
Shomurodov bilan “Real”ga o‘tgan yulduzning ijara narxi bir xil chiqdi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov yozgi transferlar davrida A Seriya debyutanti “Kalyari” safiga ko‘chib o‘tgan edi.
Aslida legionerimizga Gretsiyaning PAOK, Turkiyaning “Galatasaroy”, Rossiyaning “Spartak”, Ispaniyaning “Jirona” va Italiyaning “Lechche” kabi klublaridan jiddiy takliflar bor edi. Shomurodov mohir murabbiy Klaudio Raneri boshchiligida to‘p tepish va faoliyatini jonlashtirish maqsadida Sardiniya klubini tanladi.
“Kalyari” rahbariyati o‘zbek hujumchisining bir yillik ijarasi uchun bir million evro to‘laydigan bo‘ldi. “Roma” bosh murabbiy Joze Mourinoga kerak bo‘lmay qolgan hujumchining vaqtinchalik xizmatini shunchaga baholadi.
Sardiniyaliklar rimliklarni kelasi yozda Shomurodovni 9 million evro evaziga to‘liq qo‘yib yuborishga ham ko‘ndirdi.
Endi qiziq holat. “Real” yaqinda asosiy posboni Tibo Kurtuani uzoq muddatga yo‘qotgandi. Tizzasidan og‘ir jarohat olgan belgiyalik darvozabon bu mavsum madridliklarga yordam bera olmaydi.
“Qirollik klubi” shoshilinch ravishda bir necha mahoratli darvozabonlar ro‘yxatini tuzdi. Ishsiz yurgan David de Xea nomzodini “Real” bosh murabbiyi Karlo Anchelotti yoqlamagan bo‘lsa, “Sevilya” Yassin Bununi, “Valensiya” esa Georgiy Mamardashvilini Madridga jo‘natishga ko‘nmadi.
“Real” muammo echimini Angliya Premer-ligasidan topdi. “Chelsi” rahbariyati ispaniyalik darvozabon Kepa Arrisabalagani o‘z yurtiga qo‘yib yuborishga ko‘ndi.
Relevo nashri jurnalisti Manuel Amorning yozishicha, “aristokratlar” darvozabonning ijara muddatidagi xizmatini 1 million evroga baholagan.
“Real” bu summaga ko‘ndi. Kepa bilan 2024 yilning 30 iyungacha bitim tuzdi. Darvozabon 46-raqam ostida o‘ynaydigan bo‘ldi. Shomurodovning ijarasidan yagona farqli jihati “Chelsi” madridliklarga o‘z o‘yinchisini mavsum oxirida sotib olish huquqini bermadi.
Arrisbalaga professional faoliyatini Bilbaoning “Atletik” jamoasida boshlagan. Orada Ispaniyaning “Ponferradina” hamda “Real Valyadolid” klublarida ijara asosida o‘ynashga ham ulgurgan.
2018 yili “Chelsi” rahbariyati Kepa Arrisabalagani “Atletik”dan 80 million evroga transfer qilgan. Bu darvozabon uchun sarflangan futbol tarixidagi eng katta xarajat sifatida qayd etilgan.
Kepa ishonchli darvozabon maqomini uzoq ushlab tura olmadi. O‘yinlarda yo‘l qo‘ygan ko‘plab qo‘pol xatolari tufayli keyinchalik “Chelsi” asosiy tarkibidagi joyini raqobatchilariga boy berdi.
Bugungi kunda 28 yoshli darvozabonning transfer narxi 16 million evroga tushib qolgan.
Arrisabalaga o‘tgan mavsumda barcha turnirlarda 39 marotaba maydonga tushib, o‘z darvozasidan 45 ta to‘p olib chiqdi.
Fayzullaevga yanada qiyin bo‘ladi! Abbosga Bundesligadan raqobatchi keladi
Ana xolos: TsSKA bosh murabbiyi Fayzullaevni nega o‘ynatmayotganini aytdi!
Shomurodov uchun so‘nggi imkon!
Italiyalik ekspert Shomurodovning kamchiliklarini aytdi!
Shomurodov: Messiga hech qanday aloqam yo‘q! (foto)
Premer-liga klubi tez orada o‘zbek futbolchisi transferini e’lon qiladi
Fikrlar