
Ular hali Shomurodovni unutgani yo‘q!
Italiya A Seriyasida 27-tur uchrashuvlari davom etmoqda. Joze Mourino boshqaruvidagi “Roma” futbolchilari bugun Toshkent vaqti bilan 22:00 da “Spetsiya” mehmoni bo‘ladi. Hozircha, “bo‘rilar” 26 ta bahsda 41 ochko to‘plab, musobaqa jadvalining sakkizinchi pog‘onasida bormoqda.
“Spetsiya”ning ishlari va natijalari havas qilgulik emas. Bu jamoa vakillari 26 ta o‘yinda 26 ochko jamg‘argan xolos. Shu bois, muxlisu mutaxassislarning aksariyati bugungi bahsda rimliklarning qo‘li baland kelishiga ishonch bildirgan.
Sports.uz portali ushbu uchrashuvga doir faktlarni e’tiboringizga havola qiladi.
Chempionatda “Roma” bu raqibga yutqazmagan
“Roma” futbolchilari A Seriyada “Spetsiya” bilan uch marotaba to‘qnash kelgan. Bu ko‘proq spetsiyaliklar avval asosan quyi ligalarda faoliyat yuritgani bilan bog‘liq. “Spetsiya” o‘tgan mavsumda o‘z maydonida 2:2 hisobida durang qayd etgan edi. Rimliklar “Olimpiko”dagi o‘yinlarda 4:3, va 2:0 hisobida ustun kelgan.
Burchak zarbasidan 10 ta gol
“Roma” burchak zarbalaridan gol urish bo‘yicha liga etakchisi hisoblanadi. Mourino shogirdlari to‘p burchakdan o‘yinga kiritilganidan keyin raqiblar darvozasini o‘n marotaba ishg‘ol qilgani statistikalarda o‘z aksini topgan.
Rimliklarning mag‘lubiyatsiz seriyasi
“Roma” besh turdan beri mag‘lub bo‘lmayapti. Shulardan ikkitasida “Kalyari” va “Empoli”ni enggan bo‘lsa, “Jenoa”, “Sassuolo” va “Verona” bilan ochko bo‘lishdi.
Iste’dodli yoshlar
Har ikki jamoa tarkibida yangi asrda tug‘ilgan va o‘z nomiga gol yozdirib qo‘ygan o‘yinchilar bor. “Spetsiya” safida bu slovakiyalik David Strelets bo‘lsa, “Roma”da Kristian Volpato, Feliks Afena-Gyan va Eduardo Bove o‘z hisobiga gol yozdirgan.
O‘zaro uchrashuvlardagi to‘purar jamoadan ketgan
“Roma” tarkibida “Spetsiya”ga qarshi eng ko‘p gol urgan futbolchi Borxa Mayoral hisoblanadi. O‘tgan mavsumda ispaniyalik hujumchi dubl qayd etib, jamoasining 4:3 hisobidagi g‘alabasini ta’minlagan edi. Ayni paytda, Mayoral Ispaniya chempionati vakili “Xetafe” jamoasiga jo‘natilgan.
Mxitaryan gol urgan maydon
“Roma” pleymeykeri Genrix Mxitaryan safar uchrashuvlaridagi oxirgi goli o‘tgan chempionatda aynan “Spetsiya” darvozasiga kiritgan edi. Shundan keyin armanistonlik yarim himoyachi o‘z hisobiga uchta aniq zarba rasmiylashtirdi. Biroq, bu gollarning bari “Olimpiko”da kiritildi.
Mxitaryan eng sermahsul
Genrix Mxitaryan gol+pas tizimi bo‘yicha barqaror ko‘rsatkichga ega. Joriy mavsumda uchta gol va beshta assistni amalga oshirgan o‘yinchi yana ikkita samarali harakatni amalga oshirsa, ketma-ket uchinchi mavsum ham kamida 10 ball to‘plagan bo‘ladi.
Mourino buni bittadan uddalagan
Joze Mourino “Spetsiya”ga qarshi birinchi uchrashuvdayoq g‘alaba qozongan murabbiy hisoblanadi. Joriy chempionatning birinchi davrasida rimliklar “Spetsiya”ni 2:0 hisobida taslim qilgan edi.
Ustoz va shogird to‘qnashuvi
“Spetsiya” bosh murabbiyi Tyagu Motta futbolchilik davrida “Inter”da Joze Mourino qo‘l ostida to‘p surgan. Birinchi davrada u ustozi qarshi bosh murabbiy sifatida maydonga o‘z jamoasini boshlab tushdi. O‘zaro raqobatda ustoz kuchlilik qildi.
Ikki futbolchi yuzlik dovonga yaqin
“Roma”ning ikki futbolchisi tez orada yuzlik dovonni zabt etadi. Hozircha, Nikolo Dzanolo hisobida 97 ta o‘yin bor. Rik Karsdorp esa “bo‘rilar” safida 92 marotaba maydonga tushgan.
Shomurodov bu jamoaga gol urgan
Eldor Shomurodov A Seriyadagi birinchi mavsumida “Jenoa” safida “Spetsiya” darvozasini ishg‘ol qilgan. O‘sha uchrashuvda genuyaliklar hamyurtimiz yordamida 2:0 hisobida zafar quchgan edi. Shomurodov koronavirusdan davolanib, yana mashg‘ulotlarga qaytgani haqida xabarlar tarqatildi. Bo‘lajak bahsda hamyurtimiz zaxiradan maydonga tushishi kutilmoqda.
Fikrlar