
Shomurodov nega “Barsa” taklifini kutmagani, golsiz seriyasi sababi, rafiqasi va orzulari haqida gapirdi
Eldor Shomurodovning Italiyaga ketishi yozgi transfer oynasining eng kutilmagan voeqasi bo‘ldi. Sentyabrning oxirida “Jenoa” hujumchini so‘rab, “Rostov”ga murojaat qildi va oradan biroz vaqt o‘tishi bilan ishga “Verona” va “Fiorentina” aralashdi. Raqobatchilarni ortda qoldirish uchun genuyaliklar transfer taklifini yaxshilashga majbur bo‘ldi.
Rossiyaning nufuzli saytlaridan Sport24 hamyurtimiz bilan intervyu uyushtirdi. Ushbu suhbatni e’tiboringizga havola etamiz.
- Eldor, shartnoma imzolaganingdan keyin terma jamoa ixtiyoriga uchib ketding. Hozir qaerdasan?
Istanbul aeroportidaman. “Jenoa” rahbariyatida futbol mutasaddilariga bog‘lanib, meni terma jamoa yig‘inidan ertaroq qo‘yib yuborishni so‘radi. Bu yangi jamoamga tezroq qo‘shilishim va boshqa maishiy masalalarni hal qilib olishim uchun shunday yo‘l tutildi. Masalan, uy ijarasi kabi masalalar. Vadim Abramov boshchiligidagi murabbiylar shtabi meni to‘g‘ri tushiugani uchun ulardan minnatdorman. Agar rasmiy uchrashuvlar bo‘lganida terma jamoani erta tark etmasdim.
- “Jenoa” varianti qanday yuz berdi?
- Hammasi tez sodir bo‘ldi. Qahhor Mo‘minov (ProSport Management vakili) qo‘ng‘iroq qilib, bitta variant chiqqanini va urinib ko‘rish kerakligi aytdi. Men darrov rozi bo‘ldim. Evropada o‘ynash bolaligimdan orzu edi. Avval boshdan shunga intilganman. Qaysi mamlakat yoki jamoa bo‘lishining farqi yo‘q edi. Muhimi, Evropada o‘z kuchimni sinab ko‘rish.
- Ko‘pchilik “Manchester Yunayted” va “Barselona”dan taklif kutadi. Grand klubdan taklif bo‘lmasa, Rossiyada qolishni ma’qul ko‘rishadi.
- Grand klublardan taklif kutib o‘tirishdan ma’ni yo‘q. Vaqt yo‘qotganing qoladi. Men ham “Rostov”da qolishim mumkin edi. U erda meni hamma narsa qoniqtirardi. Lekin anchadan buyon Evropaga ketishni o‘ylab yurardim. Shuning uchun imkon bo‘lishi bilan rozilik berdim.
- Oxirgi lahzalarda seni “Verona” va “Fiorentina” ham qo‘lga kiritmoqchi ekani haqida tezkor xabarlar tarqaldi. Bu variantlarni ham ko‘rib chiqdingmi yoki boshidan “Jenoa”ni tanlab bo‘lganmiding?
- Bular haqida internatdan bildim. U payt “Jenoa” bilan muzokaralar yakunlanib qolgandi. Genuyaliklar bilan oxirgi detallarni muhokama qilayotgan edik. Boshqa variantlar haqida o‘ylab ko‘rmadim.
- Yozda boshqa takliflar bo‘lganmidi?
- Ispaniyadan bor edi. Belgiyadan “Genk” qiziqdi. Yil boshida “Shtutgart” varianti ham bo‘lgandi.
- “Jenoa” taklifidan keyin Karpin nima dedi?
- Men unga darrov o‘zimni sinab ko‘rmoqchi ekanimni aytdim. U menga: “Futbolchi sifatida seni tushunaman, lekin murabbiy sifatida ketishingni istamayman, sen menga “Rostov”da keraksan”, dedi. Agar klub rahbariyati transferga rozilik bersa, u ham qarshilik qilmaslikka va’da berdi. Men murabbiyga va jamoaga istaklarimni hurmat qilgani uchun minnatdorlik bildiraman.
- Xayrlashuv videosida Karpin senga “Yig‘lama”, dedi. Ko‘z yoshingni tuta oldingmi?
- Tan olaman. Ko‘zimdan yosh chiqdi. Bir tomondan maqsadim amalga oshayotganini ham bilib turgandim. Ikkinchi tomondan ketish biroz qayg‘uli.
- Karpin instagramda “qiyshiqoyoq” deb yozganini qanday qabul qilding?
- Hammasi joyida. Hazilligini tushundim. Mashg‘ulotlarda bunaqasi ko‘p bo‘ladi. Karpin bilan doim munosabatlarimiz yaxshi bo‘lgan. Ketishimdan oldin Valeriy Georgich “Sen qiyshiqoyoqni buncha pulga kim oladi?”, deb kulardi.
- “Spartak”da Karpinning hazillaridan ko‘pchilik xafa bo‘lardi.
- Men yumorni ijobiy qabul qilaman. Lekin Karpin bilan jiddiy suhbatlar ham ko‘p bo‘lgan. Men uni doim rost gapirgani uchun ham hurmat qilaman. Ba’zan nima deb javob berishni bilmay qolardim. Chunki Karpinning o‘zi ham zo‘r o‘ynagan va nimanidir maslahat berdimi, unga amal qilish kerak, deb qabul qilardim.
- Bir yil oldin 4 ta uchrashuvda 3 ta gol urmasang, sochingni olib tashlash haqida bahslashgandinglar.
- Ha shunday. Men yutib chiqqandim. Lekin sochimni oldirishga ham tayyor edim.
- Karpinning jazo usuli bormi?
- Yo‘q. U Bayramyanga kelib, “Ikkita gol urmasang, sochingni oldirasan”, degan edi. Keyin menga qarab, “Sen uchta urishing kerak!” degan.
- “Jenoa”da 61-raqamni tanlading. Bu Rostov viloyatining kodi-ku.
- Bu g‘oyani do‘stim berdi. U shunday dedi: “Agar hali raqam tanlamagan bo‘lsang, 61-raqamni ol, rostovlik muxlislar xursand bo‘ladi”. 14-raqam band ekan, shuning uchun “Rostov” muxlislariga minnatdorlik sifatida 61-raqamni oldim.
- Sendan Ronaldudan ko‘p gol ura olishing haqida so‘rashdi. Biz boshqacha qilamiz – Miranchukdan ko‘p gol ura olasanmi?
- Avvalo, gol urish uchun raqobatda qolib chiqish kerak. Mening birinchi vazifam asosiy tarkibga kirib olish. Gollar sonini keyin sanaymiz.
- Miranchuk bilan yozishdinglarmi?
- To‘g‘risini aytsam, u bilan tanish emasmiz. Italiyada balki tanishib olarmiz. Aleksey agentlar orqali tabrik yo‘llabdi. Yoqimli bo‘ldi.
- Tasavvur qilaylik, “Zenit” “Jenoa”ning taklifidan ko‘proq tikdi. Sen baribir Italiyaga kelarmiding yoki Rossiyada qolarmiding?
- Ketgan bo‘lardim. Chunki men boshidan agentimga Evropaga ketish haqida ta’kidlaganman. Menda avvaldan Qatar, Saudiya Arabistoni va Xitoydan ko‘p takliflar bor edi, ularga hatto qaramaganman. Pul eng muhim narsa emas.
- “Jenoa” “Rostov”dan ko‘p maosh beradimi?
- Ha.
- Ko‘pchilik hayron bo‘layapti. Italiyaliklar sakkiz oyda uchta gol urgan hujumchini nima qiladi? Samaradorliging tushib ketganiga biror izohing bormi?
- Bu juda qiyin savol. Nima desam ham, o‘zini oqlashday bo‘ladi. Menga birinchi navbatda karantin ta’sir qildi. Bizni bir xonaga qamab qo‘yishdi va hech qaerga chiqishga ruxsat berishmadi. Faqat velotrenajyorda shug‘ullanib, pressimizga ishlov berardik. Bu hammaga har xil ta’sir qildi. Kimdir sport formasini tez tikladi. Men ancha qiynaldim.
- Karpin Shomurodov uylangani uchun kam gol uryapti, degandi...
- Hamma ham uylanadiku! O‘ylashimcha, bu ta’sir qilmaydi.
- To‘ydan oldin Amina bilan qancha vaqt uchrashib yurdinglar?
- Ikki oy. Men uylanishga qaror qildim. Kelin qidirdik va o‘zim istaganini topdim.
- Evropa – bolalikdagi orzu ekanini aytding. Bolaligingda Italiyaga kelib qolishingni tasavvur qilarmiding?
- Orzu qilardim, lekin tasavvur qilmaganman. Men hatto Rossiya chempionati yulduzlarini ham yaqingacha televizorda ko‘rardim. Esimda, “Rostov”ga kelganimda meni “Zenit”ga qarshi o‘ynatishgandi. Ularning safida Bronislav Ivanovich o‘ynardi. Men bolaligimdan “Chelsi”ga muxlisman va unga qarab, ko‘zlarimga ishonmasdim. Men “O‘zbekistonda akademiyada o‘qib yurganimda uchrashuvlarni tomosha qilib, senga muxlislik qilardimku”, derdim ichimda.
- A Seriyani ham tomosha qilarmiding?
- To‘g‘risini aytsam, futbolni kam tomosha qilaman. Agar Chempionlar ligasi bo‘lsa yoki “Chelsi” o‘ynasa ko‘raman.
- Futbol bilan shug‘ullanishni qanday boshlagansan?
- Futbolchilar oilasidanman. Otam, ikki amakim va akam futbol o‘ynagan. Bobom murabbiy edi. Otam hujumchi bo‘lgan. O‘zbekiston birinchi ligasida yaxshi o‘ynaganini aytishadi. Faoliyatini jarohat tufayli erta tugatgan. Ilhom amakim “Nasaf” bilan OFK kubogi g‘olibi, “Bunyodkor”da O‘zbekiston kubogi sohibi bo‘lgan. Men olti yoshimdan shug‘ullanishni istaganman, lekin mashg‘ulotga birinchi sinfdan olishgan. Bir yil kutishga to‘g‘ri kelgan. 12 yoshimda “Mash’al” akademiyasiga qabul qilishdi. Bu O‘zbekistondagi birinchi raqamli akademiya.
- “Chelsi”ga qachon mehr qo‘ygansan?
- Aniq bilmayman. Bolaligimda “Chelsi”ni formasini olib berishgan. O‘shanday boshlangan bo‘lsa kerak. Fernando Torres va Drogbaning o‘yini yoqardi.
- O‘zbekistonda Rivaldo bilan etaklashib maydonga tushgan ekansan.
- Men “Mash’al” akademiyasida o‘ynab yurgan paytlarimda, Ilhom amakim asosiy tarkib hujumchisi edi. Men doim uning qo‘lidan ushlab maydonga birga chiqardim. Bir marta biz “Bunyodkor” futbolchilari bilan chiqadigan bo‘ldik. Jamoa o‘shanda “Quruvchi” deb nomlanardi. Bizga futbolchilarni oldiga borishni aytishdi. Men faqat Rivaldo bilan chiqishni istagandim. U menga qo‘lini uzatganda rosa hayajonlanganim esimda.
- O‘zbekiston terma jamoasidan Italiyaga uchib ketding. Keyingi gal kelganingda “Jenoa” futbolkasidan nechta olib kelasan?
- Buni tasavvur qilolmayman. Katta sumkani to‘ldirib kelsam kerak. Lekin hammasi qanday o‘yin ko‘rsatishimga bog‘liq. Yaxshi o‘ynasam bitta chemodan etmaydi. Bo‘lmasa, mening futbolkam hech kimga kerakmas.
Fikrlar