To‘yida "krossovka" kiygan, pazandalikka qiziquvchi yurist yoxud Rustam Ashurmatovning turmush o‘rtog‘i bilan intervyu

  • 22 noyabr, 2021, 18:49
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

SPORTS.uz saytida yangi loyiha! Bungacha o‘zbek va xorij sportining mashhur vakillari bilan intervyular uyushtirgan saytimiz endi sportchilarimizning turmush o‘rtoqlarini suhbatga tortmoqda. Bizning birinchi mehmonimiz O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Janubiy Koreyaning "Kanvon" klubi himoyachisi Rustam Ashurmatovning ayoli - Parizod Ashurmatova.

Assalomu alaykum! Asosiy savollarga o‘tishdan oldin o‘zingiz haqingizda qisqacha to‘xtalib o‘tsangiz.

Assalomu alaykum. Ismim Parizod, yoshim 22 da. Toshkent davlat yuridik universitetini bu yil bitirdim. Hozirda uy bekasiman, turmush o‘rtog‘im bilan Janubiy Koreya Respublikasida yashaymiz.

Turmush o‘rtog‘ingiz bilan qanday tanishgansiz?

Turmush o‘rtog‘im bilan sovchilar orqali tanishib, turmush qurganmiz.

To‘yingizda sport poyabzali (krossovka) kiygansiz. Bu fikr qanday paydo bo‘lgan? Bu voqeadan tashqari aynan to‘yingiz kuni yana qandaydir qiziqarli voqea bo‘lganmi?

Krossovka haqida gapiradigan bo‘lsam, bu fikr o‘zimdan chiqqan. Turmush o‘rtog‘imni tanimasimdan oldin ham to‘yimda krossovka kiyaman, deb o‘ylar edim. Lekin butun to‘y davomida unda yurmaganman. Uydan kiyib chiqib, aylanishga borguncha kiyganman. Undan keyin fotosessiya boshlanayotganida oyog‘imga 20sm balandlikdagi poshnali tufli kiyganman. To‘yxonada ham tuflida bo‘lganman. Aksariyat kelinlar aylanish va ungacha poshna tufayli oyoqlari og‘rib ketganini ko‘rganman. Undan tashqari, bu futbolchining ayoliga mos bo‘lgan. Qiziq voqeaga kelsak, bilmadim. Balki esimda yo‘qdir. O‘sha payt men uchun hammasi go‘zal edi, kayfiyatim ham juda zo‘r bo‘lgan. To‘yim orzuyimdagidek juda chiroyli o‘tgan.

Ko‘rgan zahotim futbolchining ayoliga xos tanlov bo‘libdi, degan fikr mening ham xayolimga kelgandi.

Bu fikr turmush o‘rtog‘imga ham yoqqan.

O‘zingiz futbolga qiziqasizmi? Muntazam tomosha qilib turasizmi yoki faqat turmush o‘rtog‘ingizning o‘yinlarini ko‘rasizmi?

Turmush o‘rtog‘imni tanimagunimcha, futbolga qiziqmaganman. To‘g‘risini aytsam, o‘qishimdan ortsamgina faqat "Real" Madridning o‘yinlarini ko‘rib turardim, xolos. O‘zbek futbolini umuman bilmasdim. Odil Ahmedovdan boshqa futbolchi ismini eshitmagandim, hatto. Turmush o‘rtog‘imni ham tanimasdim. Hozirda futbol ishqibozi bo‘lib ketganman. Futbolni ancha-muncha tushunib qoldim. Tanishganimizdan beri xo‘jayinimning birorta o‘yinini o‘tkazib yubormasdan, tomosha qilib kelaman. Hatto, universitetdagi oraliq nazorat vaqtlari ham darsimni yig‘ishtirib, o‘yinlarini ko‘rardim. Xo‘jayinimning o‘yinlaridan tashqari ular bilan birgalikda o‘zbek futbolini tomosha qilib turaman. Ba’zida, tog‘ajonimizning jamoasi ishtirokidagi bellashuvni (Baxtiyor Ashurmatov, "Qo‘qon-1912") va yana boshqa uchrashuvlarni tomosha qilaman. Turmush o‘rtog‘im iloji boricha vaqt topib, o‘zbek futbolini ko‘radi va do‘stlari yoki tog‘ajonimizning klubiga muxlislik qiladi. Men ham ularga qo‘shilaman. Ba’zan birgalikda muhokama qilamiz. Chunki hozir futbolni ancha tushunaman.

22708821_515292392168918_7465710783259738112_n

Turmush o‘rtog‘ingizning o‘yinlarini ko‘rish uchun stadionga borib turasiz. Ba’zida borolmay qolgan paytlaringiz ham bo‘lsa kerak. Yoki hamma uchrashuvlarini stadiondan kuzatib borasizmi?

Yo‘q, afsuski hamma o‘yinlarini borib, jonli ko‘ra olmayman. Koreyada, faqat o‘zimiz istiqomat qiladigan shaharda bo‘lgan o‘yinlarga boraman, xolos. Turmush o‘rtog‘imning jamoasi mezbon bo‘lganidagina boraman. Boshqa shaharga mehmon sifatida ketishsa, uyda qolaman. Chunki bu er boshqa davlat, hamma shaharni ham bilmayman. O‘zim topib bora olsam ham turmush o‘rtog‘im xavotir olib, ruxsat bermaydi. "Xayolim sizda bo‘lib qoladi. Etib keldimikan, keta oldimikan, deb xavotir olaman",-deydi. Shuning uchun, qolgan bellashuvlarni koreys telekanallaridan kuzataman.

Bora olmagan o‘yinlaringizda ichingizdan qanday hissiyotlar o‘tadi?

Albatta, jonli ko‘rib, muxlislik qilgan boshqacha. Hamma o‘yinlarini jonli tomosha qilishni xohlardim. Kelajakda, balki yanayam kattaroq bo‘lsam, turmush o‘rtog‘im ruxsat bersa, iloji boricha qolgan o‘yinlariga ham borishni istayman. Hozir bahs uzoqda bo‘lsa, ming karra ko‘proq asabiylashaman.

Hozirda koreys tilini o‘rganyapsiz. Bu jarayon qay darajada ketmoqda? Qiyinchilik tug‘dirmayaptimi?

Ha, koreys tilini o‘rganmoqdaman. Jarayon yaxshi ammo qiyinlashib boryapti. Lekin men uchun bu u qadar qiyin ham emas. Til o‘rganishga o‘zim qiziqaman, xotiram ham yaxshi. Koreyslar bilan ingliz tilida muloqot qilaman. Ular inglizchani o‘rta darajada tushunishadi, amallab javob berishadi. Sekin-asta koreys so‘zlarini qo‘shib gapirishni boshlayapman. Agar ingliz tilini bilishmasa, "perevodchik" yordamga keladi. Koreys tilidan tashqari rus tilini mukammal bilaman, ingliz va turk tilini bilaman, tushunaman va gaplasha olaman.

Futbolchilar ko‘p safarda bo‘ladi. Shu paytda sizda qanday xayollar bo‘ladi? Yolg‘iz qolib ketishdan qo‘rqmaysizmi?

To‘g‘ri, ular juda ko‘p vaqtini safarda o‘tkazadi. Bunday holatlarda ularning ota-onasi, ayoli va farzandlariga oson emas. Lekin bu ularning kasbi. Men buni bilib turib turmushga chiqqanman. Boshida yarim yil viza sababli ular bilan Koreyaga keta olmaganman. Turmush o‘rtog‘imning oldiga borgim kelgan. Yangi kelin bo‘lgan paytim juda ham qiyin bo‘lgan. Hozir ketsa, sabr qilib, g‘alaba bilan, yaxshi kayfiyatda, jarohatlarsiz qaytishini duo qilib o‘tiraman. O‘zimni yolg‘iz his qilaman, chunki oldin hech ham yolg‘iz qolmaganman, oilamdan ajralmaganman. Bir o‘zim yashab ko‘rmaganman lekin qo‘rqmayman, zerikaman, xolos. Turmush o‘rtog‘imsiz uy huvillab qoladi. Bir o‘zim qolsam, uy ishlari, dars bilan mashg‘ul bo‘laman. Ba’zan ko‘chaga aylanishga chiqaman. Shu bilan vaqt ham o‘tadi.

Terma jamoa yig‘ini paytida Toshkentga birga kelasizmi?

Yo‘q. Hech ham o‘zlari bilan olib ketmaydilar. Buni so‘ray olmayman ham. Chunki terma jamoa bilan yig‘inida futbolichilar mehmonxonaga joylashadi. Xayol faqat o‘yinda bo‘lishi uchun oilasiga qo‘yib yuborishmaydi.

ashurmatov rustam1

Nega mutaxassisligingiz bo‘yicha ishlamayapsiz? Turmush o‘rtog‘ingiz ruxsat bermaydimi yoki boshqa sabablar bormi? Umuman olganda, bo‘sh vaqtingizni qanday o‘tkazasiz?

Ha, ishlamayman. Birinchi sabab hozir chet elda yashayapmiz. Turmush o‘rtog‘im ham aynan mutaxassisligim bo‘yicha ishlashimni xohlamaydilar. Chunki hammaga ma’lumki, yurist ayollarning hamkasblari asosan erkaklardan iborat bo‘ladi. Erkak kishi ayolini boqishi kerak, deb hisoblaydilar. Biroq boshqa tinchroq ishda ishlamoqchi bo‘lsam, qarshilik bildirmayman, deydilar. Afsuski, baribir hozir buning ham iloji yo‘q. Bo‘sh vaqtimni uy ishlari, darslarim, turmush o‘rtog‘im ishdan kelishiga biror shirin narsa pishirish bilan o‘tkazaman.

Xobbiyingizga ruxsat berar ekanlar, bu borada nimadir qilishni o‘ylab ko‘rganmisiz?

Ha, rejalarim ko‘p. Turmush o‘rtog‘im bilan tanishishimdan oldin o‘zi xobbiyim qandolat sohasi bo‘lgan. Etarli darajada mijozlarim ham ko‘p edi. Menga shogird tushmoqchi bo‘lganlar ham anchagina bo‘lgan. Oila a’zolarim buni havas, deb o‘ylasa ham o‘qishim bilan birga olib borayotgan edim. Tanishganimizdan so‘ng baribir ketishimiz va undan boshqalarga shirinlik pishirishimni xohlamadi. Lekin kelajakda o‘zimning shirinlik do‘konim bilan restoranim bo‘lishini istashimni aytganimda, ruxsat bergan va kerak bo‘lsa yordam berishini aytgan. Boshqa rejalarim ham yo‘q emas, buni endi kelajakda bilamiz. Allohning buyurgani bo‘ladi.

Menda siz haqingizda juda ijobiy fikr shakllanyapti. O‘zi oldin ham samimiy blog yuritishingizga havasim kelardi.

Rahmat. Yaxshi insonlarga doim yaxshi muomalada bo‘laman. Doim hammaga javob qaytaraman. Shunga yarasha doim hamma yaxshi muomala qiladi. Salomga yarasha alik beraman doim. Yaxshimi, yomonmi doim tilimdagini aytaman. Turmush o‘rtog‘im ham birinchi shu jihatingiz uchun tanlaganman, pismiq insonlarni yoqtirmayman, deb aytgan.

Turmush o‘rtog‘ingiz bilan qanday qiziqarli holatlar bo‘lgan?

Unday voqealar ko‘p bo‘ladi, albatta. Ko‘pi shaxsiy. Ammo har doim bir voqeani eslayman. Biz birinchi marta uyda 5 daqiqa gaplashganmiz, oila a’zolarimiz yonida. Keyin haqiqiy uchrashuvga chiqishga rozilik bildirganimda, o‘qishimdan o‘zlari olib ketgan. Ancha yaxshi chiqishib, gaplashib ketganmiz. Ko‘p jihatlarimiz mos tushavergan va hind filmlarini juda sevib tomosha qilishimni aytganimda, ular men ham shunaqaman, degan. O‘shanda "besh tashlang", deb qo‘limni cho‘zib, darrov qaytarib olganman. Shunchalik yaxshi chiqishib ketganimizdan birinchi uchrashuvimiz ekanligi esimdan chiqib ketgan. Doim kulib eslaymiz.

Futbolchining ayoli bo‘lish qiyin emasmi? Shunday bo‘lsa, bu nimada seziladi?

Bu futbolchilarning ayollari o‘rtasidagi dolzarb mavzu, desam adashmagaman bo‘laman. Albatta, qiyin, kimdan so‘rasangiz ham shunday deydi. Sababi xabaringiz bor, safarga ko‘p ketishadi, futbolni doim birinchi o‘ringa qo‘yishadi. Albatta bu ularning hayot mazmuni, shu orqali oila boqishadi. Futbolchilar doim ham oilaviy yig‘inlarda, bayramlarda qatnasha olmaydi. Hatto, farzandi dunyoga kelgan payti ham o‘yini bo‘lsa, kela olishmaydi. To‘ydan oldin kulib, hazillashardik, to‘yni onlayn qilamizmi, deb.

Bulardan tashqari, har hafta kamida bitta o‘yin bo‘ladi. Yutishsa, yaxshi. Mag‘lub bo‘lishsa, albatta, yomon. Futbol tugaguncha yurak hovuchlab o‘tiraman, yana ham turmush o‘rtog‘im yutqazsa, alamini mendan olmaydi. Siqilyotganini iloji boricha bizga ko‘rsatmaslikka harakat qiladi, lekin biz ayollar ichidan nima o‘tishini shundoq ham bilib turamiz.

Yana eng yomoni jarohatlar. Biroq Rustam akam uchun bu hech nima emas! O‘zi futbolchilar o‘rganib ham ketgan, ammo men buni ko‘rib xavotir olaman. Ba’zan oyog‘ini qayirib olishadi. Eng yomoni shu holatda ham o‘ynashda davom etishadi. Oldin futbolni qiyin kasb, deb bilmasdim ammo qiyin ekan, futbolchi bo‘lish ham qiyin kasb ekan. 

160245525_188140746131408_951266153500015894_n

Xudo xohlasa, farzandlaringizni ham sportchi qilasizmi? Agar unday bo‘lmasa, qaysi kasbga yo‘naltirgan bolardiz?

Hali farzandlarimiz yo‘q. Ammo inshaAlloh bo‘lsa, sportchi bo‘lsa kerak. Otasi futbolchi va uyda doim futbol ko‘rilsa, baribir farzandiga ham o‘tadi, deb o‘ylayman. Ammo o‘zi qiziqmasa, majburlamaymiz, deb o‘ylayman. Agar bizga ma’qul keladigan bo‘lsa, o‘zi xohlagan kasbni tanlashiga ruxsat beramiz, kasbga mehr bermasa, yuksalib bo‘lmaydi.

Rustam Ashurmatovni ayoli 3 ta sifat bilan qanday ta’riflaydi?

Oqko‘ngil, juda mehribon, qo‘li ochiq inson! Juda yaxshi ekanliklaridan qaysini aytishni ham bilmay qoldim!

So‘nggi va hazil savol: Rustam Ashurmatov jamoasi mag‘lub bo‘lgan o‘yinlaridan keyin mashhur kinodagidek tosh oynani izlab, jig‘ibiyron bo‘lmaydimi? O‘zi umuman, bunday hollarda unga qanday yordam berasiz?

Yo‘q, eng jahllari chiqqan holatda ham asabiylashganini ko‘rsatmaydi. Uyga kelguncha asablarni bosishga harakat qiladi. Gapirmay jim bo‘lib qolishi mumkin ammo jahllarini bizga ko‘rsatmaydi. Aksincha, shu erda oilamning ham kayfiyatini tushirmay, deb o‘ylaydi. Shunaqa holatda o‘z holiga qo‘yib yoki boshqa mavzular ochib, kulishib, hazillashishga harakat qilaman, ochiq chehra bilan kutib olaman. Bu safar o‘xshamagan bo‘lsa, keyingisida o‘xshashni aytib, "podderjka" qilishga harakat qilaman. U hamma narsani ichiga yutadigan inson.

Intervyuga rozi bo‘lganingiz uchun rahmat. So‘nggi so‘z o‘rnida o‘z fikrlaringizni bildirsangiz.

To‘g‘risini aytsam, savollar bunaqa ko‘pligini kutmagandim va onlayn intervyu bu darajada qiziq bo‘ladi, deb o‘ylamagandim. Asosiy savollar baribir turmush o‘rtog‘im haqida, deb o‘ylagandim. Aksincha, juda qiziq o‘tdi. Nima deyishimni bilmasam kerak, deb o‘ylagandim. Sizga ham rahmat.

Koreyada stadionga borolmaganman, o‘yinlarini ko‘rishga qo‘rqaman, O‘zbekiston va Koreyadan birini tanlash mushkul - Ikrom Aliboevning turmush o‘rtog‘i bilan intervyu

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!