
Futzal bo‘yicha O‘zbekiston chempionati finalidagi janjal yuzasidan Sport vazirligining bayonoti
So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda futzal bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining final uchrashuvida “Paxtakor” hamda AGMK jamoalari a’zolari o‘rtasida kelib chiqqan janjal ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
AGMK - "Paxtakor" o‘rtasidagi finalda bo‘lgan janjal haqida - Diyor Imomxo‘jaev
Ma’lumki, “Paxtakor” klubi joriy mavsum katta futbolda barcha sovrinlarni qo‘lga kiritdi. O‘z navbatida jamoa futzalchilari ham ularga hamohang tarzda futzal bo‘yicha mamlakat chempionatida g‘oliblikni tantana qilishni maqsad qilishgan edi. Biroq, bu yo‘lda ularga AGMK futzalchilari qarshiligini engolmadi.
Futzal bo‘yicha O‘zbekiston chempionati reglamentiga ko‘ra, finalda birinchi bo‘lib uchta g‘alabaga erishgan jamoa oltin medallarga ega chiqardi. Dastlabki ikki o‘yinda AGMK jamoasining qo‘li baland kelgandi. 17 dekabr sanasiga belgilangan bahsda qozonilajak yutuq olmaliqlik futzalchilarni ketma-ket beshinchi chempionlik sari etaklasa, “Paxtakor” uchun bu o‘yin vaziyatni o‘nglash yo‘lidagi so‘nggi imkoniyat edi. Shu sababli o‘yin ancha asabiy ruhda kechdi va yakunda futzalchilar o‘z ehtiroslarini jilovlay olishmadi.
Albatta, bu kabi holatlar o‘zbek sportiga aslo yarashmaydi va hozirda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Professional futbol ligasi nazorat-taftish qo‘mitasi tomonidan surishtiruv va o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Tez kunlarda mazkur holat yuzasidan yakuniy qaror qabul qilinadi va aybdorlarga tegishli jazo choralari tayinlanadi, - deyilgan Sport vazirligi rasmiy saytida.
Fikrlar