Tekin-ku olaver! "Chelsi" Enco Fernandez o‘rniga o‘yinchi topib berishdi
«Chelsi» klubi ishsiz yurgan yarim himoyachi Iv Bissuma bilan shartnoma imzolash taklifini olgan. U yozda «Tottenxem» bilan shartnomasi tugagach, erkin agentga aylangan edi.
London klubi Enzo Fernandezning transferi ortidan markaziy zonada kuchaytirish variantlarini izlamoqda. Eslatib o'tamiz, argentinalik futbolchi transfer oynasi yakunlanish arafasida 125 million funt evaziga «Manchester Siti»ga o'tgandi.
«Chelsi» avvalroq «Monako» yarim himoyachisi Lamin Kamaraga jiddiy qiziqish bildirgan, klublar hatto bitim shartlarini kelishib ham qo'ygan edi. Biroq fransuz jamoasi so'nggi daqiqada o'z qarorini o'zgartirdi va futbolchini sotmaslikka qaror qildi. Bu qarorga Folarin Balogunning «Everton»ga o'tishi amalga oshmay qolgani ham ta'sir ko'rsatgani aytilmoqda. Natijada ham Kamara, ham Balogun «Monako» tarkibida qoldi.
Angliyada transfer oynasi yopilgani sababli, «Chelsi» uchun yanvargacha tarkibni kuchaytirishning yagona yo'li – erkin agent maqomiga ega futbolchi bilan shartnoma tuzishdir. Shu hafta boshida klubga 35 yoshli Jorjin'yo Veynaldum nomzodi ham taklif qilingan, u yaqinda Saudiyaning «Al-Ettifoq» jamoasini tark etgan edi. Biroq «Chelsi» bu variantdan voz kechgan. Insayder Fabrizio Romano ma'lumoticha, Veynaldumning «Stamford Brij»ga kelishi masalasi kun tartibida emas.
Manbalarga ko'ra, Bissuma bir yillik shartnoma va uni uzaytirish imkoniyatiga ega kelishuvni ko'rib chiqmoqda. Uning o'zi Angliya Premyer-ligasida qolishni afzal ko'radi, ammo unga «Ayaks» va «Monako» klublari ham qiziqish bildirmoqda. Shu bilan birga, Kamara yanvar yoki yozgi transfer oynasi uchun «Chelsi»ning ehtimoliy nomzodlari ro'yxatida qolmoqda. U bilan bir qatorda, «Bornmut» yarim himoyachisi Aleks Skott va «Kristal Pэlas» futbolchisi Adam Uorton ham klub skautlari diqqat markazida turibdi.

Fikrlar