
Fayzullaevga yanada qiyin bo‘ladi! Abbosga Bundesligadan raqobatchi keladi
Rossiya Premer-ligasida yuqori maqsadlar uchun kurashayotgan Moskvaning TsSKA klubi 4 avgust kuni “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi Abbosbek Fayzullaevni transfer qilgani haqida rasmiy ma’lumot tarqatgan edi.
Fayzullaev poytaxt armiyachilarining hujum chizig‘ini kuchaytirish maqsadida transfer qilindi. Hozircha, legionerimiz ikkita uchrashuv qaydnomasiga kiritilgan bo‘lsa-da, hali rasman debyutini nishonlagani yo‘q.
TsSKA bosh murabbiyi Vladimir Fyodorov 19 yoshli o‘zbek futbolchisi ayni paytda tayyorgarlik bosqichini o‘tayotganini ma’lum qildi.
Moskva klubi hujum chizig‘iga yana o‘yinchi olish bo‘yicha ishlamoqda. Rossiya matbuotining yozishicha, armiyachilar Bundesligada ishtirok etayotgan “Aynraxt”dan 27 yoshli Rafael Borreni olib kelmoqchi.
TsSKA mutasaddilari tajribali kolumbiyalik futbolchini bir mavsum ijaraga olib o‘ynatishni rejalashtirmoqda.
Rafael Borre o‘z yurtida “Deportivo Kali” klubida tarbiyalangan. Lekin anchadan beri Evropa top beshlik chempionatlarida tajriba to‘pladi. Hujumchi Ispaniya chempionatida “Atletiko” va “Vilyarreal” jamoalari sharafini himoya qilgan.
2017 yildan 2021 yilning yozigacha Argentinaning eng kuchli jamoalaridan hisoblangan “River Pleyt” jamoasida to‘p tepdi. Keyin yana Evropaga qaytib, “Ayntraxt” tarkibidan joy oldi.
Rafael Borre Kolumbiya, Argentina, Ispaniya, Germaniya klublarida jami 334 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini 101 marotaba ishg‘ol qilgan va jamoadoshlariga 39 ta golli pas uzatgan.
Shuningdek, Kolumbiya terma jamoasida 24 ta o‘yinda o‘z hisobiga uchta gol yozdirib qo‘ydi.
E’tiborli jihati shundaki, Abbosbek Fayzullaev singari Borre ham bir necha pozitsiyada o‘ynay oladi. Har ikki futbolchi hujumchi ortida va o‘ng qanot hujumida faol o‘ynaydi. Hamyurtimizdan farqli ravishda kolumbiyalik forvard markaziy hujumchi sifatida ham harakat qiladi. Abbosning ustunligi sifatida chap qanot va maydon markazida ham o‘ynash olish qobiliyati yaxshi shakllanganida ekani ta’kidlamoqda.
Borre “Ayntraxt” bilan 2025 yilning yozigicha davom etadigan shartnomaga ega. Bu futbolchi o‘tgan mavsumda samarali o‘yin ko‘rsata olmadi. Bundesligada 32 marotaba bahslarda qatnashib, o‘z hisobiga atigi ikkita gol yozdirib qo‘ydi va yana bir juft assist muallifi bo‘ldi.
Transferlarga ixtisoslashgan https://www.transfermarkt.world portaliga ko‘ra, Rafaelning transfer summasi 9 million evroni tashkil qilyapti.
Abbosbek Fayzullaevning TsSKA bilan amaldagi shartnomasi 2026 yilning yozigacha amal qiladi va tomonlar o‘zaro kelishgan holda uni yana bir mavsum uzaytirishi mumkin. Iste’dodli yarim himoyachini tarbiyalagan “Paxtakor” bu transferdan 500 ming evro atrofida mablag‘ ishlab olgani qayd etilgan.
Fikrlar