Virts uchun “Manchester Siti”ga raqobatchi topildi

  • 01.03.2025 17:32
  • Bilolbek Imomov
  • 0
  • Futbol

Xosep Gvardiola boshchiligidagi “Manchester Siti” “Bayer” futbolchisi Florian Virts uchun “Bavariya” bilan kurashishi kerak. 
 
Xabaringiz bor, manchesterliklar bir necha oydan buyon Florianga katta qiziqish bildirmoqda. Biroq, futbolchini qo‘lga kiritish jarayoni ular uchun oson kechmasligi mumkin. 

"The Daily Mail” nashrining yozishicha, Angliya grandi futbolchi uchun "Bavariya" bilan ham raqobatlashishga majbur bo‘ladi. Manbaga ko‘ra, nemisliklar rahbari klubning bu yozda "Bayer" yarim himoyachisini qo‘lga kiritish niyati borligini ma’lum qildi. 

APL chempionlari esa uzoq vaqtdan beri futbolchiga qiziqib kelmoqda va mavsum yakunida uni qo‘lga kiritish bo‘yicha etakchi nomzodlardan biri hisoblanadi. Hattoki, bitim doirasida "Siti"ning yosh iqtidorli futbolchisi Jeyms Makati transferga qo‘shib berilishi mumkin. 
 
Eslatib o‘tamiz, 21 yoshli o‘yinchi joriy mavsum 36 ta bellashuvda maydonga tushib, 15 ta gol va 13 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan. Uning klub bilan shartnomasi 2027 yilgacha mo‘ljallangan bo‘lib, Transfermarkt portalidagi narxi 140 million evroni tashkil etmoqda.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!