Terma jamoa futbolchisi 15 oʻyingacha diskvalifikatsiya qilinadi
Urugvay terma jamoasi a’zosi Agustin Kanobbio Ispaniyaga qarshi o‘yinda maydondan chetlatilgandan so‘ng hakamga jismoniy ta’sir ko‘rsatgani uchun uzoq muddatga diskvalifikatsiya qilinishi mumkin.
Jahon chempionati guruh bosqichi 3-turidan o‘rin olgan Urugvay – Ispaniya (0:1) uchrashuvining 90+4-daqiqasida Kanobbio raqibga nisbatan qo‘pol o‘yin uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka oldi. Shundan so‘ng u bosh hakam Ismoil Elfatni turtib yubordi.
FIFAning intizomiy reglamenti 14-moddasiga ko‘ra, rasmiy shaxslarga nisbatan sodir etilgan qoidabuzarliklar uchun bir nechta darajada jazo choralar belgilangan. Sportga xos bo‘lmagan xulq-atvor kamida to‘rtta o‘yingacha diskvalifikatsiya yoki ma’lum muddatga maydondan chetlatish bilan jazolanadi.
Hakamni qo‘rqitish yoki tahdid qilish kamida o‘nta o‘yingacha diskvalifikatsiyani nazarda tutadi. Hakamga hujum qilish – shu jumladan tirsak, musht, oyoq bilan urish, tishlash yoki tuflash – kamida o‘n beshta o‘yingacha maydondan chetlatish bilan jazolanadi.
Yakuniy qaror Kanobbioning harakatlari rasmiy raportlarda qanday qayd etilishi va FIFA intizomiy qo‘mitasi ularga qanday baho berishiga bog‘liq bo‘ladi.

Fikrlar