
Respublika Olimpiya zaxiralari kollejining 60 yilligi nishonlanmoqda
Bugun, 30 oktyabr kuni o‘nlab Olimpiada sovrindorlarini etishtirib bergan Respublika Olimpiya zaxiralari kolleji (ROZK) tashkil topganining 60 yilligi katta tantana qilindi.
Ushbu maskan 1961 yilda ilk bor sportchilarni professional tarzda tarbiyalay boshlagan. Mana shu muddat ichida minglab xalqaro musobaqalar g‘olib va sovrindorlari sportda o‘z o‘rniga ega bo‘ldi.
Birgina so‘nggi uch yilda bu erda kamol topayotgan sportchilar tomonidan qo‘lga kiritilgan 723 ta xalqaro musobaqalarning yuqori probali medallarini misol qilishimiz mumkin.
Bugungi yubiley sana munosabati bilan Respublika Olimpiya zaxiralari kollejida tashkil etilgan tadbirga ushbu maskanda ishlagan sobiq rahbarlar, murabbiylar va sport dargohining ilk qaldirg‘ochlari hamda shu erda tahsil olgan etuk sportchilar taklif etildi.
Tadbir davomida Respublika Olimpiya zaxiralari kolleji binosida tashkil etilgan, ushbu maskan tarixidan so‘zlovchi maxsus muzeyning ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Muzeyda faxriylarning o‘zlari bir paytlar guvoh bo‘lgan tarixiy voqeliklarning oq-qora suratlari, shuningdek, kollej tarbiyalanuvchilarining yirik g‘alabalari mahsuli bo‘lgan medal, kubok va sovrinlar o‘rin olgan.
Fikrlar