Yulduzlardan tarkib topgan terma jamoa jahon chempionatidan quruq qoldi
Afrikaning eng kuchli terma jamoalaridan hisoblangan Nigeriya 2026 yili AQSh, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigani navbatdagi jahon chempionatiga chiqish imkoniyatidan mosuvo bo‘ldi.
Afrika mintaqasi saralash turniri pley-off bosqichi finalida nigeriyaliklar Kongo Demokratik Respublikasi bilan kuch sinashdi. O‘yinning asosiy vaqtida kuchlar teng keldi – 1:1. Penaltilar seriyasida esa, Nigeriya raqibga 3:4 hisobida yutqazdi.
Nigeriyaliklar 2022 yilgi jahon chempionatining final qismiga chiqa olmagan edi.
Qizig‘i shundaki, Nigeriya Afrikaning eng qimmat tarkibga ega terma jamoalaridan hisoblanadi. Transfermarkt portali bu jamoaning umumiy qiymatini 300 million evroga baholagan.
Bu terma jamoa sharafini Viktor Osimxen, Viktor Bonifase, Ademola Lukman, Aleks Ivobi, Samuel Chukvueze, Vilfred Ndidi, Rafael Onedika, Kalvin Bassi kabi mashhur o‘yinchilar himoya qilmoqda.
Ana shunday yulduzli jamoani saralashdan chiqarib yuborgan Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoasi 2026 yilgi jahon chempionatiga chiqish uchun xalqaro pley-off uchrashuvlarida qatnashadi.



Fikrlar