“Spartak”ning eng qimmat futbolchisi ketishiga O‘runov sababchimi?

  • 07.09.2020 00:05
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

Moskvaning “Spartak” klubi tarixidagi eng katta transfer sohibi – niderlandiyalik Gus Til Germaniya chempionatida ishtirok etuvchi “Frayburg” jamoasiga ijaraga yuborilganini rasman e’lon qildi.

Ayni paytda aksariyat ekspertlar Rossiya chempionatiga yulduz sifatida olib kelingan iste’dodli futbolchining o‘zini ko‘rsata olmay qolganini tahlil qilishga e’tibor qaratmoqda. Biz uchun eng muhim ahamiyatga ega jihati, Gus Til “Spartak”ga yangi taklif etilgan Oston O‘runovning raqobatchisi hisoblanar edi.

Rossiya premer-ligasining oltinchi turida jarohatlangan Gus Til o‘rniga, aynan hamyurtimizning maydonga tushgani ham bu ikki jamoadosh ichki raqobatchi ekanidan dalolat beradi.

urunov-spartak-withball

Aslida Gus avvalgi bosh murabbiy Oleg Kononov istagiga ko‘ra, Gollandiya chempionatidan 18 million evro va turli bonuslar evaziga olib kelingan edi. Kononov qo‘llagan taktikaga Tilning o‘yin uslubi juda mos kelardi. Biroq, keyinchalik jamoa o‘yinida pasayish kuzatilib, bosh murabbiylik Domeniko Tedeskoga topshirilganidan keyin Gusning ham “ketmoni uchmay qoldi”.

Ayniqsa, yangi mavsumda u uchta uchrashuvda jami 14 daqiqa harakat qildi, xolos. Shunda ham jarohat olib, uch haftaga safdan chiqdi.

Yulduz sifatida kelgan futbolchining zaxiraga o‘tirib qolishi Gusning o‘yin uslubi bosh murabbiyning taktik sxemasiga mos tushmasligi bilan izohlanmoqda. Tedeskoning g‘oyalarini maydonda ro‘yobga chiqarish uchun jamoa qarshi hujumlarda tezkor, driblingga usta, yakkakurashlarda engilmaydigan, pressing qilishga qodir yarim himoyachiga ehtiyoj katta bo‘lyapti. Buni asosan Zelimxan Bakaev uddalayapti. O‘zbekistonlik legioner Oston O‘runov ham aynan shu usulda o‘ynaydigan yarim himoyachilar toifasiga mansub. Qolaversa, hamyurtimizda himoyalanish qobiliyati ham yaxshi shakllangan va kreativ o‘yin namoyish qila oladi.

Mutaxassislar niderlandiyalik futbolchi “Spartak”da vujudga kelgan raqobatga dosh berolmaganini ta’kidlayapti. U ichki raqobatda Zelimxan Bakaev, Jordan Larsson, Roman Zobnin, Oston O‘runov va  Maksim Glushenkov bilan kurashishi talab etilardi.

Albatta, qimmatbaho futbolchini zaxirada o‘tirib, zo‘rligini isbotlashi muayyan vaqt talab etadi. Bu katta xarajat qilib qo‘ygan klubga ham, sobiq hamkasbining taktikasidan voz kechgan bosh murabbiy va mo‘may maosh oladigan futbolchining o‘ziga ham ortiqcha bosim bo‘ladi. Tomonlar uchun eng yaxshi echim sifatida o‘yinchini o‘ziga mos chempionatga o‘tkazib yuborishga qaror qilindi. Unga takliflar etarlicha bo‘ldi va Gus vataniga qaytishdan ko‘ra, Germaniyaga yo‘l olishni ma’qul topdi. “Frayburg” Gusni bir mavsum ijara asosida o‘ynatadi. Ma’qul kelsa, kelishuv yana bir yilga uzaytiriladi. Shuningdek, nemislarda futbolchini sotib olish huquqi ham qoladi.

- Til bizda o‘ynay olmayotgan edi. U yuqori darajali futbolchi. Uni olib o‘tirishdan hech kimga foyda yo‘q, degan qarorga keldik, - dedi “Spartak” bosh direktori Shamil Gazizov.

- Bundesligada futbol ancha tezkor. Bu mening uslubimga mos keladi. Shuning uchun ham “Frayburg” taklifini uzoq o‘ylab o‘tirishga hojat qolmadi, - dedi Gus Tilning o‘zi.

1599021061_til2

Futbolchining agenti Fulko van Kuperen ham bosh murabbiy Domeniko Tedesko Gus o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi uchun ketishi kerakligini aytganini ma’lum qildi.

Shu o‘rinda Oston O‘runovning “Spartak”dagi raqobatda imkoniyatlari haqida nima deyish mumkin?

Garchi o‘zbek futbolchisi Rossiya chempionatida kam uchrashuv o‘tkazgan bo‘lsa-da, bu muddat ichida u   o‘yinidagi kuchli jihatlarni ko‘rsatishga erishdi. Ostonning kurashuvchanligi, tezkorligi, driblingi, zarba berishga va hujumga intilishi va bu jarayonlarga kreativ yondashib, kutilmagan harakatlarni qo‘llashi ekspert nazarini o‘ziga tortmoqda.

Eng muhimi, O‘runov “Spartak”ning etakchi yarim himoyachilari va o‘z raqobatchilarining kuchli jihatlarini o‘z o‘yin uslubida mujassam eta olgan. Xususan, Zelimxan Bakaevning tezligi va driblingi, Roman Zobninning yakkakurashlardagi kurashuvchanligi, o‘z vaqtida “Spartak” etakchilaridan bo‘lgan Denis Glushakovning mehnatkashligi va kuchli zarbasini birgina Ostonning o‘yinidan topish mumkin.

urunov-spartak-withball2

O‘runovning  o‘yin uslubi turli taktikalarni yaxshi ko‘radigan Domeniko Tedeskoga bir uchrashuv davomida turli sxemalarni qo‘llash imkonini beradi. Shu bois, mutaxassislar o‘zbek futbolchisi Gus Tilning o‘rnini bemalol bosa olishini ta’kidlashmoqda. Qolaversa, “Spartak”ning asosiy ikki transferi – Oston O‘runov va Aleksandr Kokorin jamoaning himoyadan hujumga o‘tish tezligini ta’minlovchi futbolchilar sifatida olib kelingan.

Eldor, Jasur va Oston bosh sovrin uchun kurashadi

Shomurodov, Jaloliddinov va O‘runovga Evropa eshigi ochiladimi?

O‘runovning o‘yinini o‘zgartirmang!

 O‘runov uning yo‘qligini bildirmaydi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!