
Rossiya premer-ligasida Buxoroda tug‘ilgan futbolchi o‘ynayapti
Rossiya chempionatining yuqori divizioni vakili “Tambov” jamoasining asosiy hujumchilaridan biri Vladimir Obuxovning asli o‘zbekistonlik ekanini ko‘pchilik bilmasa kerak.
U 1992 yilning 8 fevralida Buxoro shahrida tug‘ilgan. Volodya sakkiz yoshga to‘lgunicha Buxoroda yashagan. Keyinchalik oilasi bilan Rossiyaning Nijniy Tagil shahriga ko‘chib ketadi. U erda mahalliy “Uralets” sport maktabida futbol bilan shug‘ullana boshlaydi. Uning iqtidorini o‘z vaqtija payqagan murabbiylar 2003 yilda Volodyani Moskvaga “Lokomotiv” jamoasiga ko‘rikka jo‘natadi. Taqdir taqozosi bilan yosh iste’dod egasi poytaxtda “Spartak” klubining futbol maktabidan qo‘nim topadi.
Besh yildan so‘ng, “Spartak” uni Rossiya chempionatida ro‘yxatdan o‘tkazadi va 2008 yilning 15 noyabrida Obuxov o‘rinbosarlar o‘rtasidagi uchrashuvda “Luch-Energiya”ga qarshi bahsda debyutini nishonlaydi.
2011 yilga kelib, Vladimir Eldor Shomurodovning hozirgi ustozi Valeriy Karpin tomonidan “Spartak”ning asosiy tarkibi mashg‘ulotlariga jalb etiladi. Hatto, 2012 yilning boshida “Spartak” tarkibida Birlishgan Arab Amirliklarida tashkil etilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga boradi. O‘shanda sobiq hamyurtimiz o‘rtoqlik uchrashuvida Xarkovning “Metallist” jamoasi darvozasini ishg‘ol qilgan edi. Bu “spartakchilar”ning 2012 yildagi ilk goli sifatida tarixda qoldi.
O‘sha yilning bahorida “Sibir” klubi yosh hujumchini ijaraga olish maqsadida moskvaliklarga murojaat qiladi. Biroq, “Spartak” bosh murabbiyi uni qo‘yib yuborishni istamaydi. Tez orada Obuxov premer-ligada ham debyut qiladi. U 15 aprel kuni “Rubin”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvning 85-daqiqasida rossiyaliklarning yulduz hujumchisi Artyom Dzyuba o‘rniga maydonga tushiriladi.
Keyinchalik Vladimir Obuxov “Torpedo”, “Spartak-2”, “Kuban”, “Sochi”da o‘ynadi. 2019 yildan buyon “Tambov”da to‘p surayotgan hujumchi bu jamoa tarkibida hozircha 17 ta uchrashuvda 7 ta gol urdi.
Obuxov eng iste’dodli yosh futbolchilardan biri sifatida Rossiya U-17, U-19 va yoshlar terma jamoalarida muvaffaqiyatli to‘p surgan. “Spartak” o‘rinbosarlari tarkibida Rossiya yoshlar birinchiligida ikki martadan oltin va kumush medallarga sazovor bo‘lgan. 2013 yilda Rossiya yoshlar terma jamoasida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari chempionlari kubogini qo‘lga kiritgan.
Shomurodov “tank"mi?
“Spartak” bir necha futbolchidan qutilmoqchi. O‘runov nima qiladi?
Andrey Kanchelskis Rossiya klublarini kuchaytiradigan o‘zbek futbolchisi kimligini aytdi
O‘runov, o‘ynasang Roy Kin yoki Gattuzodek o‘yna!
Fikrlar