
“Navbahor”da ishlagan murabbiy Fayzullaevga Evropada yordamlashadigan futbolchi topib berdi
Qishki transferlar oynasi ochilishiga yaqin TsSKAda o‘ynayotgan legionerimiz Abbosbek Fayzullaevga ikkita jiddiy klubdan qiziqish bo‘layotgani haqida ma’lumotlar tarqaldi.
Xususan, Frantsiya va Ispaniyaning mashhur klublaridan “Monako” va “Real Sosedad” o‘zbek futbolchisini o‘z safiga qo‘shib olish imkoniyatlarini o‘rganib chiqmoqda.
Ta’kidlash joizki, ushbu har ikki klub Rossiya futbolini muntazam kuzatib keladi va shu mamlakat ligasidan etishib chiqqan iqtidor egalarini o‘z safiga qo‘shib olish amaliyotini qo‘llab keladi.
Bugungi kunda rossiyalik charm to‘p ustalaridan Aleksandar Golovin “Monako” va Arsen Zaxaryan “Real Sosedad” a’zosi hisoblanadi.
Rossiyalik mashhur futbol eksperti, “Navbahor”ning sobiq bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis Abbosbek Fayzullaevga Evropadan bo‘layotgan e’tiborga o‘z munosabatini bildirdi.
- Agar Abbosbek Fayzullaevga Evropadan aniq taklif tushsa va hujjatlar imzolanadigan bo‘lsa, bundan nimalar kelib chiqishini sizga aytib berishim mumkin.
Darhaqiqat, Abbosni men “Lokomotiv Moskva” klubiga olishni tavsiya qilgan edim. Fayzullaev juda yaxshi futbolchi. TsSKAda asosiy tarkibga mustahkam o‘rnashib oldi, muntazam o‘zini ko‘rsatib kelmoqda.
Eng muhimi, oldinga qadam bosish va to‘g‘ri yo‘nalishda harakat qilish.
Agar Abbos “Monako”ga o‘tadigan bo‘lsa bu jamoadagi Aleksandr Golovin rus tilida gaplasha oladigan futbolchi kelganidan mamnun bo‘lishi kerak. Qolaversa, uning o‘zi ham Fayzullaevga yangi muhitga moslashishida yordam berishi mumkin. Ularga faoliyatlarda muvaffaqiyat tilaymiz, - dedi Andrey Kanchelskis.
Ta’kidlash joizki, Rossiya futbolining taniqli ekspertlarining aksariyati Abbosbek Fayzullaevga taklif bo‘lsa, Evropaga ketishni maslahat bermoqda.
Yaqinda FIFA mutasaddilari Rossiyaning bir necha klublariga transfer ta’qiqini qo‘ygan edi. Xususan, bu sanktsiyaga o‘zbek futbolchilarini o‘z safiga qo‘shib olgan TsSKA va “Ximki” klublari ham bor.
Bu xabardan keyin ko‘pchilik FIFAning ta’qiqi Abbosbek Fayzullaevning Evropaga yo‘l olishiga to‘sqinlik qilishi mumkinligi haqida xavotir bildira boshladi.
Biroq futbol sohasidagi yuristlarning ma’lum qilishicha, FIFA reglamentida ta’qiqlar yangi o‘yinchilarni tarkibga qo‘shish va ularni musobaqalar qaydnomasida ro‘yxatdan o‘tkazish masalalariga qo‘yilgani belgilangan. Bu vaziyatda o‘yinchilarning ta’qiq qo‘llanilgan klublardan boshqa jamoalarga o‘tishiga hech qanday to‘sqinlik yo‘q. Bunda eng muhim jihat – klublarning o‘zaro kelishuvi va o‘yinchining transferga roziligi ekani aytilmoqda.
Abbosbek Fayzullaevga xorij klublaridan chorlov bo‘layotganini inobatga olgan TsSKA rahbariyati jamoa etakchisiga yangi shartnoma taklif qiladigan bo‘ldi.
Demak, tez orada 21 yoshli hujumkor futbolchimiz kelajagi bo‘yicha bir qarorga kelishiga to‘g‘ri keladi. Fayzullaev atrofidagi vaziyatni kuzatishda davom etamiz!
Eldorni nimalar kutmoqda? Shomurodovga oid so‘nggi yangiliklar
Fayzullaev, Ispaniyani tanla!
Katta pul kerak: Husanov “Lans”ni qutqaradimi?
Fikrlar