
"So‘g‘diyona" OFK Kubogi yo‘llanmasini kutmaganmidi? Klubning noqulay raqibi qaysi? Yoxud Luka Chermel golini kimga bag‘ishladi?
Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubi Superliganing 3-turida safarda “Neftchi”ga qarshi muhim o‘yinni o‘tkazganidan xabaringiz bor. Ulug‘bek Baqoev jamoasi ushbu uchrashuvda muxlislarini xursand qilgan holda safarda 1:2 hisobida g‘alaba qozonib, qimmatli uch ochko bilan qaytdi.
Bu klub chempionatni “Bunyodkor”ga qarshi durang bilan boshlagandi. Keyin o‘z uyida “Dinamo”ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. So‘ngra, “Neftchi” maydonida ham g‘olib chiqishning uddasidan chiqdi. Demak, jamoa o‘z o‘yinini topib boryapti.
O‘tgan mavsumdan buyon “So‘g‘diyona” sharafini munosib himoya qilib kelayotgan serbiyalik himoyachi Luka Chermel jamoasining g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi. 27 yoshli legioner 38-daqiqada raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Qolavera, u uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etildi.
Chermel o‘tgan yildan beri “So‘g‘diyona” tarkibida to‘p surib kelyapti. “Mavsum-2021”da Superliganing barcha – 26 ta o‘yinida maydonda to‘p surdi va bir bor gol muallifiga ham aylangandi. Ko‘rib turibsizki, Luka bu yil ham himoyachi bo‘lishiga qaramasdan yana gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Shu bilan birga “So‘g‘diyona” OFK Kubogida ham ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Luka Chermel “Neftchi” bilan o‘yindagi g‘alaba, jamoasining maqsadlari, OFK Kubogida ishtirok etishi va goli haqida Sports.uz muxbiring savollariga javob qaytardi.
- Luka, siz va jamoangizni muhim g‘alaba bilan tabriklayman. Ayting-chi, uchrashuv borasida nimalarni ayta olasiz?
- Juda murakkab o‘yin bo‘ldi. Birinchi bo‘lim bizning, ikkinchi bo‘lim esa ularning ustunligi ostida o‘tdi. Lekin biz g‘alaba qozondik va bu juda muhim.
- Ushbu uchrashuvda raqib darvozasini ishg‘ol qildingiz va shu orqali joriy chempionatdagi gollaringiz hisobini ochdingiz. O‘yindan avval “Neftchi” darvozasiga gol urishingizni kutganmidingiz?
- O‘yindan oldin ham ko‘pchilik jamoadoshlarim gol kiritishim mumkinligini kutishgandi. Gol urganimdan albatta mamnunman, ammo asosiysi, jamoaning g‘alabasidir.
- Luka, “Neftchi” darvozasiga urgan golingizni kimga bag‘ishladingiz?
- Golimni o‘z o‘g‘lim Mateoga bag‘ishladim, u 6 yoshda.
- “So‘g‘diyona” klubi bu yil OFK Kubogida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Bu hol jamoa uchun kutilmagan vaziyat bo‘ldimi?
- Albatta, shunday bo‘lishini kutmagandik. Biroq ko‘nglimizning bir chetida shunday ilinj yo‘q emasdi. Biz uchun qanday jamoa ekanligimizni chetda ham namoyish etish muhim ahamiyat kasb etadi.
- “Nasaf”ning OChL pley-offdagi o‘yinini ko‘rdingizmi?
- Albatta, bunga ishonch hosil qilgandik. Aks holda o‘tgan mavsumda yuqori o‘rinlardan birini egallay olmagan bo‘lardik. O‘tgan yili buni raqobatchilar ham kutishmgan.
- Bilsangiz kerak, qarshiliklar o‘tgan yili OFK Kubogi finaligacha etib borishgan. “So‘g‘diyona” ham o‘sha natijani takrorlay oladi, deb o‘ylaysizmi?
- Maqsad – turnirda imkon qadar uzoqqa etib borishdir va men o‘ylaymanki, yaxshi o‘yin ko‘rsatgan holda uzoqqa borishimiz mumkin. Lekin maqsad sari qadamba-qadam boriladi.
- Shuningdek, jamoangiz bilan 2021 yilgi mavsumda Superligada 2-o‘rinni qo‘lga kiritdinglar. Bu safar ham o‘sha natijani qaytarish niyatidamisizlar yoki chempionlikka klubning qurbi etadimi?
- Umid qilamanki, yanada yuqori maqsad sari intilishimiz mumkin. Zero, maqsad faqat bu bilan chegaralanib qolmaydi.
- Ayting-chi, “So‘g‘diyona” uchun noqulay raqib qaysi?
- O‘tgan yili mana shunday raqib “Nasaf” bo‘lgandi. Bu yil ham shu holat takrorlanishiga ishonaman.
Fikrlar