
Ronaldusiz “Yuventus” prezidentsiz “Barselona”ga qarshi (Prevyu)
“Barselona” italyan klublari bilan bir guruhda o‘ynash va ular bilan shou uyushtirishni yaxshi ko‘radi. Buni kataloniyaliklarning muxlislari ijobiy va salbiy ma’noda tushunish imkoniyatiga egalar. “Milan” bilan ketma-ket guruh bosqichidagi to‘qnashuvlar qanday ajoyib o‘tgani hamon yodimizda. O‘tgan mavsumda yosh Fati “Inter”ni guruhda qoldirib ketgan golni qanday urgani xotiralaringiz sarhadlarini tark etib ulgurmagan, deb o‘ylayman.
2015 yilda so‘nggi bor EChL bosh sovrinini qo‘lga kiritgan “blaugranas”, keyingi 5 yilda har gal sharmandali mag‘lubiyatlar bilan musobaqadan chiqib ketyapti. 2 bora mana shu voqea italyan klublari bilan sodir bo‘lgan. Biri aynan “Yuventus”dan uchralgan alamli mag‘lubiyat va ikkinchisi “Olimpiko”da yuz bergan “Roma” mo‘’jizasi.
“Barsa” haqida kirish qismida etarlicha gapirdik. Xo‘sh, “Yuventus”da nima gaplar? Jamoa ketma-ket 9 mavsumdan buyon o‘z chempionati taxtini hech kimga bermay kelyapti. Chempionlar Ligasida shu davr mobaynida 2 marotaba finalda o‘ynab, har ikkisini ham boy berdi. Tan olish kerakki, “Barselona”ga raqiblik qilgan yil ham, “Real” bilan kubok talashgan mavsum ham ular finalga ikkinchi jamoa sifatida tashrif buyurgan.
O‘tgan mavsumda jamoa “Lion” tomonidan Portugaliyadan quvib yuborildi. Ronalduning Turinga kelganiga ko‘p bo‘lmadi, ammo klub unga allaqachon suyanib qolib bo‘ldi. Sababi, jamoada avlodlar almashinuvi bo‘lmoqda. Yosh va iqtidorli futbolchilar qanchalik ko‘p bo‘lmasin, ularni oldinga boshlovchi va birlashtirib turuvchi katta futbolchilar bo‘lmasa, natijalarga erishish mushkullashaveradi.
Bugun ikki jamoa ham o‘ch olish kayfiyatida “Alyants” stadioniga yig‘iladi. “Yuve” 2018 yilgi guruh bosqichidagi mag‘lubiyat uchun qasos o‘tida yonayotgan bo‘lsa, “Barsa” “el-klasiko”dagi mag‘lubiyat alamida Turinga etib keldi. Jamoalarning muhim o‘yin oldidan holatida qanday yangiliklar borligi haqida so‘z yuritamiz.
“Yuventus”
Ronalduning maydonga tusha olmasligi taqdir haziliga ham o‘xshab ketadi. Biz ikki buyuk futbolchining o‘zaro kurashining eng kamida bittasidan quruq qoladigan bo‘ldik. Kelgusi bahsga umid bog‘lashdan boshqa imkonimiz yo‘q. Ammo u paytgacha Messida jarohat yoki boshqa sabablar tufayli muhim o‘yinda qatnasha olmaslik holatlari kuzatilmasligiga hech kim kafolat berolmaydi.
Xo‘sh, bugungi “Yuventus”ning kuchi nimada? Shaxsan, keng imkoniyatlarda, degan bo‘lardim. Sababi, jamoada har bir pozitsiyada alternativlar mavjud. Federiko Kezaning faolligini esa alohida ta’kidlagan bo‘lardim. Uning o‘ng qanotdan uyushtiradigan reydlari va aqlli uzatmalari Morata kabi yuqori klassli hujumchisi bor jamoaga ayni muddao bo‘lishi tabiiy.
Dibalada kirishimlilik bilan bog‘liq muammolar borligi ko‘rinib qolyapti. Har qanday yangi murabbiy uni, dastavval, ko‘p vaqt zaxirada ushlab turibdi. Bugun esa katta ehtimol bilan uni asosiy tarkibda ko‘ramiz.
Anelli boshliq “keksa senora” rahbariyati tajribasiz Pirloga o‘z jamoasi va falsafasini qurib olishi uchun imkon qadar kerakli futbolchilarni olib berdi. Makkenni, Kulusevski, Morata va Artur Turin klubining rosmana omadli xaridlari bo‘ldi, deya olamiz. Endi ulardan qay tartibda foydalanish “maestro”ning o‘ziga bog‘liq.
Taxminiy tarkib: Shensni, Kuadrado, Demiral, Danilo, Frabotta, Kulusevski, Bentankur, Rabo, Keza, Dibala, Morata.
Ishtirok eta olmaydi: Aleks Sandro, Kellini, Ronaldu, De Ligt.
“Barselona”
Kataloniyaliklar ham o‘z raqiblari singari avlodlar almashinuvini boshidan kechirayotgan jamoa sanaladi. Aslida, bu ishni bir necha yil avval amalga oshirish lozim edi. Ammo buning uchun o‘z so‘zi va imzosiga ega kuchli murabbiy kamlik qilayotgandi. Ronald Kuman - tajribali mutaxassis. “Barselona” unga begona emas, “mes que un club” nimani anglatishini juda yaxshi tushunuvchi klub afsonalaridan biri. Ammo u bilan Xavi qo‘rqqan hodisa sodir bo‘lmasligi muhim. Niderlandiyalik sobiq himoyachini kataloniyaliklarning millionlab muxlislari futbolchi sifatida bir olam quvonch va sharaf bilan xotirlashadi. Mana shu hurmat va e’tibor murabbiylikda yo‘l qo‘yishi mumkin bo‘lgan xato va kamchiliklar ostida ko‘zga ko‘rinmay ketishi ham mumkin. Ammo bir holat ham e’tiborni tortadi: “Barselona” afsonalari klub bosh murabbiyligini qo‘lga olar ekan doim yaxshi natijalar bilan futbolchilik yillaridagi shuhratini yana bir karra ko‘tarib olishadi - Kroyf, Raykard, Gvardiola, Enrike…
Jamoada bir qator yosh va umidli futbolchilarni ko‘rmoqdamiz. Fatini inobatga olmaganda, qolgan futbolchilar boshqa jamoalardan xarid qilingan. “La Masiya” so‘nggi yillarda iste’dodlarni ancha kam chiqara boshladi. Bu albatta, yangi saylanadigan prezident uchun birinchi galda hal qilinishi lozim bo‘lgan masala.
Bugun Fati, Trinkau, Pedri kabi yoshlar o‘zlarini yana bir grand jamoa safida to‘p surayotgan tengqurlari bilan sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Taxminiy tarkib: Netu, Dest, Arauxo, Langle, Alba, Pyanich, De Yong, Dembele, Messi, Fati, Grizmann.
Ishtirok eta olmaydi: Ter Shtegen, Koutino, Pike, Umtiti.
Murabbiylar
Andrea Pirlo: “Barselona” yuqori saviyali jamoa va chempionlarni o‘zida jam etgan. Messi ham top-klassni ushlab turibdi. Messi bilan futbolchi sifatida ko‘p bor to‘qnash kelganman. Endi esa ilk bor murabbiy sifatida unga qarshi turaman.
Men qo‘l ostimdagi himoyachilar bilan kurashga kirishga majburman. Sababi, ixtiyorimda 4 tagina himoyachi qolgan. Biz kuchli futbolchilardan tashkil topgan jamoaga qarshi munosib jang qila oladigan darajada kuchlimiz”.
Ronald Kuman: “Yuventus” tarkibida bugun maydonga tusha olmaydigan futbolchilarni istisno etganimizda ham, ular Evropaning haqiqiy top-klubi. Ular himoyada juda kuchli futbol namoyish etadi. Ular qanday hujum qilish kerakligini biladi. Dibala muammolar tug‘dirishga qodir, Morata esa jarima maydoni ichida doim gol urishga shay holatda turadi. Shuningdek, ko‘plab tajribali yarim himoyachilar evaziga jamoa yanada kuchli o‘yin ko‘rsata oladi”.
Xulosa o‘rnida
Har ikki jamoaning himoyadagi ishlari havas qilarli darajada emas. “Yuventus” himoyachilarni almashtirish va ular jarohatlangan taqdirda, o‘rnini to‘ldirish imkoniyatiga ega emas. “Barselona”da esa barchasi yosh Arauxo va Dest kabi futbolchilarga qarab qolgan. Pike “Ferentsvarosh”ga qarshi o‘yinda mutlaqo keraksiz nuqtada qizil kartochka ishlab oldi.
Bugun, shuningdek, “Barsa”ga qarshi Artur va Turinga qaytgan Pyanichning o‘yiniga ham guvoh bo‘lishimiz mumkin.
Italyanlarda yo‘qotishlar salmog‘i yuqori. Shu jihatdan, “Barselona”ga kichik ustunlikni berishimiz mumkin. Ammo har qanday holdatda ham o‘z uyida harakat qilayotgan “Yuventus”ning mehmonlarga shunchaki tashabbusni berib qo‘yishi imkonsiz masala.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar