
Husanovning transferi hayratga soldi. Ilgari ko‘zimiz qayoqda edi?!
O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov faoliyatini Angliyaning amaldagi chempioni “Manchester Siti”da davom ettirishga qaror qilgani 2025 yil boshidagi eng shov-shuvli transfer bo‘ldi.
2023 yilning yozida o‘zbek futbolchisini 100 ming evroga olgan Frantsiyaning “Lans” jamoasi bir yarim yilda sarflagan xarajatini 500 baravar qilib chiqarib oldi.
“Manchester Siti” legionerimizga da’vogarlarning ko‘payib borayotganini inobatga olib, “Lans”ga o‘yinchini qo‘yib yuborish uchun 40+10, jami 50 million evro taklif qildi. Aslida lansliklar bu transferdan uzoq 30 million evro ko‘zlagan edi.
Bir so‘z bilan aytganda, Abduqodir “Lans” tarixida eng qimmatbaho transfer sohibiga aylandi. Avvalgi rekord Lois Opendaga tegishli bo‘lib, 2023 yilning yozida “Leyptsig” hujumchi uchun “Lans” hisobiga 44 million evro o‘tkazib bergandi.
“Lans”ning qisqa muddat ichida katta foyda olganiga rossiyalik mashhur murabbiy Yuriy Syomin munosabat bildirdi.
- Meni Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”ga transferi hayratga soldi. Nega Rossiya Premer-ligasida bu futbolchini hech kim payqay olmagan?
Bu futbolchi avval O‘zbekistonda, keyin Belarusda o‘ynagan. Nahotki, Rossiya klublarining bironta sport direktori yonginamizda porlay boshlagan katta talant egasini ko‘ra olmagan bo‘lsa!
Mana endi u “Manchester Siti”ga 50 million evro evaziga o‘tdi. Frantsiya klubi qancha mablag‘ ishlab olganini tasavvur qilib ko‘ring!
“Lans” esa bu futbolchi uchun atigi 100 ming evro sarflagandi. Bu payt bizning klublarimiz qaerda edi? Bu bizning mana shu masalalarda ishlarimiz juda zo‘r emasligini ko‘rsatadi, - dedi Yuriy Syomin.
Darhaqiqat, Abduqodir Husanov futbolning dastlabki sir-asrorlarini “Bunyodkor” akademiyasida o‘rgangan. Biroq professional faoliyatini legioner sifatida Belarusning “Energetik-BGU” klubida boshladi. Bu jamoada bir yil davomida 37 ta uchrashuv o‘tkazib, himoyadagi vazifalarini uddalashdan tashqari, to‘rttadan gol va assist muallifi bo‘ldi.
2023 yilning 24 iyul kuni yosh himoyachi Frantsiyaning o‘sha paytdagi vitse-chempioni “Lans”ga borib qo‘shildi. Lansliklar tarkibida Abduqodir hozirgacha 31 ta uchrashuvda ishtirok etdi va yaqinda birinchi assistini amalga oshirdi.
20 yoshli futbolchi O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 18 marotaba maydonga tushgan. Endi Abduqodir yurishini Angliya maydonlarda davom ettirishini intizorlik bilan kutamiz.
Fikrlar
Козокистонлик У.Асанбоевга рахмат, Хусановни уз ёнидан тулаб, беларусга утказиб берди