Ronaldu Evropa klublariga kerak emas
Transfer oynasi yakuniga etmoqda. Biroq “Manchester Yunayted” forvardi Krishtianu Ronalduning kelajagi hamon noma’lumligicha qolmoqda. Bir necha oydan beri portugaliyalik hujumchi nomini Evropaning bir qancha klublari bilan bog‘lashdi, ammo "qizil iblislar" futbolchi borasida hech qanday rasmiy taklif olgani yo‘q. Matbuotda mankunianliklarga bitta klub murojaat qilgani va bu klub Saudiya Arabistoni vakili ekanligi haqida ma’lumot tarqaldi.
Angliya terma jamoasining sobiq futbolchisi Jeymi Karrager vaziyatga quyidagicha izoh berdi:
“Ronaldu mavsum davomida 38 yoshga to‘ladi. U endi avvalgidek futbolchi emas. To‘g‘ri, Krishtianu hali ham to‘purarlik qobiliyatini namoyish etmoqda, lekin u oldingi Ronaldu emas. Menimcha, hech bir Evropa klubi uni o‘z safida ko‘rishni istamasa kerak. Ehtimol, xato fikr bildirgandirman?!”, deydi Karrager “Sky Sports” nashriga bergan intervyusida.

Fikrlar