“Real” va “Barsa” to‘qnashuvida janjal bo‘ldi. Asosiy “qahramon” Vinisius!
Ispaniya chempionatining o‘ninchi turida “Real” o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida amaldagi chempion “Barselona”ni qabul qilib, qiyin o‘tgan uchrashuvda 2:1 hisobida zafar quchdi.
Madridliklarning gollariga Kilian Mbappe va Jud Bellingem mualliflik qilgan bo‘lsa, kataloniyaliklarning yagona javob to‘pini Fermin Lopes kiritdi.
Uchrashuvning oxirida har ikki jamoa vakillar o‘rtasida janjal kelib chiqibdi. To‘polonda o‘zini ko‘rsatgan “qahramon”lardan biri Vinisius junior bo‘ldi. Braziliyalik yulduzni tinchlantirish uchun bosh murabbiy Xabi Alonso ham aralashishiga to‘g‘ri keldi.
Qizig‘i shundaki, Vinisius 72-daqiqada zaxiraga olinganida Xabi Alonsoning qo‘lini siqib qo‘yishga ham yaramadi va to‘g‘ri kiyim almashtirish xonasiga yo‘l olgan edi. Lekin janjaldan chetda qolgani yo‘q.
“El-klasiko”dagi muhim g‘alabadan keyin madridliklar jamg‘argan ochkolari soni 27 taga etkazib oldi. “Barselona” endi raqibdan besh ballga ortda qolmoqda.

Fikrlar