
"Turon" bu borada Superligadagi yagona jamoa
25-28 iyun kunlari Superligada 11-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Bellashuvlar murosasiz kechdi.
"So‘g‘diyona" Jizzaxda "Lokomotiv" bilan kuch sinashdi. Muxlislar ajoyib uchrashuv shohidiga aylanishdi. O‘yinda goldan tashqari hamma narsa bor edi. Ammo darvozalarga yo‘l topilmadi.
"Navbahor" Bekobodda 0:2 hisobida imkoniyatni boy berayotgandi, yakunda kambek qilib durangga erishdi. "Nasaf" safarda "Qo‘qon-1912"ni taslim etdi. Oxirgi paytlarda yaxshi natijalarni qo‘lga kiritayotgan "Qizilqum" "Bunyodkor"dan 3 ochko oldi.
E’tiborlisi, shu paytgacha faqatgina "Turon"dan tashqari barcha klublar kamida bir martadan bo‘lsa ham g‘alaba nashidasini surdi. Yaypanliklar 4 bor durang o‘ynadi xolos. Qolgan bahslarda mag‘lubiyatga uchradi. Biroq "Turon" turnir jadvalida bir marta zafar quchgan "Andijon"dan yuqorida. Sababi "burgutlar" bir g‘alaba va bir durangga erishgan xolos.
Yaqindagina Igor Shkvirin yaypanliklar ustoziga aylangandi. Balki bu mutaxassis keyingi tur ushbu noxush an’anaga barham berar?! "Turon" 12-turda "Metallurg" bilan bellashadi. O‘yin 2 iyul kuni soat 20:00da boshlanadi.
Fikrlar