
Evropadagi ikki legionerimiz transferi rasman e’lon qilindi!
Belarus chempionati oliy ligasida ishtirok etayotgan “Eenrgetik-BGU” jamoasi rasmiy sayti o‘zbekistonlik ikki futbolchi Bobur Abduxoliqov va Shahzod Ubaydullaevning transferini e’lon qildi.
“Nasaf” klubi tarbiyalanuchisi Bobur Abduxoliqov yil boshida Ukrainaning “Rux” jamoasi safiga qo‘shilgan edi. Biroq, ushbu jamoa murabbiylar shtabi o‘zbekistonlik futbolchiga o‘zini ko‘rsatish uchun imkon bermadi. Yoshlar jamoasidagi bir necha o‘yinda yuqori salohiyatini namoyish etgan o‘yinchimiz asosiy tarkibdan chetda qolaverdi.
Bobur Abduxoliqov vaqt yo‘qotmaslik maqsadida ukrainaliklar bilan kelishuvni bekor qildi va “Rux”ni tark etdi. Avvalroq, 24 yoshli futbolchimiz sports.uz saytiga intervyu berib, o‘ziga bildirilayotgan takliflarni o‘rganib chiqayotgani va tez orada Evropa jamoalaridan birini tanlashi haqida ma’lumot bergan edi. Keyinchalik iste’dodli hujumchi Belarus chempionatiga yo‘l olishi xabar qilindi. Endi bu ma’lumot rasman tasdiqlandi.
“Nasaf” jamoasi tarkibida yorqin o‘yinlari bilan muxlisu mutaxassislar e’tiborini qozongan Bobur Abduxoliqov qarshiliklar safida jami 145 ta uchrashuvda 54 ta gol kiritgan. Shuningdek, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasida 40 ta o‘yinda raqiblar darvozasini 21 marotaba ishg‘ol qilgan. Milliy terma jamoa tarkibida uchta uchrashuvda maydonga tushgan.
Bundan tashqari, “Energetik-BGU” Belarus chempioni – “Shaxtyor” tarkibidagi hamyurtimiz Shahzod Ubaydullaevni ham ijaraga olganini e’lon qildi.
Ubaydullaev mavsumoldi yig‘inlarida o‘zining mahoratini ko‘rsatib, soligorskliklarning to‘purari bo‘lgandi. Belarus oliy ligasi boshlanishi bilan u tarkibga kiritilmayapti.Hozirgacha Shahzod uchta uchrashuvda qatnashib, bitta golli uzatma berdi.
Shahzod Ubaydullaev ham O‘zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod futbolchi hisoblanadi. U mamlakatimiz bosh jamoasi safida uchta o‘yin o‘tkazib, bitta gol urishga ham muvaffaq bo‘lgan.
“Energetik-BGU” o‘zbekistonlik futbolchilarga ham, muxlislarga ham begona emas. O‘tgan mavsumda bu jamoada Jasur Yaxshiboev va Shahboz Umarov to‘p tepgandi. Keyinchalik “Shaxtyor”ga o‘tgan Jasur oxir-oqibat mavsumni chempion sifatida yakunladi. Ayni paytda Yaxshiboev Polsha chempioni “Legiya” jamoasida o‘z omadini qidirmoqda.
Shahboz Umarov o‘tgan yili “Energetik-BGU”da 30 ta uchrashuvda maydonga tushib, 4 gol va uchta golli uzatma muallifi bo‘ldi. Hozir BATE sharafini himoya qilayotgan hamyurtimiz borisovliklarning etakchilaridan biriga aylangan. Hozircha, Umarov o‘z hisobiga beshta gol va to‘rtta uzatma yozib qo‘ydi. BATE safida Belarus kubogini qo‘lga kiritdi.
O‘tgan mavsumda “Energetik-BGU”da Humoyunmirzo Iminov ham o‘ynadi. Bu futbolchimiz o‘zi uchun etarli tajriba to‘plab, hozir “Paxtakor”ning asosiy tarkib futbolchisi hisoblanadi.
Demak, Belarus chempionatida muxlislarimiz yana o‘zlari uchun qadrdon bo‘lib qolgan “Energetik-BGU”ga muxlislik qila boshlaydi. Bu jamoa Abduxoliqov va Ubaydullaevning kuchliroq klublar va chempionatlarga ko‘chib o‘tishida o‘ziga xos tramplin bo‘lishiga umid qilamiz.
Fikrlar