O‘zbekiston milliy terma jamoasi yetakchilari – Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullaev o‘ynayotgan “Istanbul Boshakshehir” klubga taklif etilgan mashhur mutaxassis Nuri Shaxin qo‘l ostida ijobiy natijalarni qayd etmoqda.
Istanbulliklarning mag‘lubiyatsiz seriyasi oltita o‘yinga yetdi. Oxirgi oltita uchrashuvdan beshtasida g‘alaba qo‘lga kiritildi, faqat chempionlik uchun da’vogar “Fenerbahche”ni engishning imkoni bo‘lmadi va o‘sha bahsda kuchlar teng keldi.
“Istanbul Boshakshehir” muvaffaqiyatlarida Eldor Shomurodovning roli va hissasi juda katta bo‘lmoqda. 19-turda istanbulliklar “Kayserispor” jamoasi mehmoni bo‘lib, raqib darvozasiga javobsiz uchta gol urdi. Uchrashuvda juda faol o‘ynagan Eldor ikkita golga bevosita ta’sir o‘tkazdi. Birinchi vaziyatda Shomurodovning kuchli zarbasini darvozabon qaytardi va to‘p himoyachi Ramazon Chivelekka tegib, avtogol bo‘ldi.
Istanbul klubining uchinchi to‘pini Nunu Da Koshta o‘zbek hujumchisining ideal pasidan keyin kiritdi.
Eldorning o‘zi raqib darvozasiga bir necha marta aniq zarba bergan bo‘lsa-da, shu kuni unga gol urish nasib qilmadi. Aynan mana shu omil unga qimmatga tushishi mumkin.
Chunki Shomurodov Turkiya Superligasi to‘purarligiga asosiy da’vogar. Hozir u 19 ta uchrashuvda 13 ta gol bilan yakkapeshqadam bo‘lib turibdi. Bu turda uning eng yaqin ikki ta’qibchisidan biri – Pol Onuachu o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘ydi. Nigeriyalik legioner “Kasimpasha” darvozasini ishg‘ol qilib, ligadagi 12 goli bilan “Trabzonspor” g‘alabasiga hissa qo‘shish barobarida Shomurodov bilan o‘rtadagi farqni minimal darajaga keltirdi.
To‘purarlar reytingida 11 ta gol bilan uchinchi o‘rinda turgan braziliyalik Taliska ham bu tur gol urishga harakat qiladi. “Fenerbahche” hali 19-tur uchrashuvini o‘tkazgani yo‘q. To‘purar bahsidagi vaziyat yana o‘zgarishi mumkin.
Keyingi o‘rinlarda borayotgan Mauro Ikardi va Felipe Augusto bu gal raqib darvozasini ishg‘ol qila olmagani sababli ularning hisobidagi gollar 9 taligicha qoldi.
Shu o‘rinda bir gap. “Kayserispor” jamoasiga qarshi o‘tkazilgan bahsda hisobni “Boshakshehir”ning germaniyalik legoneri Devi Zel’ke penaltiidan urilgan gol bilan ochdi. Negadir to‘purarlar poygasida ishtirok etayotgan Shomurodovga 11 metrlik belgidan to‘p tepish imkoni berilmayapti.
Bu holat ikkinchi marotaba yuz bermoqda. “Trabzonspor” bilan bo‘lgan drammatlik to‘qnashuvda ham Zel’ke penaltiidan hisobni ochgandi. O‘sha uchrashuvda Shomurodov o‘yinidan to‘p kiritishni uddalagan. Biroq bu gal keyingi ikki golga vaziyat yaratish bilan cheklandi.
To‘purarlar raqobatida har bir golning qiymati juda yuqori bo‘ladi. Shu ma’noda, “Boshakshehir” Eldorni qo‘llab-quvvatlab, penalti tepishni unga topshirishi maqsadga muvofiq. Eldor penalti tepishni biladi. Zero gol urilmagan har bir uchrashuv Shomurodovga qimmatga tushishi mumkin...
Fikrlar