Tezkor! Fayzullaevga Italiyaning mashhur jamoasi xaridor!
O‘zbek futbolining eng iqtidorli tarbiyalanuvchilaridan biri Abbosbek Fayzullaev har qanday chempionat va musobaqada o‘ynay olishini ko‘rsatib kelmoqda.
20 yoshli futbolchimiz O‘zbekistonning turli terma jamoalari safida xalqaro maydondagi qit’a va jahon miqyosidagi musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda.

Shuningdek, legioner sifatidagi ilk mavsumidayoq Rossiya Premer-ligasi va mamlakat kubogi o‘yinlarida mahorat ko‘rsatyapti. Mavsumning asosiy kashfiyoti sifatida e’tirof etilayotgan Fayzullaev Evropaning kuchli ligalariga o‘tish uchun asosiy da’vogarlardan hisoblanadi.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, o‘zbek futbolchisiga Italiyaning eng qadimiy jamoalaridan biri “Parma” qiziqish bildirmoqda. Ushbu klub 1913 yilda tashkil etilgan va katta tarixga ega, Italiya futbolida o‘z o‘rni bor jamoalardan hisoblanadi.
“Parma” faoliyatini yoritib borayotgan parmalive.com sayti eksperti Juzeppe Emanuele Frizone ushbu jamoa o‘zbek futbolchisini kuzata boshlagani haqida ma’lumot tarqatdi.
- A Seriyaga chiqish uchun kurashni davom ettirayotgan “Parma” hozirdan tarkibni kuchaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Manbalarning ta’kidlashicha, klub Markaziy Osiyoning yulduz darajadagi o‘yinchisini kuzatuvga olgan. Bu Abbosbek Fayzullaev.
Abbos texnikasi kuchli pleymeyker va yosh hujumchi sifatida Moskvaning TsSKA jamoasi sharafini himoya qilyapti. Bu futbolchi ayniqsa, gollarga assistent sifatida samarali o‘ynamoqda.
Hujumkor o‘zbek futbolchisi o‘z qit’asining eng salohiyatli yosh o‘yinchilaridan hisoblanadi va so‘nggi oylarda unga “Bavari” qiziqish bildirayotgani haqida ma’lumotlar chiqarilmoqda, - deb yozdi Juzeppe Emanuele Frizone.
“Parma” ayni paytda V Seriyada ishtirok etmoqda. Parmaliklar 33-turdan so‘ng, 69 ochko bilan musobaqa jadvalida peshqadam bo‘lib turibdi. Bu jamoa eng yaqin ta’qibchisi “Komo”dan besh ochkoga o‘zib ketgan.

Abbosbek Fayzullaev kuni kecha Rossiya kubogi yarim finalida “Baltika” darvozasini ishg‘ol qilib, TsSKAni finalga olib chiqdi. Legionerimiz TsSKA safida jami 25 ta o‘yinda qatnashib, to‘rtta gol va 11 ta assist qayd etgan.
Transfermarkt portali “armiyachilar” bilan 2026 yilning yarmigacha davom etadigan shartnomaga ega futbolchimizni 5 million evroga baholamoqda.

Fikrlar