
"Xona o‘yini" haqida nimalarni bilasiz?
Stol tennisi - bugungi kunda barcha insonlar tomonidan, asosan bo‘sh vaqtlarda o‘ynaladigan o‘yin yoki juda kuchli va mustahkam asablar talab etadigan sport turi.
U "Ping-Pong" deb ham ataladi. O‘yin davomida 2 yoki 4 kishi tomonidan kichik massali shar raqib maydoniga o‘yin qoidalarini buzmagan holda o‘tkaziladi. Ushbu o‘yin ishtirokchidan yuqori tezlik, mustahkam sabr va aniqlikni talab qiladi. "Ping-Pong" tennis o‘yinining xonada o‘ynaladigan muqobili bo‘lganligi uchun u "Parlour game"(ichkarida o‘ynaladigan o‘yin yoki xona o‘yini) deb ham ataladi.
Stol tennisi jihozlariga stol tennisi raketkasi, tennis stoli, shar va to‘r kiradi. Tennis stolining uzunligi bo‘yiga 274 sm, balandligi 76 sm va eniga 152.5 smni tashkil etadi. To‘rning balandligi 15.25 sm. Stol tennisi sharining diametri 40 mmni, og‘irligi esa 2.7 grni tashkil qiladi. Shar asosan oq rangda bo‘ladi. Sababi, qolgan ranglardan ko‘ra aynan oq ko‘zga yaqqol tashlanadi. Raketka esa bo‘yiga 17 sm, eniga 15 smni tashkil qiladi.
Stol tennisi Olimpiada o‘yinlariga 1988 yilda Seulda bo‘lib o‘tgan 24-yozgi Olimpiada o‘yinlaridan boshlab kiritilgan. Umumiy 4 ta davlat vakillari qatnashgan musobaqada 2 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medallarini qo‘lga kiritgan xitoylik tennischilar umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egallagan. 2-o‘rin mezbonlar, Janubiy Koreyalik atletlarga nasib qilgan bo‘lsa, Yugoslaviya va Shvetsiya stol tennisi terma jamoalari a’zolari mos ravishda uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni egallagan. Yakkalik bahslarida erkaklar o‘rtasida mezbonlar vakili Yoo Nam-Kyu, ayollar o‘rtasida esa xitoylik Cheng Jing g‘alaba qozongan bo‘lsa, juftlik bahslarida xitoylik Chen Longcan va Wei Qingguan juftligi zafar quchgan.
Ular finalda mezbonlar vakillari Hyun Jung-Hwa va Yang Young-Ja juftligidan ustun kelgan. Hozirgi kunda xitoylik "Ping-Pong" ustalari jahonda tengsiz hisoblanadi.
Internet ma’lumotlari asosida Javohir Azimov tayyorladi
Fikrlar