"Xorazm" uchun yana qo‘rqinchli...mi?

  • 09.05.2025 10:21
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

Bugun Superligada 9-tur o‘yinlari boshlanishidan xabaringiz bor. Namanganda “Navbahor” Urganchning “Xorazm” jamoasini mehmon qiladi. Ushbu o‘yin ham barchaning e’tibor markazida.

Bu turda ayniqsa, Andijondagi vodiy derbisi doirasidagi “Andijon” – “Neftchi” bahsi turning markaziy bellashuvi sifatida ko‘rilmoqda. “Navbahor”ga esa bu turda biroz qulayroq raqib duch keldi, deyayotganlar ham topiladi. Ular "Xorazm"ni qabul qilishadi. Lekin namanganliklar ustozi Sergey Lushchan bugungi bahs oson o‘tmasligini juda yaxshi bilib turibdi, garchi statistikada ham to‘liq ustunlik namanganliklar tarafida bo‘lsa ham.

Ta’kidlash joizki, urganchliklar 14 yillik tanaffusdan so‘ng, yana Superligaga qaytishdi.   

Mazkur jamoalar O‘zbekiston chempionatlarida shu kungacha o‘zaro 16 marta ro‘baro kelishgan. O‘tkazilgan bahslarning 12 tasida “Navbahor” g‘alaba qozongan bo‘lsa, 2 ta uchrashuvda durang qayd etilgan, 2 ta o‘yinda esa urganchliklar zafar quchishgan. To‘plar nisbati –  43-10, “Navbahor” foydasiga.

Ushbu klublar o‘rtasidagi o‘yinlarda namanganliklarning eng yirik hisobdagi g‘alabasi 10:0 hisobi qayd etilgan bellashuv bo‘lib, “lochinlar” 2006 yilgi mavsumda o‘z maydonlarida shu hisobda zafar quchishgan.

“Xorazm” esa hali “Navbahor”ni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratolmagan. 

O‘zaro o‘yinlarda namanganliklar 38 ochkoni, urganchliklar esa 8 ochkoni qo‘lga kiritishgan.

Namanganda o‘tkazilgan 8 ta uchrashuvning barchasida “lochinlar” zafar quchishgan (1996 yili “Xorazm” “Dinamo” nomi ostida o‘ynagan).

“Navbahor” o‘z maydonida o‘tkazilgan bahslarda urganchliklar darvozasiga 31 ta gol urib, o‘z darvozasidan 4 ta to‘p o‘tkazib yuborgan.

Namanganda o‘tkazilgan barcha uchrashuvlar:

1996 yil

“Navbahor” – “Dinamo” – 2:0

1997 yil

“Navbahor” – “Xorazm” – 5:1

1998 yil

“Navbahor” – “Xorazm” – 3:1

1999 yil

“Navbahor” – “Xorazm” – 2:0

2000 yil

“Navbahor” – “Xorazm” – 3:1

2006 yil

“Navbahor” – “Xorazm” – 10:0

2009 yil

“Navbahor” – “Xorazm” – 2:0

2010 yil

“Navbahor” – “Xorazm” – 4:1.

Fakt shuki, “Xorazm” Namanganda umuman ochko ololmagan. Xo‘sh, bu safar Hakim Fuzaylov jamoasi “Navbahor” maydonida ushbu qora seriyaga barham bera olarmikin?

Shuni ham ta’kidlash kerakki, urganchliklar etakchilarga qarshi munosib o‘yin namoyish qilmoqda. O‘tgan turda “Xorazm” amaldagi chempion – “Nasaf”ga qarshi qanday o‘ynaganini ko‘rdingizmi? G‘alabaga loyiq futbol namoyish qildi va yakunda 1:1 hisobi qayd etilib, bir ochko oldi.

Shuningdek, “Bunyodkor” maydonidagi o‘yinda ham Fuzaylov jamoasi bir ochkoni tortib olgan. Aytmoqchimizki, “Xorazm” etakchilarga qarshi qanday o‘ynayshni bilyapti va mag‘lub bo‘lmayapti. “Navbahor” bilan bahsda statistik raqamlar urganchliklarga ruhiy ta’sir o‘tkazmasmikin? Bu faqat oddiy raqamlar va barchasi maydonda hal bo‘ladi. Balki ushbu faktlar “Navbahor”ga o‘yin oldidan yanada qo‘shimcha ruh va motivatsiya bag‘ishlashi ham mumkin. Barchasini maydonda ko‘ramiz.

Eslatib o‘tamiz, “Navbahor” – “Xorazm” bahsi 11 may kuni Namangan shahar, Davlatobod tumanidagi “Markaziy” stadionida soat 18:00 da start oladi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!