Sekeyraning tepasida qora bulutlar! 4-turdagi syurprizlarga tayyormisiz?

  • 1 aprel, 2021, 06:08
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Milliy terma jamoamizning o‘rtoqlik o‘yinlaridan keyin navbat yana Superliga bahslariga qaratiladi. Oldinda bizni qizg‘in kechishi taxmin qilinayotgan 4-tur uchrashuvlari kutyapti. 1 apreldan 3 aprelgacha 7 ta bellashuv o‘tkaziladi. Andijonda boshlanadigan tur Qarshida yakunlanadi.

Tecno

1 aprel (payshanba)

“Andijon” -  “Mash’al”

Yaxshi o‘yin bo‘lishi kutilyapti. Ikkala jamoada uch o‘yindan keyin uchtadan ochko bor. Bu uchrashuvning yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, “Mash’al”ga bosh murabbiylik qilayotgan Aleksandr Xomyakov o‘tgan yili “Andijon”ni boshqargan. U sobiq klubiga qarshi qanday rejalar tuzib qo‘ygani biz uchun qiziq. Lekin shuni ham unutmaslik lozimki, Aleksandr Andreevichdan keyin “Andijon” tarkibi deyarli o‘zgarib ketdi. Balki yangilangan “Andijon” Xomyakov uchun jumboqli bo‘lib ko‘rinayotgandir. Ishlash uslubi bo‘yicha G‘ulomxo‘jaev bilan Xomyakovning futbolga qarashlari o‘xshash. Ikkalasi ham ko‘proq yoshlar bilan ishlashni xush ko‘radi. Xomyakovdan ancha yosh bo‘lgan G‘ulomxo‘jaevda bosim ko‘proq. Chunki u ilk bor Superligada bosh murabbiylik qilyapti va har bir o‘yin uning uchun finalga teng. Qolaversa, Andijondagi uchrashuvda muxlislarning olqishi ham mezbonlarga ijobiy ta’sir qilishi turgan gap. Ayni paytda mezbonlar uchun chiroyli o‘yindan ko‘ra, natija asosiy o‘rinda turadi. Darvoqe, ushbu uchrashuvda ilk bor VAR tizimi ishlaydi. Balki o‘yin taqdirini VAR belgilab berar-a?

“So‘g‘diyona” – “Surxon”

Chempionatning ilk turida Namangan maydonidan uch ochko bilan qaytib, No‘’mon Hasanovning iste’fosiga sabab bo‘lgan “So‘g‘diyona” uchun mavsum yaxshi boshlandi. Jizzaxliklar hisobida ikkita g‘alaba va bitta durang bor. Navbatdagi raqib “Surxon” va ko‘pchilik “So‘g‘diyona” uchun qulay raqib, deb hisoblayotgandir. Lekin termizliklar garchi tarkibni yoshartirgan bo‘lsa-da, ancha shijoatli ko‘rinyapti. Harqalay ortda qolgan uch turda “Surxon” yomon taassurot qoldirmadi. Murabbiylar imkon qadar raqibning zaif nuqtalaridan foydalanish payida bo‘ladilar. Bunday vaziyatda murabbiylarning topqirligi va qo‘llaydigan taktikalari muhim sanaladi.

jizzax_2

2 aprel (juma)

“Qo‘qon-1912” - “Bunyodkor”

Turning markaziy uchrashuvlaridan biri Qo‘qonda bo‘lib o‘tadi. Hozircha “Qo‘qon-1912” safarda ikki marta g‘alaba qozondi, o‘z maydonida durang qayd etdi. Shu bois, Baxtiyor Ashurmatov jamoasi joriy yilda Qo‘qondagi ilk g‘alabasini “Bunyodkor” ustidan tantana qilmoqchi. Bunga “qaldirg‘ochlar” jim qarab turmaydi, albatta. Maydonda chinakam jang kechishi hozirdan ma’lum. “Bunyodkor” ustozi Shuhrat Maqsudov ham bu o‘yinga jiddiy qarayapti. Baribir o‘yinning Qo‘qonda o‘tishi mezbonlarga qo‘l kelishi mumkin. Faqat bundan ularning qanchalik foydalana olishiga ko‘p narsa bog‘liq. “Bunyodkor” esa hali ham xavfli raqib.

“Paxtakor” – “Metallurg”

Birgina “Paxtakor” ortda qolgan uchta o‘yinda 100 foizli natija ko‘rsatib yakka peshqadam bo‘lib turibdi. “Metallurg”da nimalar bo‘lganidan xabardorsiz. Bosh murabbiy Andrey Shipilov dastlabki turdan keyin iste’foga chiqdi. “Paxtakor”da bir necha yil ishlagan Jasur Abduraimov “Metallurg” ustoziga aylandi. Endi u sobiq jamoasiga qarshi. Albatta, “Paxtakor”ga qarshi bellashuv uning “Metallurg”dagi debyuti emas. 3-turda “Mash’al” maydonidagi o‘yin Abduraimovning debyutiga aylandi va jamoasi mag‘lubiyatga uchradi. Oldinda “Paxtakor”ga qarshi o‘yin kutib turgan ekan, yangi murabbiyga qiyin ekanini tasavvur qilish qiyin emas. Albatta, Abduraimov “Paxtakor”ni yaxshi biladi. Biroq chempion jamoaga bas kelish oson emas. Ijrochilar borasida ham “Paxtakor” kuchli. Qiziq, Jasur Abduraimov sobiq jamoasini to‘xtatish uchun qanday chora ko‘rmoqchi?

AGMK – “Navbahor”

Turning markaziy uchrashuvi! Ikkala klub 4 ochkodan jamg‘arib turnir jadvalida 7 va 8-o‘rinlarni bo‘lishib turibdi. Ikkala klubda ham vazifa jiddiy. “Navbahor” bosh murabbiyligiga Viktor Jalilov qaytarilgach, bittadan g‘alaba va durang qayd etdi. Xo‘sh, namanganliklarga Olmaliq maydonidan g‘alaba bilan qaytish nasib qiladimi? AGMKni oldinda Osiyo Chempionlar ligasi saralash bosqichida “Al-Garafa”ga qarshi o‘ta jiddiy o‘yin kutmoqda. Mirjalol Qosimov jamoasi bo‘lajak bahs oldidan g‘alaba qozongan holda kayfiyatni va ishonchni yanada mustahkamlamoqchi. AGMKdan “Navbahor”ga o‘tib ketgan Bahrom Abdurahimov uchun ham bu o‘yin alohida ahamiyatga ega. U sobiq klubiga qarshi o‘zini qanchalik ko‘rsata oladi? Muhimi, bu o‘yinni ko‘rgan tomoshabin zerikib qolmaydi.

3 aprel (shanba)

“Lokomotiv” – “Qizilqum”

Mazkur jamoalar to‘qnashuvi oldidan qiziq holat. “Lokomotiv” uchta o‘yinda bir durang va ikkita mag‘lubiyatga uchrab, hali g‘alaba nimaligini bilgani yo‘q. “Qizilqum” bo‘lsa, bitta g‘alaba va ikkita durangdan so‘ng, hali yutqazmagan. To‘g‘risi, “Lokomotiv” qiyin vaziyatga tushib qoldi. Bosh murabbiy portugaliyalik Sekeyra jamoani ushbu holatdan qanday qutqara oladi? Bizga ma’lum bo‘lishicha, u ikkita mag‘lubiyatdan keyin klubdan ketish haqida o‘ylashga tushgan. Lekin o‘rtada tuzilgan shartnoma bor, rahbariyat esa unga ishonyapti. Ammo “Qizilqum” bilan bahsda ham “Loko” g‘alabasiz seriyasini yana davom ettirsa nima bo‘ladi? Aniqki, Sekeyraning tepasida asta-sekin qora bulutlar to‘planyapti. Hozircha uning tuzgan jamoasi yarq etib ko‘zga tashlangani yo‘q. Holbuki, portugaliyalik mutaxassis bu erga sayohat uchun kelmaganini, sovrin yutish uchun kelgani haqida bir necha bor gapirdi. Ammo bunday o‘yin bilan uzoqqa bormasa ham kerak, yana kim biladi, deysiz? Har holda murabbiy jamoasining o‘yinini kuchaytirmasa bo‘lmaydi. To‘g‘ri, unga vaqt kerak. Ammo bunday o‘yin bilan mahalliy murabbiylar ham ishlasa bo‘laveradi. “Qizilqum” ham injiq raqib. Hamidjon Aktamov balki Sekeyraga syurpriz tayyorlab qo‘ygandir?!

“Nasaf” – “Turon”

“Nasaf”dek jamoaning hisobida uchta turdan keyin ham g‘alaba yo‘qligi biroz ajablanarli. Lekin bu vaqtinchalik ekanini hamma bilib turibdi. Gapning ochig‘i, “Turon” bilan bahsda “Nasaf” chempionatdagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritishiga ko‘pchilik shubha qilmayapti. Bu taxmin o‘zini oqlashini o‘yin ko‘rsatadi. To‘g‘ri, “Turon”ga ham g‘alaba suv va havodek zarur. Axir debyutantning hisobida faqat bir ochko bor xolos. Tarkib jihatidan qarasak, “Turon”da tajribali o‘yinchilar yig‘ilgan, har holda nomlar jarangdor. Ammo o‘yin sifati bo‘yicha shubhasiz “Nasaf” ustun. Faqat buni ular amalda isbotlashi kerak. “Turon” esa bunga osonlikcha rozi bo‘lmasligi aniq. Bir so‘z bilan aytganda, qiziqarli uchrashuv bo‘ladi. Buning ustiga bu tarixiy o‘yin ham hisoblanadi. Chunki klublar hali Superligada to‘qnash kelishmagan.

Turon_1

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!