
"Ufa"ni legionerlar tark etdi. Oston O‘runovning taqdiri nima bo‘ladi?
Oston O‘runov joriy mavsum Rossiyaning "Ufa" klubi sharafini himoya qildi. Jamoa Premer-ligadan tushib ketdi. Natijada Boshqirdiston klubini legionerlar tark etdi. Bu haqda Sport24 xabar berdi.
Manbaning ma’lum qilishicha, "Ufa" Dilan Ortiz, Filip Mrzlyak, Boyan Yokich, Nemanya Miletich bilan xayrlashgan. Mrzlyak va Miletichning shartnomalarida agar jamoa quyi ligaga tushib ketsa bitimni avtomatik tarzda bekor qilish bandi bor edi.
Ushbu ma’lumotda Oston O‘runov haqida hech narsa yozilmadi. Chunki u "Ufa" safida ijara asosida to‘p tepgandi. O‘z navbatida hamyurtimiz "Ufa"ni tark etgan bo‘lishi mumkin. “Spartak” va “Ufa” klublari o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, boshqirdistonliklarda o‘zbekistonlik legionerni mavsum oxirida to‘liq o‘z safiga o‘tkazish huquqi bor edi. Buning uchun “Ufa” poytaxt klubiga bir million evro to‘lashi belgilangan.
Biroq, “Ufa” bosh direktori Shamil Gazizov o‘zbek futbolchisining transferini amalga oshirish uchun jamoa Premer-ligadagi joyini saqlab qolishi shartligi, Milliy futbol ligasiga tushib ketsa, O‘runov transferi uchun talab qilingan mablag‘ni jamlay olmasligini ta’kidlagandi.
Demak, Oston yaqin orada "Spartak" klubi rahbariyati bilan kelajagi borasida gaplashib olishi kerak. Bu orada agar poytaxtliklarda unga ehtiyoj bo‘lmasa, biror bir jamoaga yana ijaraga yuborilishi mumkin.
Fikrlar