Shomurodov, Jaloliddinov va O‘runovga Evropa eshigi ochiladimi?

  • 6 sentabr, 2020, 00:05
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Rossiya chempionatiga bu yog‘i Yaponiyadan tortib, uyog‘i Braziliyagacha bo‘lgan mamlakatlardan o‘zini iste’dodli hisoblagan legionerlar tashrif buyurishi sir emas. Xususan, O‘zbekistonning ko‘plab futbolchilari uchun Rossiya chempionatidan qo‘nim topish haqiqiy orzu hisoblanadi. Ayrim o‘yinchilarimiz ko‘rikdan nariga o‘tolmay kelishi ham yashiradigan mavzu emas.

Tecno

Bugungi kunda Rossiya premer-ligasida atigi uch hamyurtimiz – Eldor Shomurodov, Oston O‘runov va Jasur Jaloliddinov bor. Ulardan faqat Shomurodov asosiy tarkibda o‘z o‘rniga ega. 18 yashar Jasur va 19 yoshli Ostonni Moskva jamoalari asosan kelajak uchun olgani tayin. Milliy futbol ligasida Vagiz Galiulin “Nefteximik” sharafini himoya qilmoqda va u yuqori maqsadlarga da’vo qilolmaydi. Vitaliy Denisovdek ko‘pni ko‘rgan himoyachimiz ham premer-ligadan ish topa olmadi. 

6248cea2e11ea89cf93d57216d353

Butun dunyodan Rossiya futboli eshigini taqillatayotganlarning aksariyati premer-ligani Evropaning kuchli chempionatlariga yo‘llanma taqdim etuvchi tramplin vazifasini bajarib berishiga chin dildan ishonadi.

Rossiya futboli tahlilchilari esa, bu mamlakat chempionatida suyagi qotgan o‘yinchilar kuchli jamoaga o‘tgan taqdirda ham o‘ynab ketolmasligi haqida turli ma’lumotlarni taqdim etmoqda. Chunki rus futboli Evropa futbolidan keskin farq qiladi. Bu erda futbolchilarni chalg‘ituvchi omillar ko‘p. “Ko‘hna qit’a”dagi klublar esa, hech qaysi o‘yinchini, ayniqsa legionerni “erkalatib” qo‘ymaydi.  

So‘nggi o‘n yillikda Rossiya futboli orqali Evropaga eshik ochganlardan faqat uch nafari -Aleksandr Zinchenko, Kuinsi Promes va Aksel Vitsel muayyan darajada maqsadiga erishib, katta jamoalarda o‘ynab keta oldi.

376546

Lekin iste’dod sohibi hisoblanib, ulkan umidlar bilan Evropaning turli jamoalariga taklif etilgan yoki o‘sha imkoniyatdan ham quruq qolgan Seydu Dumbiya, Keysuke Xonda, Kvinsi Ovusu-Abeye, Ahmad Musa, Salomon Rondon, Robert Mak, Mate Valbuena, Ivitsa Olich, Anatoliy Timoshchuk, Martin Shkrtel, Branislav Ivanovich, Jo, Nemanya Vidich, Fernando Kavenagi, Markos Roxo Maykon, Umar Nyass, Kristofer Samba, Emanuel Emenike, Xalk kabi yana bir qancha “yulduzlar”ni, ayrim qisqa muddatli yorqin lahzalarni hisobga olmaganda, bemalol Rossiya futbolidan kuyganlar qatoriga qo‘shsa bo‘ladi.

Rossiya chempionatiga kelgan legionerlarning transfer summasi ham muntazam pastlab ketayotgani kuzatilmoqda. “Zenit”ga 9 million evro evaziga ko‘chib o‘tgan Emiliano Rigonining narxi tusha-tusha bugun 4,5 millionni tashkil qilmoqda. Piterliklar Emanuel Mammana uchun 16 million evro to‘lagan, hozir esa uni 4,5 millionga hech kim olmaydi.

“Lokomotiv”da bir yil ijarada o‘ynagan Joau Mariuning narxi 18 million evrodan besh millionga arzonladi. “Zenit”ga 40 million evroga kelgan Malkom shu yilning o‘zida 10 million evro “tashladi”.

Albatta, Rossiyaga kelgan legionerlar orasida narxi oshayotganlari ham bor. Rossiyalik mutaxassislar bu borada Eldor Shomurodovning narxi 750 mingdan 6,5 million evroga ko‘tarilganini misol qilmoqda. Shuningdek, Sardor Azmun (18 million evro), Nikola Vlashich (22 million) va Matias Normann (7,5) kabi futbolchilarning transfer narxi ko‘tarilmoqda. Lekin bu futbolchilarning birortasi Rossiyaga yulduz darajasida kelmagan, balki shu erga kelib, nom qozongan va iste’dodini namoyon etgan futbolchilardir.

11616257

Mustaqillik yillarida Rossiya chempionatida o‘nlab futbolchilarimiz to‘p surgan. Lekin bu chempionat ulardan hech biriga Evropa futboliga tramplin bo‘lib xizmat qilganini bilmaymiz. Evropa bozorida rossiyalik futbolchilarning o‘ziga ham talab katta emas. Andrey Arshavin kabi kuchli chempionatga o‘tganlarining aksariyati o‘zini ko‘rsatolmay ortga qaytib, avvalgi darajasiga ham chiqa olmagan.

Xo‘sh, yaxshi niyat bilan Rossiyaga ketgan Eldor, Oston va Jasurni nimalar kutmoqda? 

Eldor o‘z o‘yinlari bilan Evropaning ayrim klublari e’tiborini qozongani bor gap. Lekin aniq taklifga kelganda faqatgina “Gent” jamoasidan  chorlov bo‘ldi va ular hali ham Eldorni olish fikridan qaytgani yo‘q. Balki, Eldor Rossiya chempionatidan Evropaga yo‘l ochib, muvaffaqiyatga erishgan birinchi o‘zbek futbolchisi bo‘lar. Buyog‘ini vaqt ko‘rsatadi. 

Ostonga esa Germaniyadan taklif bo‘lgani va “Gerta” besh million evro bermoqchiligi shov-shuv ko‘targandi. Nemislarning bu e’tiborini O‘runovning o‘yinidan ko‘ra, uddaburon Shamil Gazizovning ajoyib reklamasi va ustamonligi jalb qilganga o‘xshaydi.

Jasur esa hali nimalarga qodirligini qayta-qayta isbotlashi kerak. Buning uchun esa, Rossiyaning murakkab chempionatida o‘ziga munosib o‘rin topishi shart va bu oson bo‘lmasligi aniq.

2_1

Nima bo‘lganda ham, biz Rossiyad to‘p surayotgan futbolchilarimizning yo‘li ochilib, o‘zlari orzu qilgan Evropa milliy chempionatlarida ulkan yutuqlarga erishishi tarafdorimiz. Axir qachondir, o‘zbek muxlislari ko‘chasida ham bayram bo‘lishi kerak-ku!

O‘runovning o‘yinini o‘zgartirmang!

“Jaloliddinov “Loko” ko‘rsatayotgan futbolga yaramaydi!”

Shomurodov – UEFA Chempionlar ligasi ishtirokchisining asosiy nishoniga aylandi!

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!