
Aleksandr Geynrixdan eng ko‘p jabr chekkan 7 jamoa
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Qozog‘istonning "Ordabasi" klubi hujumchisi Aleksandr Geynrix faoliyati davomida eng ko‘p goni qaysi jamoalarga urganini bilasizmi?
Quyida bu haqda ma’lumotga ega bo‘lishingiz mumkin.
5-7. Quvayt - 3 gol
Sasha O‘zbekiston terma jamoa libosida Quvayt termasiga qarshi o‘yinlarda o‘z hisobiga 3 ta gol yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan. Geynrix termamiz bilan ushbu jamoani 2 marta taslim etganini ham ta’kidlab o‘tish joiz.
5-7. Bahrayn - 3 gol
Bahrayn termasi bilan o‘yinlarda ham Aleksandr 3 ta gol urgan. Geynrix Bahraynga qarshi ilk golini Osiyo kubogi-2004 chorak finalida jarima zarbasidan kiritganini ko‘pchilik yaxshi eslasa kerak.
5-7. Janubiy Koreya - 3 gol
Geynrix Janubiy Koreya bilan o‘yinlarda ham 3 ta golga mualliflik qilgan. JCh-2006 saralash bosqichida Seulda ilk bora koreyslarga gol urgan hujumchi, Osiyo kubogi-2011 da 3-o‘rin uchun kechgan bellashuvda janublkiklar posbonini ikki marta ranjitishga muvaffaq bo‘lgan.
3-4. "Aktobe" - 4 gol
32 yoshli hujumchi ushbu mavsumda "Aktobe" bilan o‘yinlarda yorqin nur sochdi. U avgust oyida "Aktobe"da bo‘lib o‘tgan o‘yinda "xet-trik"ka erishgan bo‘lsa, "Ordabasi" maydonidagi o‘yinda bitta gol urdi. Geynrix mavsumda kiritgan 10 ta golining 4 tasini aynan ushbu jamoa bilan o‘yinlarda kiritdi.
3-4. "Okjetpes" - 4 gol
Sasha 2012 yili "Aktobe" tarkibida "Okjetpes" bilan o‘yinda "dubl"ga erishgan bo‘lsa, 2015 va 2016 yillari "Ordabasi" jamoasi libosida ushbu klubga qarshi uchrashuvlarda bir martadan muvaffaqiyatga erishgan.
2. "Irtish" - 5 gol
Hujumchi 2014 yili "Aktobe" jamoasida o‘ynayotgan paytida "Irtish"ga bitta gol urgan edi. Ushbu mavsumda esa Sasha mazkur klub bilan bo‘lib o‘tgan har ikki bellashuvda ham ikki martadan raqib psobonini ranjitishga muvaffaq bo‘lgan.
1. "Shaxtyor" - 6 gol
Geynrixning eng sevimli jamoasi "Shaxtyor"dir. Bu siz bilgan Donetskning emas, Karagandaning klubi hisoblanadi. Sasha 2012 yili 1, 2012 yili 4 va 2014 yili 1 marta "Shaxtyor"ga gol "sovg‘a" qilgan. Eng qizig‘i u barcha gollarini "Aktobe" jamoasi uchun kiritgan.
Furqat Yusupov tayyorladi
Fikrlar