"Surxon" uzoq yillik qora an’anani buzdi, "So‘g‘diyona" esa...yoxud Superliganing 8-turidan keyingi qiziqarli faktlar
Coca-Cola Superligasining ortda qolgan 8-turi joriy mavsumdagi eng sermahsuli bo‘ldi: 7 uchrashuvda darvozalarga jami 18 ta gol kiritildi. Bundan oldingi rekord 6-turda qayd etilgan edi — 16 gol.
Ushbu turda mezbonlar g‘alaba qozona olmadi: 3 durang va 4 mag‘lubiyat.
Tur doirasidan o‘rin olgan 7 bellashuvning to‘rttasida gollar 90+ daqiqada kiritildi. Ulardan 3 tasi qo‘shimcha daqiqada gol kiritgan jamoaga ochko keltirdi (“Dinamo” – “Navbahor”, “Lokomotiv” – “Qo‘qon-1912”, “Paxtakor” – “Surxon”).
Oybek Bozorov (“Nasaf”) va Oliver Sharkich (“Paxtakor”) joriy mavsumda birinchi bor dublga erishdi.
8-tur bahslarida jami 3 ta qizil va 43 bor sariq kartochka ko‘rsatildi. Shulardan 4 tasi (sariq kartochka) jamoalarning rasmiy shaxslariga ko‘rsatildi.
“Surxon” “Paxtakor” stadionida mezbonlardan 10 273 kun deganda ochko oldi. “Uchar tulporlar” “sherlarni” poytaxtda so‘nggi bor 1994 yil 27 mart sanasida mag‘lub etgan.
Coca-Cola Superligasida “So‘g‘diyona” o‘z maydonida 608 kundan buyon mag‘lub bo‘lmay kelayotgan edi. Jizzaxliklar so‘nggi bor 2020 yil 11 sentyabrda “Mash’al”ga imkoniyatni boy berishgan (0:1).
O‘zPFL matbuot xizmati.

Fikrlar