Shomurodov kutganimizdan ham zo‘r bo‘lib chiqdi! “Bashakshehir” ustozi o‘zbek legionerlari haqida yana nimalar dedi?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi etakchilari – Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullaevni o‘z safiga qo‘shib olgan Turkiyaning “Istanbul Bashakshehir” klubi yangi mavsumda Evrokuboklarda muvaffaqiyatli yurishini davom ettirmoqda.
Istanbulliklar UEFA Konferentsiyalar ligasi saralash turnirining uchinchi bosqichida Norvegiyaning “Viking” jamoasi bilan raqobatlashdi. “Bashakshehir” bir hafta oldin raqib maydonida o‘tkazilgan dastlabki uchrashuvda 3:1 hisobida zafar quchgan bo‘lsa-da, Istanbuldagi javob bahsida jiddiy qarshilikka duch keldi.
Birinchi bo‘lim o‘rtalarida mezbonlar himoyachisi Onur Bulut o‘z darvozasiga to‘p kiritib qo‘ydi. Biroq “Bashakshehir”ning javobi uzoq kutilmadi. 40-daqiqada Eldor Shomurodovning ajoyib pasini germaniyalik to‘purar Devi Zelke darvoza to‘riga joyladi.
Qolgan daqiqalarda uchrashuvda hisob o‘zgarmadi va “Bashakshehir” musobaqaning pley-off bosqichiga yo‘llanma oldi. Istanbul klubi keyingi raundda guruh bosqichiga yo‘llanma olish uchun raqobatlashadigan bo‘ldi.
Uchrashuvdan keyin “Bashakshehir” bosh murabbiyi uchrashuv haqida fikr bildirib, Eldor Shomurodovning o‘yini va Abbosbek Fayzullaev atrofidagi vaziyatga oydinlik kiritdi.
Sports.uz portali Chag‘dash Atan fikrlarini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.
Uchrashuv haqida
Biz juda mamnunmiz. Bu juda murakkab uchrashuv bo‘ldi. Buni hamma yaxshi tushunib turibdi. Favoritlardan biridan o‘tib olganimizdan xursandmiz. Biz rejalashtirganlarimizni birinchi bo‘limda ideal darajada amalga oshira oldik. Bir necha qulay vaziyatlar yaratdik. Juda samarali o‘ynadik. Pressinglarimiz yaxshi chiqdi.
Hujumlar bilan raqibga etarlicha muammo tug‘dirdik, ularni uzun paslar bilan o‘ynashga majbur qildik. Lekin juda alamli gol o‘tkazib yubordik. Meni qoniqtirmagan yagona narsa, tanaffusdan keyin o‘yinda ustunligimizni ko‘rsata olmaganimiz bo‘ldi.
Shomurodov haqida
Eldor Shomurodov kutganimizdan ham zo‘r o‘yinchi bo‘lib chiqdi. U hujumning har uchala pozitsiyada o‘ynay oladi. Biz haqiqatan Eldorni o‘z jamoamizda ko‘rishni istagan edik.
Uning imkoniyatlari biz kutgandan ham kengroq ekan. Shomurodovning to‘pga egalik qilishi va pas berish qobiliyati hayratga solyapti. Hujum chizig‘ida uch nafar zo‘r o‘yinchimiz bor.
Fayzullaev haqida
Abbosbek Fayzullaev transferiga oid masala hozir kun tartibida turibdi. Biz bu transferni Rossiyaga qarshi qo‘llanilayotgan embargo tufayli oxiriga etkaza olmayapmiz. Biz transfer uchun to‘lovni amalga oshirishga tayyormiz, biroq buning uchun qo‘shimcha jarayonlardan o‘tishga to‘g‘ri kelyapti.
Klubimiz prezidenti o‘zining aloqalari orqali masalaga echim topishga harakat qilyapi. Shunday ekan bu masala tez orada hal etiladi. Buni biz ham, Fayzullaevning o‘zi ham intizorlik bilan kutyapmiz. Tez orada hammasi ijobiy tugaydi.
Ta’kidlash joizki, “Roma”dan keyinchalik to‘liq transfer qilish huquqi bilan bir mavsumga ijaraga olingan Eldor Shomurodov “Istanbul Bashakshehir” safida to‘rtta uchrashuvda qatnashib, bitta assist qayd etdi. Abbosbek Fayzullaev esa, Turkiyaga ko‘chib borganiga ikki hafta bo‘lganiga qaramay, hali rasmiy uchrashuvlarda qatnashishiga ruxsat berilgani yo‘q.
Husanov ortida dunyoning eng zo‘r darvozaboni turagan bo‘ldi!
Fikrlar