
Raqiblar Fayzullaev tufayli beshta sariq kartochka oldi
Statistika ma’lumotlariga ixtisoslashgan Opta Sports portali Rossiya Premer-ligasida raqiblarning ogohlantirilishiga eng ko‘p sababchi bo‘lgan futbolchilarni aniqladi.
Ma’lumki, zamonaviy futbolda dribling ustasi bo‘lgan hujumkor futbolchilarga nisbatan o‘yin qoidasi ko‘p buziladi.
Opta Sports portali ekspertlari hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya Premer-ligasida “Axmat” hujumkor futbolchisi Lechi Sadulaev raqiblariga eng ko‘p sariq kartochka keltirgan o‘yinchi bo‘ldi.
O‘tkazilgan 14 ta turda raqiblar Lechiga qarshi o‘yin qoidasini qo‘pol tarzda buzgani uchun sakkiz marotaba ogohlantirilgan.
Bu ko‘rsatkich bo‘yicha keyingi o‘rinlarda raqiblarga ettitadan sariq kartochka keltirgan “Dinamo Moskva” yarim himoyachisi Mumi Ngamalyo va “Dinamo Maxachqal’q” hujumchisi Egash Kasintura qayd etilgan.
TsSKA sharafini himoya qilayotgan Abbosbek Fayzullaev ham raqib himoyachilari bilan juda ko‘p yakkama-yakka kurashlarda ishtirok etadi. Ko‘pinchi raqiblar legionerimizni to‘xtatish uchun o‘yin qoidasini buzishiga to‘g‘ri keladi.
Ana shunday holatlarda uchrashuv bosh hakamlari Abbosbek Fayzullaevga qo‘pollik ishlatgan beshta futbolchiga ogohlantirish bergan.
Xuddi Abbosbek kabi Mirlind Daku (“Rubin”), Danil Glebov (“Rostov”), Diego Laksalt va Xorxe Karraskal (“Dinamo Moskva”) ham raqiblarning besh martadan sariq kartochka olishiga sababchi bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Abbosbek Fayzullaev TsSKAga 2023 yilning avgustida ko‘chib o‘tgan edi. Debyut mavsumidayoq “armiyachilar”ning hujum chizig‘i etakchisiga aylangan hamyurtimiz Rossiya Premer-ligasining asosiy kashfiyoti sifatida e’tirof etilgan.
Yangi mavsumda ham TsSKAning aksariyat hujumchilari Abbos yordamida tashkil etilmoqda. 21 yoshli hujumkor futbolchimiz joriy mavsumda Premer-liga va mamlakat kubogi doirasida jami 17 ta uchrashuvdan ishtirok etib, raqiblar darvozasiga bir juft to‘p kiritgan va jamoadoshlariga beshta golli pas uzatgan.
Transferlarga ixtisoslashgan transfermarkt.world portali Fayzullaevni 6 million evroga baholagan. Abbos bu ko‘rchatkich bo‘yicha Markaziy Osiyoning eng qimmatbaho futbolchisi hisoblanadi.
Abbosbek Fayzullaev muntazam O‘zbekiston milliy terma jamoasiga jalb qilinmoqda. Iqtidorli o‘yinchi hozirga qadar xalqaro miqyosda 21 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga to‘rtta gol yozdirib qo‘yishga erishgan.
Fikrlar