempionatida "Qizilqum" va "Andijon" jamoalari ishtirokidagi o‘yinga guvoh bo‘ldik. Bellashuvdan avval jamoalar tarkibiga nazar tashlagan chog‘imizda mezbonlar safida Dilshod Komilov qayd etilganini ko‘rdik va bundan ajablandik. Bu o‘sha klubdan chetlatilgan Komilovmi yoki yana bitta ism-familiyasi bir xil bo‘lgan Dilshod Komilovmi deb o‘ylanib qoldik. Keyin maydonda "Qizilqum" jamoasiga nazar tashlasak, chindan ham bu o‘sha "Qo‘qon-1912" bilan uchrashuv vaqtida zaxiraga chiqishni istamagan futbolchi ekan. U qachon qaytganligi bizni o‘ylantirgan mahalda uchrashuv arafasida klub matbuot xizmati bu borada rasmiy xabar chiqardi. Unda shunday deyiladi:
"Xabaringiz bor Superliganing 21-tur uchrashuvida jamoamiz bosh murabbiyi Akmal Rustamov hamda himoyachi Dilshod Komilov o‘rtasida kutilmagan holat ro‘y bergandi. Shundan so‘ng klub rahbariyati futbolchi bilan mehnat shartnomasini bir tomonlama bekor qilgan edi. Kuni kecha jamoa rahbariyati va murabbiylar shtabi yig‘ilish o‘tkazib, futbolchini «Qizilqum» yoshlar jamoasi tarkibida mashg‘ulotlarda qatnashishi uchun ruxsat berildi".
Vaziyatga baho berish uchun Dilshod Komilovning ham fikrlarini tinglamoqchi edik. Bu xususida ham klub matbuot xizmati ushbu futbolchining munosabatini havola etdi.
Dilshod Komilov klub bazasiga tashrif buyurib o‘sha holat yuzasidan tushuntirish berdi:
"Avallo, assalomu alaykum. Men Dilshod Komilov ayni paytda «Qizilqum» jamoasi bazasidaman va men bilan bo‘lgan voqea bo‘yicha ma’lumot bermoqchiman. Superliga 21-turi doirasida «Qo‘qon-1912»ga qarshi bellashuvning 60-daqiqasida meni bosh murabbiy Akmal Rustamov zaxiraga olmoqchi bo‘ldilar. Ammo men bu qarorni to‘laqonli tushunmaganligim uchun jamoaga uchrashuvda to‘liq yordam berish maqsadida maydonnni tark etmadim. Shundan keyin bu holat muxlislari va mutaxassislar o‘rtasida keng mulohazalarga sabab bo‘ldi.
Ushbu qarorim uchun men «Qizilqum» jamoasi rahbariyati va muxlislari qolaversa klub bosh murabbiyi Akmal Rustamovdan uzr so‘rayman. Tushunmovchilik va vaziyatga noprofessionallarcha yondashganligim rost. Ayni paytda klub rahbariyati va bosh murabbiy bilan kelishib oldim va hozirda hammasi yaxshi. Men mavsum so‘nggiga qadar «Qizilqum» jamoasi sharafini himoya qilishga tayyorman".
Ko‘rib turganingizdek, Dilshod Komilov avf etildi. Asosiy tarkibga jalb qilinadimi yo‘qmi, bu murabbiyning ishi. Lekin u endi jamoasiz emas. Futbolchi ham qilgan ishidan pushaymon bo‘lganini tushunib etdi. Xullas, shunaqa gaplar.
Fikrlar