
Rossiya va Qozog‘istondagi legionerlarimiz gol urdi, navbat Italiyadagi Shomurodovga!
O‘zbekistonlik futbolchilar Evropa va Osiyoning bir necha ligalarida to‘p tepmoqda. Xususan, Rossiya va Qozog‘iston chempionatlarida o‘ynayotgan legionerlarimizning faoliyati ham ko‘plab muxlislarimizni qiziqtiradi.
Rossiya birinchi ligasi yakunlandi. “Rubin” jamoasi birinchi o‘rinni egallab, kelasi mavsumni Premer-ligada boshlaydigan bo‘ldi. Bu klub o‘zbekistonlik muxlislarga begona emas. Ayni paytda qozonliklar safida Rustam Ashurmatov va Umarali Rahmonovliev to‘p tepmoqda.
Himoyachi Ashurmatov “Rubin”jagi debyut mavsumida beshta uchrashuvda bitta gol urishga erishdi. Yosh iqtidor egasi Umarali Rahmonaliev esa, to‘rt marta maydonga tushdi. Har ikki futbolchimiz kelasi mavsum yuqori divizionda o‘ynashi kutilmoqda.
Birinchi ligadan Premer-ligaga chiqqan o‘zbek futbolchilari safi yanada kengayishi mumkin edi. Husayn Norchaev o‘ynayotgan “Alaniya” chempionatni uchinchi o‘rinda yakunladi. Vladikavkazliklar yuqori divizion autsayderlaridan biriga qarshi o‘tish turnirida qatnashishi kerak edi. Biroq, “Alaniya” klub Premer-liga darajasiga loyiq ekanini belgilovchi maxsus lizentsiyaga ega bo‘lmagani bois, joyida qoladigan bo‘ldi.
Birinchi ligadagi yana bir vakilimiz – Vagiz Galiulin chempionatni gol bilan yakunlandi. “Nefteximik” sardori safar uchrashuvida “KAMAZ” darvozasini ishg‘ol qilib, jamoasining 2:0 hisobidagi g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi.
Tajribali yarim himoyachimiz joriy mavsum 29 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini besh marotaba ishg‘ol qildi. Shu tariqa, Vagiz jamoa to‘purarlar orasida oltita gol urgan hujumchi Konstantin Bazelyukdan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi.
Rossiya tomonlarda chempionatlar yakuniga etgan bo‘lsa, Qozog‘istonda musobaqalar qizg‘in pallaga kirib bormoqda.
Qozog‘iston Premer-ligasida Shahboz Umarov va Bobir Abduxoliqov “Ordabasi”, Igor Sergeev “Tobol” jamoasi sharafini himoya qilmoqda.
“Tobol” 12-tur uchrashuvida o‘z maydonida “Qiziljar” futbolchilarini kichik hisobda engib, yana yuqori o‘rinlar uchun kurashga qo‘shildi. Igor Sergeev birinchi bo‘limni to‘liq o‘tkazib, tanaffusdan keyin joyini ivuarlik legioner Serj Deblega bo‘shatib berdi. Aynan afrikalik futbolchi g‘alaba to‘pi muallifi bo‘ldi.
Igor Sergeev joriy mavsumda 12 ta o‘yinda qatnashib, o‘z hisobiga to‘rtta gol yozdirib qo‘ydi.
“Ordabasi” futbolchilari kuchli raqib – “Atirau” bilan to‘qnash keldi. O‘z maydonida o‘ynagan shimkentliklar katta qiyinchilik bilan 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Bellashuvda hisobni Bobur Abduxoliqov ochdi. Unga Shahboz Umarov assistentlik qildi.
O‘yin yakunlanganidan keyin Bobur Abduxoliqov uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisiga atalgan sovrinni qo‘lga kiritdi.
Ta’kidlash joizki, Bobur joriy mavsumda beshta gol va ikkita assist qayd etdi. Shahboz Umarov esa, chempionatda ikkita to‘p kiritib, bitta golli uzatma muallifi bo‘ldi.
“Ordabasi” 29 ochko bilan ikkinchi o‘rinda qayd etilgan. Biroq, uch ochko farqi bilan birinchi o‘rinda borayotgan “Astana” shimkentliklardan ikkita o‘yin ko‘p o‘tkazgan. Demak, qoldirilgan o‘yinlardagi g‘alaba “Ordabasi”ni peshqadamga aylantiradi.
UEFAdagi legionerlarimizdan yana biri - Eldor Shomurodov bugun tunda A Seriyadagi so‘nggi uchrashuvini o‘tkazadi. Yuqori diviziondagi joyini saqlab qolish uchun kurashayotgan "Spetsiya" Rimda "Roma" mehmoni bo‘ladi. Qizig‘i shundaki, Shomurodov faoliyatida ilk bor o‘zining jamoasiga qarshi o‘ynash imkoniga ega bo‘lmoqda.
Ma’lumki, Shomurodov asli "Roma" futbolchisi hisoblanadi. "Spetsiya" safida yanvardan beri ijara asosida to‘p tepmoqda. Legionerimiz chempionat yakunlanigi bilan yana "Roma" ixtiyoriga qaytadi.
Oldindagi bahsda Eldor Shomurodov "Spetsiya"ga yordam berish orqali rimliklarga o‘zining nimalarga qodirligini yana bir bor ko‘rsatib qo‘yishi talab etiladi.
Bu terma jamoada Shomurodov yo‘q!
Ronaldu Masharipovga nimalarni o‘rgatdi?
Fikrlar