Superliga. Birinchi davraning so‘nggi turi boshlanyapti. Bizni nimalar kutmoqda?

  • 25 iyun, 2024, 08:41
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun Superligada birinchi davraning oxirgi tur o‘yiniga start beriladi va bellashuvlar 28 iyunga qadar davom etadi. Quyida shu xususida to‘xtalamiz.

25 iyun

20:00. “Olimpik” – “Surxon”

13-turni “Olimpik” – “Surxon” bellashuvi boshlab beradi. Yaxshi o‘yin bo‘ladi. Ikkala jamoa ham hujumkor uslubda o‘ynaydi. Shu sababli jamoalaring o‘yin sxemalari bir-biriga o‘xshash. Imkoniyatlar teng va agar durang kuzatilsa ham ajablanmaymiz.

26 iyun

20:00. “Andijon” – “Navbahor”

Mana bu shubhasiz turning markaziy o‘yini hisoblanadi. Vodiy derbisi doirasida o‘tadigan “Andijon” va “Navbahor” klublari o‘rtasidagi uchrashuvni hamma katta qiziqish bilan kutayotgani rost. Andijonliklar 7 ta o‘yindan beri, namanganliklar esa 4 ta bahsdan beri yutolmayapti. “Bobur arena”da haqiqiy jang bo‘ladi. Atmosfera qanday bo‘lishini tasavvur qilish qiyin emas. G‘alaba ikkala jamoaga juda zarur. Bu bahs turning bezagiga aylanishi kutilyapti.

20:00. "Metallurg" – "Nasaf"

Hali g‘alaba nimaligini bilmayotgan “Metallurg” birinchi davrani g‘alabasiz yakunlaydimi yoki 13-turga kelib ilk g‘alabasini qo‘lga kiritadimi? Bilasiz, yaqinda “Metallurg” rahbariyati chernogoriyalik bosh murabbiy Vesko Steshevichni iste’foga chiqarishdi. O‘tgan turda vaqtinchalik bosh murabbiy etib tayinlangan Ilyos Qurbonov boshchiligida ham mag‘lubiyatga uchrashdi. Raqibdan bir futbolchi ko‘p bo‘lgani ham bekobodliklarga qo‘l kelmadi. Navbatdagi raqib “Nasaf” va “Metallurg” uchun yanada og‘ir bo‘ladi. Bekobodliklar birinchi davrani g‘alabasiz yakunlashi ehtimoli ko‘pchilik tomonidan yuqori baholanmoqda. Buni o‘yin kuni ko‘ramiz.

27 iyun

20:00. "Paxtakor" – "Bunyodkor"

Oldin ushbu jamoalar o‘rtasidagi o‘yin shubhasiz barchaning e’tiborida va turning markaziy maqomi ostida o‘tardi. Bugungi kunga kelib esa vaziyat o‘zgardi. “Bunyodkor” oldingidek emas. “Paxtakor” tarkibi yoshargan va hozirda ikkala jamoa ham o‘z darajasida ishtirok eta olmayapti. Bu bahsda Shatskix jamoasi favorit sifatida baholanayotgan bo‘lsa ajab emas. Lekin o‘rtadagi farq u qadar katta emas.

20:00. "Neftchi" – "Lokomotiv"

“Lokomotiv”ga Aleksandr Krestinin bosh murabbiy etib tayinlanganidan keyin uning boshchiligida jamoa ikkita o‘yinda ikkita mag‘lubiyatga uchradi. “Neftchi” ham o‘tgan turda yutqazdi. O‘yin Farg‘onada o‘tadi va tashabbus mezbonlarda ko‘proq bo‘lishi tabiiy. Lekin bu yilgi chempionatda kutilmagan natijalar ko‘p bo‘lyapti. Etakchilarning ochko yo‘qotishiga ko‘nikib ketganmiz. Agar Krestinin boshqacha reja o‘ylab topmasa Farg‘onadan ham quruq qo‘l bilan qaytishi mumkin.

28 iyun

20:00. "Qizilqum" – OKMK

Musobaqa peshqadami bo‘lib turgan OKMK 10 ta turdan beri g‘alaba qozona olmayotgan “Qizilqum”ga qarshi maydonga tushadi. Navoiyliklar o‘tgan turda Namanganda “Navbahor” bilan 0:0 hisobida durang o‘ynaganini yaxshi bilasiz. Bu Jamshid Saidov jamoasi uchun ijobiy natija. OKMK bilan bellashuvda “Qizilqum” g‘alaba uchun bor kuchini ishga solishi shubhasiz. Ammo Qosimov jamoasi o‘z o‘yinini topib oldi. Bu bahsda ikkala jamoaga ham oson bo‘lmaydi. Balki birinchi gol urgan jamoa yutib ketishi ham mumkin.

20:00. "So‘g‘diyona" – "Dinamo"

Bungacha uy o‘yinlarini Jizzaxda o‘tkazgan “Dinamo” endi u erga mehmon jamoa sifatida boradi. Qiziqarli uchrashuv bo‘lishi aniq. “So‘g‘diyona” natija uchun o‘ynashni yaxshi biladi. Lekin Vadim Abramov jamoasining ko‘rsatayotgan o‘yini ko‘pchilkka yoqyapti. Juda qiziqarli o‘yin guvohiga aylanishimiz tabiiy. Hozircha imkoniyatlar teng.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!