
UEFA mablag‘larni klublar o‘rtasida qanday taqsimlaydi? Kim qancha pul oladi?
Chempionlar Ligasi - bu giper-tijoriy turnir bo‘lib, UEFA ishtirokchilarni saralash, guruh va pley-off bosqichlaridagi o‘yinlar uchun yaxshigina pul mukofotlari bilan taqdirlaydi. Chempionlar Ligasida qatnashish grand klublar mavsumiy daromadlarini 15-20 foizigacha oshirishi mumkin. Kichik jamoalarda bu ko‘rsatkich hatto 50 foizgacha ham etib boradi.
UEFA klublarga qancha to‘laydi?
Yangi mavsum boshlanishidan oldin UEFA har safar mablag‘larni taqsimlash mexanizmini tushuntirib beradi. Hisob-kitoblar tashkilotning Chempionlar Ligasi, Evropa Ligasi va Evropa Superkubogi uchun olgan umumiy daromadlaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
Masalan, joriy 2020/21 yilgi mavsumda UEFA taxminan 3,25 milliard evro ishlab oladi. Ammo ishtirokchi klublar ushbu pulning ma’lum bir qismini oladi xolos. UEFA musobaqa xarajatlarini qoplash uchun 295 millionni saqlab qoladi, 97,5 million evro qit’a miqyosidagi musobaqalarning saralash bosqichi ishtirokchilariga, yana 130 million qit’a musobaqalarida qatnashmaydigan klublarga birdamlik to‘lovlari uchun sarflanadi (buning uchun alohida bo‘lim bo‘ladi). 2,73 milliard evro klublar o‘rtasida taqsimlanadi, shundan so‘ng, ushbu mablag‘ning 6,5 foizi UEFA zaxira jamg‘armasiga (kutilmagan zararlarni qoplash uchun yaratilgan) tushadi, shuning uchun 2,55 milliard evro to‘g‘ridan-to‘g‘ri Evropa musobaqalari ishtirokchilariga etib boradi.
Klublar nimaning evaziga EChLda pul oladi?
2020/21 yilgi mavsumda ajratilgan 2,55 milliard evrodan 2,04 milliardi Chempionlar Ligasi va Evropa Superkubogi ishtirokchilariga beriladi. Klublar ushbu mablag‘larni quyidagi 4 xil ko‘rinishda qo‘lga kiritishlari mumkin:
Natijalar - 30% (585 million evro);
UEFA reytingi - 30% (585 million evro);
Guruh bosqichidagi ishtiroki - 25% (488 million evro);
Marketing - 15% (292 million evro).
Eng katta mablag‘ musobaqadagi muvaffaqiyatli ishtirokka bog‘liq. "Natijalar" bo‘limida faqat joriy mavsumdagi yutuqlar muhim ahamiyatga ega, "UEFA reytingi"da esa klublarning Evropa musobaqalarida so‘nggi 10 yil ichida qayd etgan natijalari hisobga olinadi.
Agar klub Chempionlar Ligasida guruhdagi barcha o‘yinlarda g‘alaba qozonib, maksimal 18 ochkoni qo‘lga kiritsa, u holda 67,2 million evroni ishlab oladi. Masalan, o‘tgan mavsumda "Bavariya" shu ishni uddaladi va 67,2 million evro daromad oldi.
Ushbu mavsum EChLda “Bavariya”ning o‘tgan yilgi muvaffaqiyatini hech kim takrorlay olmadi. Ammo eng katta daromadni yana aynan Myunxen klubi va “Manchester Siti” ko‘rdi. Flik va Gvardiola jamoalari guruh bosqichida to‘plash mumkin bo‘lgan 18 ochkodan 16 ochko jamg‘arib, 66 mln evrodan ishlab oldi.
UEFA reytingiga qarab, 585 million evro guruh bosqichi ishtirokchilari o‘rtasida quyidagicha taqsimlanadi: oxirgi 10 yil ichida reytingda eng yuqori o‘rinni egallagan klub eng ko‘p ulush oladi. Aksincha, so‘nggi 10 yilda reytingda eng past natija qayd etgan jamoa eng kam ulushga ega bo‘ladi. Joriy mavsum reytingda 1-o‘rinda qayd etilgan “Real” Madridga 35,46 million evro, reyttingda eng quyi o‘rinni egallagan Vengriyaning “Ferentsvarosh” klubiga esa 1,108 mln evro berildi.
Rossiya klublari, evrokuboklardagi muvaffaqiyatsizliklarga qaramay, reytingda egallab turgan o‘rinlari uchun UEFAdan yaxshigina pul olishdi. Masalan, "Zenit" 10 yillik reytingda 20-o‘rinni egallab turibdi va 2020/21 yilgi mavsum uchun 18,8 million evro ishlab oldi, "Lokomotiv" 65-o‘rinda turibdi va 8,9 million evro ishlab oldi, 69-o‘rindagi "Krasnodar" esa 7, 7 million evro oldi.
Bundan tashqari, Rossiya klublari ham boshqalar singari Chempionlar Ligasi guruh bosqichiga chiqqanligi uchun UEFA tomonidan belgilangan (15,25 million) bonusni oldi.
Yana bir muammo - har bir televizion bozorning qiymatini hisoblash. 292 million evro shunchaki qu’rada ishtirok etadigan assotsiatsiyalar soniga qarab taqsimlanmaydi. Mantiqan, eng katta qism top-5 chempionatlaridan klublarga to‘g‘ri keladi, deb taxmin qilish mumkin, ammo bu haqda rasmiy ma’lumot yo‘q. To‘g‘ri, Chempionlar Ligasining o‘tgan mavsumdagi ma’lumotlariga ko‘ra, Angliyaning marketing bo‘limi 68,6 million evro, Ispaniya - 60,8 million evro, Frantsiya - 59,2 million evro, Italiya - 51,5 million evro olgan. Ammo Germaniya Chempionlar Ligasida 4 ta klub bilan ishtirok etishiga qaramay atigi 34,6 million evro oldi.
Masalan, Rossiya klublari 2020/21 yilgi mavsumda marketingdan bor yo‘g‘i 1,5 million evro ishlab oldi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha peshqadam PSJ hisoblanadi. U guruh bosqichi uchun 25 million evrodan ko‘proq mablag‘ yig‘di. Parij etakchiligining siri oddiy: marketingdan tushadigan daromad Chempionlar Ligasidagi uchta vakilga taqsimlangan bo‘lsa, boshqa chempionatlarda ular to‘rttaga bo‘lingan. Aynan shu sababli, "Bavariya" 2019/2020 yilgi Chempionlar Ligasining barcha o‘yinlarida g‘alaba qozonib, "Lill"ning marketingidan ham kam daromad oldi (16,1 millionga 12,7 million evro). Ushbu mavsumda "Renn" (14,8) va "Marsel" (19,2) klublari ham “Bavariya”dan (11,2 million evro) ko‘proq mablag‘ to‘pladi.
Yana qanday pul ishlab olish mumkin?
Evropa musobaqalarining muhim bosqichlariga o‘ta olmagan klublarga yordam berish uchun UEFA birdamlik to‘lovlari tizimini o‘ylab topdi. Bunga 130 million evro ajratildi, ammo uni taqsimlashda moliyaviy feyr-pley bilan bir xil muammolar mavjud. Kontseptual jihatdan tizim yaxshi ko‘rinadi, ammo boylar ko‘proq imkoniyatlarga ega bo‘ladi.
130 million ham ikki qismga bo‘lingan: taxminan 80 foizi Chempionlar Ligasi guruh bosqichida kamida bitta vakili bo‘lgan assotsiatsiyalarga, 20 foizi boshqalar uchun. Muammo shundaki, saralash bosqichlarida assotsiatsiyalar soni kamdan-kam holatda 15 dan ortadi. Demak 100 million evroni top-15 chempionatlar oladi va qolgan 30 millioni boshqalar o‘rtasida taqsimlanadi. UEFA futboli sust rivojlanayotgan mintaqalarga ana shunday usulda sarmoyalar ajratishni ko‘zlagan, ammo yuqorida ko‘rib turganingizdek ushbu mablag‘larning asosiy qismi futboli rivojlangan davlatlarga nasib etadi. UEFA buni qanday o‘ylab chiqqani tushunarsiz.
Fikrlar