
"Roland Garros". Favoritlardan biri sensatsion tarzda yutqazdi, Plishkovadan ustun kelgan Mugurusa keyingi bosqichga chiqdi
"Roland Garros" turnirining ayollar o‘rtasidagi bellashuvlarida ham kuchlilar nomi tobora aniqlashib bormoqda. Asosiy bahslarning navbatdagi kunida yuz bergan sensatsiya butun tennis olamini lol qoldirdi.
Musobaqaning 2-tartib raqamli raketka sohibasi, chempionlik uchun asosiy da’vogarlardan biri chexiyalik Karolina Plishkova bu bosqichda latviyalik Elena Ostapenko qarshiligini sindira olmadi. Raqibasiga etarlicha baho bera olmagan Karolina 6:4, 6:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi va "Roland Garros"ni tark etdi.
Terma jamoadagi sherigi Plishkovadan farqli ravishda, chexiyalik Petra Kvitova keyingi bosqich masalasini ijobiy hal qila oldi. Italiyalik Yasmine Paoliniga qarshi kortga chiqqan Petra har ikki setni bir xil 6:3 ko‘rinishida o‘z nomiga yozdirib, 3-bosqichga yo‘l oldi.
Karolina Plishkovaning egizagi Kristina ham bu bosqichdan o‘ta olmadi. Nisbatan mahoratli Garbine Mugurusaga qarshi bahs olib borgan Plishkovalarning kattasi 2 setda imkoniyatni boy berdi va turnir bilan xayrlashdi. Yakuniy hisob: 6:3, 6:2.
Ikki setda o‘yin taqdirini hal qilgan yana bir raketka ustasi Arina Sobolenko rossiyalik Darya Kasatkinani turnir bilan xayrlashishga majbur qildi. Dastlabki setda biroz qiyinchilikka uchrab, tay-brekda g‘alaba qozongan belaruslik sportchi ikkinchi setda raqibasiga mutlaqo imkoniyat qoldirmadi. Yakuniy hisob: 7:6 (8:6), 6:0.
Yuqorida sanab o‘tilgan tennis malikalaridan farqli o‘laroq, amerikalik Sofiya Kenin qiyin g‘alabani qo‘lga kiritdi. Ruminiyalik Ana Bogdan bilan o‘zaro munosabatlarga oydinlik kiritgan okeanorti vakilasi birinchi setni 3:6 hisobida boy berdi. Biroq 4-raqam ostida saralangan Kenin keyingi setlarda o‘z darajasiga muvofiq o‘yin ko‘rsatib, 2-bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tib oldi. Yakuniy hisob: 3:6, 6:3, 6:2.
Fikrlar