
“Real”ga gol urgan Yaxshiboev “Inter”ga qarshi o‘ynaydimi?
Moldova chempioni “Sherif” jamoasining UEFA Chempionlar ligasi guruh bosqichi doirasida “Santyago Bernabeu”dagi tarixiy g‘alabasiga o‘z goli bilan katta hissa qo‘shgan Jasur Yaxshiboev “Real” bilan bo‘lgan uchrashuvda jarohati tufayli maydonni erta tark etgan edi.
Ta’kidlash lozimki, legionerimiz “Sherif”ning asosiy futbolchilaridan hisoblanadi va Madriddagi qahramonligidan so‘ng, ko‘pchilikning nigohi aynan Jasurga qaratilgan.
Afsuski, Yaxshiboev shikastlangani sababli, O‘zbekiston milliy terma jamoasining Iordaniyada tashkil etilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini va ikkita xalqaro o‘rtoqlik o‘yinida qatnasha olmadi. “Sherif” tibbiyot xizmati futbolchimizni tezroq oyoqqa qo‘yishga urinmoqda. Murabbiylar esa, uni “Inter”ga qarshi uchrashuvgacha maydonga qaytishini kutayotgan edi.
“Sherif” murabbiylaridan Dmitriy Kara-Mustafa Belarus chempionatining navbatdagi turida “Sf.George” jamoasi ustian qozonilgan 4:0 hisobidagi g‘alabadan so‘ng, jurnalistlarga bergan intervyusida Yaxshiboev masalasiga ham to‘xtaldi.
- Birinchi bo‘limda uchta gol urganimizdan keyin, xotirjam va o‘zimizga ishongan holda o‘ynadik. Bizni Milanda muhim o‘yin kutib turibdi, shu bois, asosiy o‘yinchilarni bir bo‘limdan maydonga tushirdik. Ikkinchi taymda ham ustunlik qildik, lekin xavfli vaziyatlar kam bo‘ldi. 4:0 – ijobiy natija va u kayfiyatimizni ko‘tardi. Endi keyingi bahslarga tayyorgarlik ko‘ramiz.
- “Inter”ga qarshi boshlang‘ich tarkib qanday bo‘ladi?
- Oldinda ikki kunlik mashg‘ulotlarimiz bor. Boshlang‘ich tarkibni keyinroq hal qilamiz.
- Muhim uchrashuv oldidan yo‘qotishlar bormi?
- Jasur Yaxshiboevdan boshqa yo‘qotishimiz yo‘q. Albatta, Yaxshiboev biz uchun katta yo‘qotish. Hujumkor futbolchi Sebastyan Till va markaziy yarim himoyachi Edmund Addo o‘yinga tayyorgarlik ko‘rmoqda, qolgani bevosita uchrashuvdan oldin hal bo‘ladi.
- A Seriyadagi “Latsio” – “Inter” uchrashuvini tahlil qilib, o‘rganasizlarmi?
- Biz “Inter”ning ko‘p o‘yinlarini ko‘ryapmiz va albatta, bunisi ham istisno emas.
- “Real” bilan o‘yin jamoaga mashhurlik olib keldi. Shunday emasmi?
- Yo‘g‘e, hammasi oddatiy hol. Biz tayyorgarlik ko‘ryapmiz, o‘z ustimizda ishlayapmiz. Mashhur bo‘lganimiz haqida o‘ylaganimiz yo‘q. Oldinda hali o‘yinlar ko‘p.
Moldovaning eng qudratli klubi – “Sherif” mamlakat tarixida ilk bor UEFA Chempionlar ligasining guruh bosqichida ishtirok etmoqda. Saralash uchrashuvlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, “Real”, “Inter” va “Shaxtyor Donetsk” kabi mashhur klublar bilan “D” guruhidan joy olgan tiraspolliklar “ko‘hna qit’a”ning eng nufuli turnirining joriy mavsumidagi mag‘lubiyatsiz uchrashuvlar seriyasini 11 taga etkazdi.
“Sherif”ning guruh bosqichining birinchi turida “Shaxtyor”ni o‘z maydonida 2:0 hisobida mag‘lub etgani tasodifga yo‘yilgan edi. Biroq, Moldova klubi keyingi bahsda Madriddan 2:1 hisobidagi g‘alaba bilan qaytdi. Bu musobaqa tarixida eng kutilmagan natija sifatida qayd etildi.
Ketma-ket ikki g‘alabadan so‘ng, “Sherif” olti ochko bilan o‘z guruhida birinchi o‘rinni egallab turibdi.
Endi uchinchi turda “Sherif”ni Milan shahrida “Inter”ga qarshi bo‘ladigan muhim bahs kutib turibdi. Bu bellashuv 19 oktyabrdan 20 oktyabrga o‘tar kechasi Toshkent vaqti bilan 00:00 da boshlanadi.
Afsuski, bo‘lajak o‘yinda Jasur Yaxshiboev jamoasiga yordam bera olmasligi aytildi.
Fikrlar