
"So‘g‘diyona" bosh murabbiyi: Karachikka bog‘lanib qolganligi "Bunyodkor"ning xatosi!
“So‘g‘diyona-W” hamda “Bunyodkor-W” o‘rtasidagi O‘zbekiston Superkubogi uchrashuvi oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanining ikkinchi qismida “So‘g‘diyona-W” bosh murabbiyi Sherali Boboqulov hamda jamoa etakchilari – Tanzilya Zarbieva va Diyora Xabibullaeva ishtirok etdi. Dastlab, bosh murabbiy o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi:
"Barchani kirib kelayotgan Navro‘z bayrami bilan tabriklayman. Ertaga Superkubok uchrashuvi bilan ayollar futbolida ham yangi mavsum start oladi. Superkubok — o‘tgan yilgi natijalarimizning yig‘indisi desa ham bo‘ladi. Ertangi bellashuvga munosib tayyorgarlik ko‘rdik, deb hisoblaymiz. Jamoamiz yildan yilga maqsadlarni kuchaytirib bormoqda. Bo‘lajak uchrashuvda ham faqat g‘alaba uchun maydonga chiqamiz.
O‘tgan mavsum jamoamiz safida to‘p tepgan legionerlar bizni tark etishdi. Boisi, ularning shartnomasi tugagan edi. Rejaga ko‘ra, Fuseina Mumuni bilan bitimni uzaytirishimiz kerak edi, lekin viza bilan bog‘liq muammo sabab, uni ro‘yxatdan o‘tkaza olmadik. Selektsiya ishlarini asosan mahalliy futbolchilar bilan olib bordik. 9 nafar futbolchi jamoani tark etgan bo‘lsa, xuddi shuncha yangi futbolchilarni jalb qildik. Jumladan, ikki nafar Gruziya terma jamoasi a’zosini jamoamizga jalb qildik. Ertangi bellashuvda, butun mavsum davomida ushbu bo‘shliqni qay darajada to‘ldira olganimizga guvoh bo‘lasizlar. Bosh murabbiy sifatida jamoam tarkibidan qoniqish hosil qildim.
O‘tgan yilgi tarkib barcha musobaqalarda g‘olib bo‘ldi. Joriy mavsum Nozima Kamoltoeva, Shahnoza Qurbonova, Dildora Ergasheva, Feruza Boboxo‘jaeva, Nigora Uzganova, Sarvinoz Komiljonova va ikki nafar legionerni tarkibga jalb qildik. Ushbu qizlarni biz 2-3 yildan buyon kuzatib kelamiz. Hattoki, ularning shartnomasi tugashini ham kutdik. O‘ylashimcha, bu yilgi tarkib o‘tgan mavsumdagi tarkibimizdan kuchli bo‘lishi mumkin, lekin kuchsiz emas.
“So‘g‘diyona-W” tashkil etilganiga 5 yil bo‘ldi. Shunga mos tarzda natijalarimizni ham “5” qilishga harakat qilamiz. Xabibullaevaning shartnomasi tugamagan edi va klub rahbariyati bilan kelishgan holda, uning xizmatlaridan Osiyo chempionatida ham foydalanishga qaror qildik.
Jizzaxda xalqaro turnir o‘tkazish rejasi bor. Ilk bor 2019 yilda tashkil etilgan bo‘lsa, keying yillarda pandemiya bois, musobaqa o‘tkazilmadi. Taqvimda bo‘sh kunlar topilsa, albatta ushbu turnirni o‘tkazamiz.
Qozog‘istonning tajribali “BIIK-Kazigurt” va “Tomiris-Turon” jamoalari bilan bu borada muzokaralar o‘tkazilgan. Ushbu jamoalar UEFA bayrog‘i ostida o‘tadigan turnirlarda qo‘shnilarimiz sharafini himoya qilishadi. FIFA kunlaridan foydalanib, Osiyo chempionati oldidan mazkur turnirni o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
“Bunyodkor-W”ga finalda Karachik etishmadi? “Bunyodkor-W” murabbiyining fikrini hurmat qilish kerak. Agarda, jamoa faqat Karachikka bog‘lanib qolgan bo‘lsa, bu ularning muammosi. Bizning jamoamiz bitta futbolchidan tashkil topmagan. Almashtirib bo‘lmaydigan futbolchi yo‘q. Bo‘lajak uchrashuvda Lyudmilaning o‘ynashi bizga qo‘shimcha motivatsiya beradi. U iqtidorli, kuchli futbolchi. Bizda ham o‘ziga xos syurpriz bor, buni ertaga ko‘ramiz".
Tanzilya Zarbieva: Biz ushbu bellashuvga puxta tayyorgarlik ko‘rdik. Jamoamiz hech qachon Superkubokni qo‘lga kiritmagan. Shu bois, faqat g‘alaba uchun Toshkentga keldik.
Diyora Xabibullaeva: “So‘g‘diyona-W” tashkil etilganiga endigina 5 yil bo‘ldi. Jamoa hali Superkubokda g‘alaba qozonmagan. Mavsumni g‘alaba bilan boshlab, oxirigacha shu ruhda davom etishga harakat qilamiz.
Yangi kelganlar bilan tezda chiqishib ketdik, deya olaman. Ular bilan maydonda ham, uning tashqarisida ham til topishdik. O‘tgan yilgi legionerlarga nisbatan, hozirgilar bilan munosabatlarimiz yaxshi.
To‘purarlik? Ketma-ket ikki mavsum Oliy liganing eng yaxshi to‘purari bo‘ldim. Bu darajaga chiqish qiyin, ammo uni saqlab turish, undan ham qiyin. Jamoam bilan yana chempion bo‘lishni, Osiyo chempionatida munosib ishtirok etib, to‘purar bo‘lishga harakat qilaman.
Xorij klublaridan jiddiy qiziqishlar bo‘lgani rost. Klub bilan kelishuvim 2022 yil so‘nggiga qadar mo‘ljallangan edi. Shu bois, Jizzaxda qolishga qaror qildim".
O‘zPFL matbuot xizmati
Fikrlar