
Shomurodov, Xoland, Obameyang hammasi birga. Ularga yo Saloh yoki Mane qo‘shiladi!
2022 yilning kuzida Qatarda to‘rt yillikning eng nufuzli futbol turniri – jahon chempionati o‘tkaziladi. Musobaqada qatnashadigan 32 ta terma jamoaning uchdan ikki qismi mundial yo‘llanmasini hal qilib bo‘ldi.
Barcha qit’alarda qolgan o‘rinlar uchun kurash davom etmoqda.
Xorij matbuoti jahon chempionatida qatnashish imkonini qo‘ldan boy bergan terma jamoalarning yorqin futbolchilari nomiga oydinlik kiritdi. Bu o‘yinchilarning har biri har qanday turnirni bezashga loyiq. Mundialga bormaydigan yulduzlar orasida Eldor Shomurodovning ham nomini ko‘rishimiz mumkin.
Hammasi haqida batafsil:
Erling Xoland va Martin Edegor
Zamonamizning eng mohir to‘purarlaridan hisoblangan Erling Xoland Norvegiya terma jamoasiga yordam bera olmadi. Mohir hujumchi saralash o‘yinlarining uchdan ikkisini jarohat tufayli o‘tkazib yubordi.
Norvegiyaliklarning yana bir yulduzi Martin Edegor o‘nta o‘yinda birorta samarali ko‘rsatkich qayd etgani yo‘q. Natijada Norvegiya terma jamoasi Niderlandiya va Turkiyani keyingi bosqichga o‘tkazib yubordi.
Yan Oblak
Eng zo‘r darvozabonlardan Yan Oblak hech qachon katta turnirda o‘z yurti terma jamoasi darvozasini qo‘riqlamagan. 2010 yilgi jahon chempionatida birinchi raqam egasi Samir Xandanovich edi. Shundan beri sloveniyaliklar biror marta mundialning final bosqichiga chiqa olmadi.
David Alaba
David Alaba Evropa Chempionatlari havosidan bahra olgan bo‘lsada, Avstriya terma jamoasiga jahon chempionatiga chiqish nasib qilmay kelmoqda. Bu gal o‘tish uchrashuvlarida David Alaba, Marsel Zebittser va Marko Arnautovich kabiyulduzlarni Garet Beyl dubli bilan mundialsiz qoldirdi.
Italiya terma jamoasi
Evropaning amaldagi chempioni – Italiya terma jamoasining butun tarkibi yulduzlardan iborat. Ularning har biri alohida tilga olmasdan, butun bir jamoani omadsizlar safiga qo‘shib qo‘yish mumkin.
Ayniqsa, Donnarumma, Bonuchchi, Kellini, Jorjino, Barella, Verratti, Keza, Immobile, Insine kabi yulduzlardan tarkib topgan terma jamoaning o‘tish pley-offida o‘z uyida Shimoliy Makedoniyadan so‘nggi daqiqalardan mag‘lub bo‘lgani juda alamli bo‘ldi.
Patrik Shik
So‘nggi Evropa chempionatining eng zo‘r to‘purarini mundialda ko‘rmaymiz. Patrik jarohati tufayli Shvetsiyaga qarshi o‘tkazilgan o‘tish uchrashuvida terma jamoasiga yordam bera olmadi. Natijada Zlatan Ibrohimovich izdoshlari chempionatga chiqish uchun yurishini davom ettiradi.
Patrik Shik juda yaxshi sport formasida edi. U bundesligada 20 ta uchrashuvda 20 ta gol urgandi. Nima ham derdik, nasib qilmagan ekan.
Edin Jeko
“Roma”dan ketganidan keyin “Inter”da ham porayotgan Edin Jeko o‘zi sardorlik qilayotgan Bosniya va Gertsegovina terma jamoasini mundialga olib chiqolmadi. Mohir to‘purar saralash turnirida faqatgina bir marta raqib darvozasiga yo‘l topdi xolos.
Shuningdek, Miralim Pyanichning o‘zining bir juft goli bilan terma jamoaga aytarli foyda keltira olgani yo‘q.
Ularning yoshini inobatga olsak, keyingi jahon chempionatida ham ko‘rmasak kerak.
Genrix Mxitaryan
“Roma” pleymeykeri o‘ynamagan saralash uchrashuvidagi dastlabki uchta uchrashuvida Armaniston terma jamoasi ketma-ket g‘alaba qozondi. Genrix safga qo‘shilganidan keyin armanlar to‘rtta o‘yinda yutqazdi va uch marta durang qayd etib, guruhda qolib ketdi.
Mxitaryanning o‘zi Armaniston milliy terma jamoasidagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi.
Sebastyan Aller
Bo‘lajak mundialda Sebastyan Aller ham o‘ynamaydi. “Ayaks”da tinimsiz to‘p kiritayotgan futbolchi Kot-D’Ivuarni mundialga olib chiqolmadi. Joriy mavsumda amsterdamliklar uchun uchun 33 ta gol urgan hujumchi terma jamoada atigi ikki bor o‘zini ko‘rsatdi.
Per-Emerik Obameyang
Ayni paytda “Barselona” to‘purarlik mahoratini namoyish etayotgan Obameyang ham o‘z faoliyatidagi so‘nggi mundialga chiqa olmadi. “Arsenal”dan ketishiga majbur qilgan intizomsizligini terma jamoada ham ko‘rsatdi. Natijada murabbiylar shtabi uni Afrika Millatlari kubogiga ham chaqirgani yo‘q.
Nabi Keyta
“Liverpul” yarim himoyachisi Nabi Keyta ham gvineyaliklar bilan chempionatni o‘z uyida tomosha qiladigan bo‘ldi. Gvineya terma jamoasining mashur o‘yinchilari – “Klermon” hujumchisi Muhammad Bayo, “Roma” yarim himoyachisi Amadu Diavar, “Lokomotiv”dan Fransua Kamano va Pol Pogbaning akasi Florenten ham Qatarga bormaydi.
Eldor Shomurodov
Osiyodagi terma jamoalar o‘rtasida eng katta yo‘qotish O‘zbekiston milliy terma jamoasi hisoblanmoqda. Bu gal futbolchilarimiz saralashni ancha avval – ikkinchi bosqichdayoq muvaffaqiyatsiz yakunladi.
Eldor Shomurodov kvalifikatsiyada ettita gol urgan bo‘lsa-da, uning urinishlari terma jamoamizni orzular sari etaklashga etmadi.
Muhammad Saloh va Sadio Mane
Qo‘shimchasiga “Liverpul” yulduzlari Muhammad Saloh va Sadio Mane saralash o‘yinlarida bir-biriga to‘qnash kelgan. Birinchi uchrashuvda misrliklar Senegalni kichik hisobda engdi. Javob o‘yinidan keyin ulardan biri bir necha yulduzlar bilan birga o‘z uyida qoladi.
Fikrlar