
“Roma” hujumchisini sotolmaydi!
“Roma”da to‘purarlik mahoratini namoyish qilayotgan Temmi Abraxamning xaridorlari ko‘payib bormoqda. Angliyaning yulduzni “Manchester Yunayted”, “Arsenal” va “Manchester Siti” o‘z yurtiga qaytarmoqchi. Endi ular qatoriga “TOttenxem” ham qo‘shildi.
“Roma” bugungi kundagi eng zo‘r futbolchisining transfer narxini 120 million evro qilib belgiladi. Biroq, Rim klubi rahbariyati istagan taqdirda ham Temmi Abraxamni sotib yuborolmaydi.
La Gazzetta dello Sport nashrining ma’lum qilishicha, “Chelsi” bilan bo‘lgan oldi-berdida rimliklar 2023 yilning yoziga qadar angliyalik hujumchiga xaridor chiqsa, uning transferini “aristokratlar” bilan muvofiqlashtirishi belgilab qo‘yilgan. London klubi ko‘p to‘p kirita boshlagan tarbiyalanuvchisini premer-ligadagi to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchilariga berib qo‘ymaydi, albatta.
Qolaversa, “aristokratlar”da 2023 yilning yozida Abraxamni 80 million evro evaziga qayta sotib olish huquqi ham bor. Londonliklar avval boshdan Abraxamning imkoniyatlarini yaxshi bilgan va undan osonlikcha voz kechmaydi.
“Roma”ga angliyalik futbolchi yoqmadi
“Roma” mutasaddilari yanvar oyida “Arsenal”dan ijaraga olingan Eynsli Meytlend-Naylsni mavsum yakunlangach, ortga qaytarib yuboradigan bo‘ldi.
Angliyalik yarim himoyachining harakatlari Joze Mourinoga ma’qul kelmagan. Aslida “kanonirlar” bu futbolchi asosiy tarkibga kira olmayotgani uchun uni ijaraga jo‘natgan edi. Ma’lumotlarga qaraganda, rimliklar yarim mavsum uchun londonliklarga 500 ming evro ijara puli to‘lagan.
Qizig‘i shundaki, “Arsenal” o‘tgan yozda bu futbolchini 12 million evroga sotmagan edi. O‘shanda “Everton” Meytlend-Naylsni o‘z safiga qo‘shib olish uchun “to‘puchilar”ga murojaat bilan chiqqan, lekin rad javobini olgan.
24 yoshli yarim himoyasi “Roma” safida uch oyda to‘qqizta uchrashuvda qatnashib, samarali harakatlarni amalga oshirgani yo‘q.
“Roma” ikki futbolchidan voz kechishga tayyor
Corriere della Sera nashrining xabar berishicha, Rim klubi yozgi transferlar vaqtida ikki yarim himoyachi Brayan Kristante va Jordan Veretuni qo‘yib yuborishga qaror ildi.
20 million evroga baholanayotgan Kristantega “Milan” xaridor bo‘lyapti. Milanliklar Chempionlar ligasining yangi mavsumi oldidan tarkibni kuchaytirishga qaror qilgan. Aslida Brayan “Milan” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi.
27 yoshli futbolchi faoliyati davomida “Palermo”, “Benfika”, “Peskara” va “Atalanta” kabi jamoalarda to‘p tepgan.
Joriy mavsumda Kristante 38 ta uchrashuvda uchta gol urib, bitta assistni amalga oshirdi. Uning “bo‘rilar” bilan shartnomasi yana ikki yil davom etadi.
Frantsiyalik legioner Jordan Veretuga Milan shahrining ikkinchi klubi – “Inter” da’vogarlik qilmoqda. Yozda “Inter” tarkibida ham sezilarli o‘zgarishlar bo‘ladi.
Veretu “Roma”ga kelgunga qadar “Nant”, “Aston Villa”, “Sent-Eten”, “Fiorentina”da o‘ynab, katta tajriba to‘plagan. Aslida bu o‘yinchining rimliklar safidagi bu mavsumdagi statistikasi ham yomon emas.
Jordan Joze Mourino qo‘l ostida jami 39 ta o‘yinda qatnashib, raqiblar darvozasini to‘rt bor ishg‘ol qildi va jamoadoshlariga 9 ta golli pas berdi. Bu o‘yinchini qo‘lga kiritish uchun “Inter” mutasaddilari 15-20 million evro sarflashiga to‘g‘ri keladi.
Fikrlar