
O‘runov qachon safga qaytishi ma’lum bo‘ldi!
Rossiya premer-ligasining 10-tur uchrashuvlari yakunlandi. Tasodifni qarangki, bu turni o‘z uyida o‘tkazgan jamoalarning barchasi ochko yo‘qotdi – ikkita durang, oltita mag‘lubiyat. Bu mavsum chempionlik uchun kurashayotgan “Zenit”, “Dinamo”, “Lokomotiv” o‘z maydonida mag‘lubiyatga uchradi. TsSKA ochko bo‘lishishga majbur bo‘ldi.
10-tur natijalari quyidagicha ko‘rinish oldi:
“Rubin” - “Nijniy Novgorod” - 0:1
“Axmat” – “Spartak” - 0:1
“Lokomotiv” – “Rostov” - 1:2
“Zenit” - “Sochi” - 1:2
“Ufa” – “Ural” - 0:1
“Arsenal” – “Ximki” - 0:0
TsSKA – “Krasnodar” - 0:0
“Dinamo” – “Krilya Sovetov” - 0:1.
O‘zbekistonlik futbol ishqibozlarining e’tibori asosan ikki uchrashuvga qaratildi. Ibrohimxalil Yo‘ldoshev to‘p tepayotgan “Nijniy Novgorod” Qozon shahriga safar qilib, “Rubin”ni mag‘lubiyatga uchratib qaytdi.Legionerimiz 73-daqiqa o‘ynadi. Odatdagidek, faol harakatlari bilan ajralib turdi.
Premer-liga debyutanti hisoblangan “Nijniy Novgorod” o‘ninchi tur yakunlariga ko‘ra, 14 ochko bilan sakkizinchi o‘rinni egallab turibdi.
Oston O‘runovni o‘z tarkibiga qo‘shib olgan “Ufa” autsayderlar qatoriga qo‘shilib qoldi. O‘z muxlislari ko‘z o‘ngida liga debyutanti “Ural”ni qabul qilgan ufaliklar raqib ustunligini tan olishga majbur bo‘ldi.
Bu mag‘lubiyatdan so‘ng, O‘runov jamoasi sakkiz ochko bilan 15-o‘ringa tushib qoldi. Barmog‘idan jarohat olganidan keyin bir necha uchrashuvni o‘tkazib yuborgan hamyurtimiz umumiy guruh mashg‘ulotlarida qatnashgan bo‘lsa-da, “Ural”ga qarshi uchrashuv qaydnomasiga kiritilmadi.
Uchrashuvdan so‘ng, “Ufa” bosh murabbiyi Aleksey Stukalov o‘yin haqida fikr bildirish chog‘ida O‘runovning qachon maydonga qaytishini ham aytdi.
- Afsuski, bugun ham mag‘lub bo‘ldik. Muxlislardan uzr so‘rayman. Ular bunaqa natijaga loyiq emas. Umuman olganda, jamoa kurashyapti. Bitta xato qimmatga tushdi. Biz o‘zimiz yaratgan imkoniyatlardan foydalana olmadik. Timur Jamaletdinov safga yangi yildan keyin qaytishi mumkin. Oston O‘runov esa “Krasnodar”ga qarshi uchrashuvga to‘liq tayyor bo‘ladi, - dedi Aleksey Stukalov.
Oston O‘runov mavsum boshida “Spartak”dan ijaraga olinganidan keyin “Ufa” safida atigi ikkita uchrashuvda qatnashdi. Ufaliklar hamyurtimizni keyinchalik bir million evroga sotib olish huquqi bilan mavsum oxirigacha ijaraga olgan.
Rossiya premer-ligasida ikki haftalik tanaffus e’lon qilindi. Shundan so‘ng, “Ufa” 17 oktyabrda “Krasnodar” mehmoni bo‘ladi.
Ibrohimxalil Yo‘ldoshev jamoasi esa 11-turni safarda “Krilya Sovetov” futbolchilariga qarshi o‘tkazadi.
Shahboz Umarov – eng zo‘r gol muallifi va endi termada ham o‘zini ko‘rsatishi kerak!
Legionerimiz nimalarga qodirligini ko‘rsatib qo‘ymoqchi!
Shomurodovga Ispaniyadan zo‘r taklif chiqdi. Eldor “Roma”dan ketadimi?
“Real”ni enggan Yaxshiboev jamoasi qancha maosh oladi?
“Roma” Evropa Chempionlar ligasida... Shomurodovning orzusi ushaladimi?
Mourino tanqid qilgan Shomurodov necha ballga loyiq ko‘rildi?
Yaxshiboev gol urgan uchrashuvdan keyin “realchilar” uchga bo‘lindi!
Yaxshiboevga Rossiya grandlaridan taklif bo‘lishi kutilmoqda
O‘runov “qariyalar” ichida qolib ketdi
"Real" darvozaboni Tibo Kurtua Yaxshiboev va Tillga tan berdi: Gollarning ijrosi mukammal edi!
Fikrlar