
O‘zbekiston terma jamoasining legionerlari "JCh-2026" doirasidagi Gongkongga qarshi uchrashuvlarga qay holatda etib kelmoqda?
O‘zbekiston terma jamoasi navbatdagi o‘yinlarini "JCh-2026" saralashi doirasida Gongkongga qarshi o‘tkazadi. Dastlab, 21 mart kuni safarda, 26 martda esa o‘z uyimizda o‘ynaymiz. Osiyo kubogidan keyin termamiz a’zolarining o‘z klubidagi faoliyati haqida ma’lumot beramiz.
Eldor Shomurodov
Terma jamoamiz sardori Eldor Shomurodov 15 dekabrda Italiya A Seriyasi 16-turidan o‘rin olgan "Napoli"ga qarshi o‘yin oldidan mashg‘ulotlarda oyoq barmoqlaridan birini sindirib olgandi. Shu sabab u Osiyo kubogini butunlay o‘tkazib yubordi. 28 yoshli hujumchi qishki transferlar oynasida Italiyaning "Salernitana" klubiga o‘tib ketishiga oz qoldi. Biroq so‘nggi soniyalarda sardiniyaliklar Eldorni jamoada olib qolishga qaror qildi.
Fevral oyidan boshlab yakka tartibda mashg‘ulotlarga kirishgan hujumchi 3 mart kuni bo‘lib o‘tgan "Empoli"ga qarshi o‘yining 87-daqiqasida zaxiradan maydonga tushdi va uzoq muddatdan so‘ng maydonda harakat qildi.
"Salernitana"ga qarshi ikkinchi taymda tushgan Shomurodov o‘yin taqdirini hal qildi. U bahsning 51 va 76-daqiqalarda gol kiritdi. Eldorning gollar bilan qaytishi Gongkongga qarshi uchrashuvlarda qo‘l kelishi aniq.
Jaloliddin Masharipov
"Navbahor"ga o‘tishi kutilgan Jaloliddin Masharipov Osiyo kubogidan keyin Eron chempionatiga ko‘chib o‘tdi. Vakilimiz Eron Pro ligasida harakat qiluvchi "Istiqlol" klubi bilan bir yarim yillik shartnoma imzolaganini e’lon qildi.
Chempionat 17-turidan o‘rin olgan "Malavan"ga qarshi debyut qilgan Masharipov gol urib, tehronliklarni mag‘lubiyatdan qutqarib qolgan edi. 30 yoshli futbolchi hozircha Eronda 4 ta o‘yinda qatnashdi, ya’ni muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmoqda:
Eron chempionatida - 239 daqiqa;
Kubokda - 45 daqiqa.
Otabek Shukurov
Terma jamoamiz etakchilaridan biri Otabek Shukurov Osiyo kubogi oldidan jamoasiz qoldi. "Fotih Karagyumryuk" legionerimiz Otabek Shukurov bilan kelishuvni bekor qildi.
Turnir yakunlangach, Shukurov Turkiyaning boshqa klubi - "Kayserispor"ga ko‘chib o‘tdi. 27 yoshli yarim himoyachi "Galatasaroy"ga qarshi debyut o‘yinida asosiy tarkibda maydonga tushib, 63 daqiqa harakat qilgan bo‘lsa, "Bashakshehir"ga qarshi 17, "Ankaragyudjyu" bilan uchrashuvda yana 3 daqiqa o‘ynadi. Cuperliganing so‘nggi turida bo‘lib o‘tgan "Xatayspor" bilan uchrashuvda esa 76-daqiqada zaxiradan o‘yinga qo‘shildi. Termamiz safida kichik jarohat olgan Shukurov hali salomatligini to‘liq tiklay olganicha yo‘q.
Rustam Ashurmatov
Qozonning "Rubin" jamoasi 15 yanvardan Turkiyada yig‘in boshladi. Osiyo kubogida qatnashayotgani sabab Rustam Ashurmatov bu yig‘inga 13 fevralda borib qo‘shildi.
Nazorat o‘yinlarida o‘zini yaxshi ko‘rsatgan himoyachimiz RPL ikkinchi davrasidagi "Krasnodar"ga qarshi uchrashuvni asosiy tarkibda boshladi va jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. 27 yoshli himoyachi o‘yin tugashiga sanoqlik daqiqalar qolganda boshi bilan gol urdi va jamoasining durangini ta’minladi.
Ashurmatov chempionatning 20-turidagi o‘yinda ham to‘liq harakat qilib, uchrashuvdagi eng yaxshi futbolchilardan biri bo‘ldi.
"Himoyachining asosiy ishi himoyada", - deyishingiz mumkin, ammo himoyachi orqa chiziqda ham ishonchli harakat qilmoqda. Eng asosiysi, etarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmoqda.
Abbosbek Fayzullaev
Osiyo kubogini yondirgan Abbosbek Fayzullaevning musobaqadan keyingi ishlari besh emas. Balki har turda muxlislarni gol yoki assistlari bilan o‘rgatib qo‘ygani uchun shunaqa tuyulayotgandir. Turkiyada yig‘in o‘tkazgan "armiyachilar" bir nechta nazorat o‘yinlari o‘tkazdi. Ushbu bahslarda Abbosda charchoq alomatlari kuzatildi. "Orenburg"ga qarshi bellashuvni asosiy tarkibda boshlagan va 73-daqiqada zaxiraga olingan bo‘lsa, "Krilya Sovetov"ga qarshi o‘yinda esa 77-daqiqada zaxiradan tushdi.
Gongkong bilan ikkita o‘yin o‘ta muhimligini hisobga olsak, hozirgi termamizning asosiy "figuralar"idan biri bo‘lgan Fayzullaevni formada bo‘lishi juda muhim.
Husniddin Aliqulov
O‘zbekiston terma jamoasining Falastinga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida jarohat olgan Husniddin Aliqulov yakuniy qaydnomaga kiritilmadi, aniqrog‘i, Osiyo kubogida qatnashmadi.
14 fevralda mashg‘ulotlarga qaytgan Aliqulov "Fenerbaxche" bilan uchrashuvda zaxirada qoldi. "Samsunspor" bilan 9 daqiqa o‘ynagan bo‘lsa, keyingi ikki bahsda ("Kayserispor", "Galatasaroy") asosiy tarkibda tushib, to‘liq 90 daqiqa o‘tkazdi, jami esa 189 daqiqa. Terma jamoamizning asosiy o‘n bittaligiga kiruvchi himoyachining formada bo‘lishi juda muhim.
Azizbek Turg‘unboev
Azizbek Turg‘unboevning Osiyo kubogidagi ajoyib o‘yini uni legionerga aylanishiga katta yo‘l ochdi. "Paxtakor" futbolchisi turnirdan so‘ng Turkiyaning "Sivasspor" klubiga ko‘chib o‘tdi. "Rizespor"ga qarshi debyut qilgan "Ronaldu" muntazam ravishda maydonga tushib kelmoqda ("Xatayspor" - 84, "Pendikspor" - 90, "Kasimpasha" - 90, "Alanyaspor" - 65) - jami 329 daqiqa maydonda harakat qilgan va asosan asosiy tarkibda tushmoqda.
Abduqodir Husanov
Frantsiyaning "Lans" klubi sharafini himoya qiluvchi Husanov Osiyo kubogida Aliqulovning o‘rnini egalladi va deyarli uning yo‘qligini sezdirmadi.
Qatardan qaytgach, Husanovning ishlari qanday?
Evropa ligasining pley-off bosqichida "Lans" "Frayburg" bilan o‘ynadi va imkoniyatni boy berib qo‘ydi, ushbu o‘yinda esa vakilimiz to‘liq 120 daqiqa harakat qildi.
Chempionat o‘yinlarida 20 yoshli himoyachi "Strasburg" bilan bahsda zaxirada qoldirildi. "Reyms" bilan uchrashuvda to‘liq harakat qilgan bo‘lsa, "Monako"ga qarshi zaxirada qoldirildi. Bundan tashqari, "Lion"ga qarshi 3 daqiqa o‘tkazgan bo‘lsa, chempionat etakchilaridan biri "Brest"ga qarshi to‘liq 90 daqiqa o‘tkazdi. Ushbu so‘nggi o‘yinda Husanov chap qanot himoyasida harakat qildi. To‘liq o‘ynagan fulbekning paslari aniqligi 89 foizga teng bo‘ldi. 3 ta podkat va 2 marta raqibini to‘xtata olgan Abduqodirning harakatlari 7,4 ballga loyiq ko‘rildi. Shu bilan birga, futbolchi o‘z hisobiga bitta sariq kartochka ham yozdirib qo‘ydi. O‘zbekiston terma jamoasining umidli himoyachisi muhim o‘yinlar oldidan kamroq amaliyotgan ega bo‘lmoqda.
Oston O‘runov
Turkiya chempionatiga ko‘chib o‘tishi aytilgan va Qatarda ko‘p narsa kutilgan Oston O‘runov to‘satdan Eronga ko‘chib o‘tdi. O‘tgan mavsumni "Navbahor" safida o‘tkazgan futbolchi "Persopolis" bilan 2025 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan shartnoma imzoladi.
Oston chempionat doirasidagi "Traktor"ga qarshi maydonga tushishi mumkin edi, biroq FIFA Tehron klubiga yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishga taqiq qo‘ygani sabab debyut chempionat 18-turidan o‘rin olgan "Zobahan"ga qarshi o‘yinda bo‘ldi. O‘runov 67-daqiqada zaxiradan maydonga tushib, gol urishga ham yaqin keldi.
"Fulad"ga qarshi uchrashuvni asosiy tarkibda boshlagan legionerimiz Eron chempionatidagi debyut golini ham kiritdi va 90+1-daqiqada zaxiraga olindi. Bundan tashqari, O‘runov Eron kubogi 1/16 final bosqichidan o‘rin olgan "Naft Gachsaran"ga qarshi to‘liq 90 daqiqa o‘tkazdi - umumiy 204 daqiqa.
Abdulla Abdullaev
Abdulla Abdullaev 2023 yilning sentyabr oyida BAAning "Xorfakkan" klubiga ko‘chib o‘tgan edi. Abdullaev hozirda jamoasining asosiy himoyachilaridan biri va deyarli har bir o‘yinda asosiy tarkibdan joy olmoqda.
26 yoshli himoyachi Qatarda bo‘lib o‘tgan Osiyo kubogidan so‘ng klubi safida ketma-ket 8 uchrashuvda to‘liq 90 daqiqa o‘ynagan bo‘lsa, yana bir uchrashuvda bir bo‘lim harakat qildi. Abdullaev muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘layotgan legionerlarimizdan bo‘lib turibdi.
Hojimat Erkinov
O‘tgan mavsumni "Paxtakor"da o‘tkazgan vinger Hojimat Erkinov Qatardayoq BAAning "Al-Vahda" klubiga ko‘chib o‘tishga qaror qildi. Erkinovning debyutida garchi jamoasi yutqazgan bo‘lsa ham futbolchi faol harakatlari bilan ajralib turdi. 22 yoshli futbolchi chempionat doirasida "Sharja"ga qarshi o‘yinda sherigining goliga pas berib, yangi jamoasidagi ilk foydali harakatini amalga oshirdi. Hojimat Osiyo kubogidan so‘ng chempionatda bir gol, bir assist - 263 daqiqa, kubokda ikki o‘yin - 122 daqiqa, prezident kubogida esa bir o‘yin - 90 daqiqa o‘tkazib, jami 475 daqiqa maydonda maydonda bo‘ldi. O‘zbekiston terma jamoasining tezkor vingeri ayni paytda o‘yin amaliyoti jihatdan ham, forma taraflama ham yaxshi holatda.
Shahboz Umarov
O‘tgan mavsum "Ordabasi" bilan Qozog‘iston chempioniga aylangan Shahboz Umarov bu mavsum ham Shimkent klubida qoladigan bo‘ldi. Juda kuchli zarbaga ega bo‘lgan Shahboz Osiyo kubogida faqat Qatarga qarshi o‘yinda ishtirok etdi.
25 fevralda "Tobol" bilan kechgan Superkubok bahsida Umarov asosiy tarkibda maydonga tushib, 68-daqiqada zaxiraga olindi. O‘zbekistonda bo‘lgani kabi Qozog‘istonda ham chempionat mart oyidan start oldi. Birinchi turda "Shaxtyor" bilan o‘yinda Umarov bitta gol urdi va bundan tashqari, Yaxshiboevning goliga assistentlik qildi. "Atirau"ga qarshi o‘yinni ilk daqiqalardan boshlagan legionerimiz 14-daqiqada jarohat olib, maydonni tark etdi.
Aziz Amonov
9 fevralda BAAning "Xorfakkan" jamoasi Azizbek Amonov transferini e’lon qildi. "Ittixod Kalba"ga qarshi o‘yinda debyut qilgan futbolchi, "Xatta"ga qarshi bahsda debyut golini urdi. Aziz G‘aniev harakat qilayotgan "Shabab Al Ahli"ga qarshi uchrashuvda 67-daqiqada zaxiradan maydonga tushdi.
Eslatib o‘tamiz, Qatardagi musobaqada Azizbek Amonovga maydonga tushish uchun imkoniyat berilmadi. Ammo unga imkon berilsa, vaziyatni gol bilan yakunlashini OChLdagi o‘yinlari orqali juda yaxshi bilamiz.
Umarbek Eshmurodov
Ko‘p yillar Qarshining "Nasaf" jamoasida o‘ynab kelgan Umarbek Eshmurodov Malayziyaning "Selangor" klubi a’zosiga aylandi. Eshmurodov kelasi yili Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etadigan ushbu jamoa bilan uch yillik shartnoma tuzdi. Malayziya Superligasi may oyida start oladi. "Qizil devlar" laqabi bilan nomlanuvchi klub chempionat oldidan Tailand klublari bilan o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazishni rejalashtirgan. Terma jamoamizning almashtirib bo‘lmas futbolchilaridan biri bo‘lgan Eshmurodovning tajribasi saralash bahslarida bizga juda muhim.
Aziz G‘aniev
Qatarga borishi kutilgan, ammo Srechko Katanets chaqirmagan "Shabab Al-Ahli" pleymeykeri Aziz G‘aniev musobaqa davomida eng ko‘p eslanganlardan biri bo‘ldi. Muxlis va tahlilchilar: "Nima uchun o‘z pozitsiyasida eng zo‘ri bo‘lib turgan G‘aniev bormadi, nega chaqirilmadi?" degan savolni etarlicha "chaynashdi".
G‘aniev aqlliligi va maydonni ko‘ra bilish qobilyati bo‘yicha O‘zbekistondagi kam sonli futbolchilar sirasiga kiradi.
Qani, u klubi safida qanday harakat qilmoqda?
Ayni damda 3.5 million evroga baholanayotgan futbolchi o‘tgan mavsum "Shabab Al-Ahli" bilan BAA Premer-ligasi chempioniga aylandi. Bu mavsumda barcha turnirlardagi o‘yinlarini hisoblaganda 19 o‘yinda qatnashib, 3 ta gol urdi va 4 ta golli uzatma amalga oshirdi. U jami 1511 daqiqa maydonda harakat qildi.
Osiyo kubogida Avstraliyaga qarshi o‘yinda tizzasidan jarohat olgan Igor Sergeev turnirdagi ishtirokini yakunlagan edi. Shifokorlar xuloasiga ko‘ra, uning maydonga qaytishiga taxminan 8 oy ketadi. Sergeev yaqin 7 oyni o‘tkazib yuboradi.
Qatarda Qatarga yutqazgan O‘zbekiston terma jamoasi 21 martda Gongkongdagi "Mong Kok" stadionida o‘ynasa, 26 martda "Bunyodkor" stadionida yana bir bor shu terma bilan kuch sinashadi
Oybek Yuldoshev
Fikrlar