
Husanovda o‘zgarish bo‘lishi kutilyapti
FIFA kunlari yakunlanib, futbolchilar o‘z klublariga qaytgan va chempionatlar o‘yinlariga tayyorgarlik boshlagan bir pallada “Lans” bosh murabbiyi Uill Still o‘z jamoasi himoya chizig‘ida yuzaga kelayotgan masala echimini topishiga to‘g‘ri kelayapti.
“Lans” anchadan beri uch himoyachi bilan o‘ynaydi. Bu sxema “Lans”ni Frantsiya chempionatidagi eng mustahkam himoyaga ega jamoaga aylantirgan. Joriy mavsumda ham lansliklar monakoliklar bilan birga eng kam gol o‘tkazgan jamoa hisoblanadi.
Klub rahbariyatining rejasiga ko‘ra, 2021 yildan beri asosiy markaziy himoyachi vazifasini bajarib kelgan Kevin Danso “Roma”ga transfer qilinishi, uning o‘rnini Abduqodir Husanov egallashi kerak edi.
Bu reja 50 foizga amalga oshdi. O‘zbek legioneri “Lans” himoyasi markazini egallab bo‘ldi va himoya chizig‘i etakchisiga aylandi. Danso Rimda tibbiy ko‘rikdan o‘tolmagani bois, rejaning birinchi yarmi barbod bo‘ldi.
Avstriyalik himoyachi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklardan qayta-qayta o‘tkazildi, taniqli shifokorlar tekshiruvidan o‘tkazildi va boshida yuragida nuqson borligi haqida qo‘yilgan tashxislar tasdiqlanmadi.
Kevin Danso endi jamoa safiga qaytdi. Biroq endi unga joy topish kerak. Undan qolgan pozitsiyani Husanov o‘ziniki qilib bo‘lgan. Xo‘sh, Uill Still endi qanday yo‘l tutadi?
Bu savolga topmercato.com portali ekspertlari javob qidirdi.
- Uill Still bosh murabbiy sifatida tezroq bir qarorga kelishi kerak. U Kevin Dansoni o‘z joyiga qaytarish yoki hozirgacha bu pozitsiyada bexato o‘ynab kelayotgan Abduqodir Husanovni himoya markazida qoldirishni hal etishi kutilyapti. O‘zbek futbolchisi hamkasbi yo‘qliga himoyaning muhim bo‘lagiga aylanib bo‘ldi.
Abduqodir Jonatan Gradit va Fakundo Medina bilan birga jamoa himoyasini mustahkam ushlayapti. Bu uchlik yordamida “Lans” chempionatning ettita o‘yinidan to‘rttasida o‘z darvozasi daxlsizligini ushlab qoldi va hali biror marotaba engilgani yo‘q.
Statistikaga ko‘ra, Husanov 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar orasida butun Evropa bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turibdi. Yakkakurashlarda 64 marotaba g‘olib chiqqan o‘zbek futbolchisi bu ko‘rsatkich bo‘yicha faqatgina “Arsenal” himoyachisi Vilyam Salibadan ortda qolyapti xolos.
Ko‘pchilik ekspertlar taxminiga ko‘ra, Uill Still katta ehtimol bilan Kevin Dansoni himoya markaziga qaytaradi. Tabiiyki, hamma ishni yuqori darajada uddalayotgan Husanovni chetga surib qo‘yish adolatsizlik bo‘ladi. 20 yoshli legionerning universalligi unga o‘ng qanotga ko‘chib, Jonatan Gradit o‘rnida to‘p tepish imkonini beradi. Fakundo Medina chapaqay bo‘lgani uchun o‘z pozitsiyasini hech kimga berib qo‘ymadi.
Endi “Lans” murabbiylar shtabi Frantsiya chempionatining eng mustahkam himoya chizig‘ini qayta tashkil etishiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu holatda Abduqodir Husanovni maydonda qoldirish o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi.
Chunki bu o‘yinchining transferi summasi keskin ko‘tarila boshladi. Transfermarkt ekspertlari Husanovni 5 million evroga baholayapti. Abduqodir shu darajada o‘sishda davom etsa, tez orada u yangi bosqichga ko‘tariladi, - deb yozmoqda topmercato.com portali eksperti Mate Shambenua.
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov futbol sir-asrorlarini “Bunyodkor” klubi tizimida o‘ragana boshlagan. Keyinchalik Belarusning “Energetik-BGU” jamoasiga ko‘chib o‘tib, professional faoliyatini o‘sha erda boshladi.
Husanov O‘zbekistonning turli yoshdagi terma jamoalarida o‘z iqtidori va salohiyatini namoyish qilish orqali xorij klublari nazariga tushdi. 2023 yilning yozida “Lans” o‘zbek futbolchisini transfer qildi.
“Lans” Husanov uchun qancha so‘raydi?
Rossiyada O‘zbekistonning jahon chempionatiga chiqishiga ishonishyapti
Shomurodov o‘rniga uch hujumchi!
O‘zbekiston himoyasini mustahkam ushlab turgan Husanovning o‘yini Evropada qanday baholanyapti?
Abduqodir Husanov Frantsiya chempionatida ishtirok etgan birinchi o‘zbekistonlik charm to‘p ustasi sifatida tarixda qoldi. Hamyurtimiz Liga 1 o‘yinlaridan tashqari, UEFAning uchta eng nufuzli turniri – Chempionlar ligasi, Evropa ligasi va Konferentsiyalar ligasida ham o‘z debyutini o‘tkazishga ulgurdi.
Fikrlar