
Mojaro Umarovning Evropadagi faoliyatiga chek qo‘yishi mumkin!
Belarus oliy ligasining yangi mavsumiga tayyorgarlik ko‘rayotgan BATE klubi jiddiy muammoga duch keldi.
Ommaviy axborot vositalari jamoaning etakchi o‘yinchisi Shahboz Umarov va yangi tayinlangan bosh murabbiy Aleksandr Mixaylov o‘rtasida ziddiyat kelib chiqqan. Bu haqda sports.uz portali ham xabar bergan edi.
Umarov o‘ynamasa kim xavfli vaziyat yaratadi? Shahbozning jamoadan chetlatilgani BATE muxlislariga yoqmadi!
Ayni paytda bu mojaro qanday yakun topishi ko‘pchilikni qiziqtirmoqda. Chunki BATE oldiga boshlanayotgan chempionatda g‘olib chiqish vazifasi qo‘yilgan va Shahboz Umarov bu jamoaning xavfli hujumlarini tashkil etadigan va muhim gollarini uradigan o‘yinchisi ekanini o‘tgan mavsumdayoq isbotlab qo‘ydi.
Yuzaga kelgan ziddiyatga ushbu mamlakat futbolini yoritadigan taniqli jurnalistlar ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirmoqda. Xususan, Nikolay Xodasevich ham o‘z kanallari orqali BATEda yuz bergan holat bo‘yicha o‘z munosabatini quyidagicha bildirdi:
- Albatta, yangi bosh murabbiy, murabbiylar shtabi jamoada kim “xo‘jayin” ekanini ko‘rsatib qo‘yish uchun Umarov darajasidagi muhim o‘yinchini ham chetlatigi, jazolashi va kerak bo‘lsa, sotib yuborishi mumkin.
Lekin bu masalada ko‘p narsa BATEning tajribali o‘yinchilari qanday qarorga kelishiga bog‘liq. Chunki zamonaviy futbolda bir murabbiydan jamoaviy fikr ustun turadi. Xo‘sh, tajribali futbolchilar Umarovni qo‘llaydimi? Aslida biror qarorga chiqarishdan oldin mana shu jihatlarni o‘ylab ko‘rish kerak edi.
Agar Borisov jamoasining “oqsoqol” o‘yinchilari Shahbozni qo‘llab-quvvatlasa, muayyan bosqichgacha uni kechirish mumkin. Uni sotib yuborish so‘nggi chora. Aslida Umarov BATEga mo‘may daromad keltiradigan aktiv hisoblanadi. Lekin hozir uni qaysi jamoaga sotish yoki o‘tkazish mumkin? Shoshilinch tarzda Qozog‘iston jamoalaridan xaridor topsa bo‘ladi. Biroq ular BATEning asosiy aktiviga ham borisovliklarni qoniqtiradigan summani bermaydi.
Menimcha, Umarovni kechirishadi. Uning xarakteri murakkab, bir kuni portlashi, ertasiga o‘ziga kelib, uzr so‘rashi ham katta ehtimol. Shahboz hissiyotga boy yigit va bir sutkada bir necha sarguzashtga aralashib qolishi mumkin.
Bu holatda ko‘p narsa, jamoaga bog‘liq, murabbiy esa shogirdlari oldida birinchi jiddiy sinovdan o‘tadi, - deydi Nikolay Xodasevich.
Ta’kidlash joizki, Shahboz Umarov O‘zbekiston Superligasida o‘zini ko‘rsata olmaganini uning murakkab xarakteri bilan izohlashadi. U omadini qidirib, ikki yil avval Belarusga yo‘l olgandi. “Energetik-BGU”da mahoratini namoyish etgan legionerimizni mamlakatning eng qudratli klublaridan hisoblangan BATE o‘z safiga qo‘shib oldi. O‘tgan mavsumda hamyurtimiz borisovliklar safida oltita gol va ettita golli pas bilan eng zo‘r o‘yinchilardan biri bo‘ldi.
Umarov ham o‘z iste’dodi va salohiyatiga tayangan holda Evropaning kuchliroq ligalarida o‘ynashni orzu qiladi. Shahboz bunga loyiq, ekaniga hech-qanday shak-shubha yo‘q. Biroq, o‘yinchi faoliyatidagi turli ziddiyat va mojarolar uning kelajagiga salbiy ta’sir qilib qolishi mumkin.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, hali BATEdagi murakkab vaziyatga oydinlik kiritilgani yo‘q. Demak, vaziyatni kuzatishda davom etamiz...
Fikrlar