
Shomurodov transferining yangi tafsilotlari: “Jenoa” yozda Eldorni sotishni istamagani, “Roma”ning professionalligi, Mourino o‘zbek futbolchisiga nima degani haqida
“Roma” Eldor Shomurodov transferini rasman e’lon qilganidan keyin bu mavzuga oid xabar, yangilik, ma’lumot va izohlar urchib ketdi. Rossiyaning etakchi sport nashri – sport-express.ru ushbu transfer borasida yangi ma’lumotlarni aks ettirgan intervyuni chop etdi.
Nashr bosh muharriri o‘rinbosari Maksim Allanazarov Eldor Shomurodovning agentlaridan biri German Tkachenkoda ushbu transfer bo‘yicha bir qator yangi ma’mulotlarni oldi.
Sports.uz sayti e’tiboringizga ushbu intervyuning tarjima qilingan variantini havola etadi.
- “Roma” Shomurodov bilan shartnoma tuzganini rasman e’lon qildi. Buni qanday izohlaysiz? Chetdan qaraganda, oddiy o‘zbek yigiti top-klub a’zosiga aylangani ertakning o‘zginasi...
- Shomurodovning “Roma”ga o‘tishi ertak emas. Bu 90 foizga Eldorning mashaqqatli mehnati, iste’dodi va 10 foizi biz o‘z ishimizni sifatli uddalaganimiz samarasidir. Birinchi navbatda, bu Eldorning xizmati – uning iqtidori va mahorati. Bu faqatgina A Seriyada 10 oydan kam bo‘lgan vaqtda sakkizta gol urgani bilangina namoyon bo‘lgani yo‘q. Buning ichida jamoaning himoyaviy harakatlarida juda katta miqyosda bajarilgan ish va jamoadoshlariga keng qulaylikni yaratib berish ham bor. Bundan tashqari, bu o‘z ishiga va boshqa odamlarga yondashuvini ham o‘z ichiga oladi. U qisqa fursatda jamoadoshlarini, klub xodimlarini va “Jenoa”ning ko‘psonli muxlislarining mehrini qozona oldi. Umuman olganda, A Seriya Eldorni ijobiy qabul qildi. Biz buni qishki transfer oynasi vaqtida jurnalistlar va klublar, hatto katta klublardan qo‘ng‘iroq bo‘lganida bilgandik.
- Sizning xizmatingiz bevosita nimadan iborat edi?
- Aslida ish Toshkentdan boshlangan. Tanishganimizdan keyin, eng to‘g‘ri strategiyani ishlab chiqa oldik. Ya’ni, Rossiyaning oddiy klubiga o‘tib, keyinchalik Evropada o‘ynab ketish rejasi. Unga Rossiya va ayniqsa, Italiyaga moslashishida doimiy ravishda xodimimiz hamroqlik qildi. Uni til o‘rganishga majbur qildik. Hozir Eldorning italyanchasi ancha yaxshi. Bu yangi klubga moslashishida juda qo‘l keladi.
Yana bir muhim omil – hamkorlarni to‘g‘ri tanlash. O‘zbekistonda ham, Italiyada ham. Italiyada biz aka-uka Jifruddlarning “GG11” kompaniyasi bilan ishlaymiz. Ular jiddiy va professional yigitlar. Futbolchi faoliyatini rejalashtirayotganda va uni hayotga tadbiq etishda o‘zini ko‘rsatmaslik va aksincha, zarbalarni o‘ziga qabul qilish zarur. Shuning uchun ham shu transferimiz o‘xshadi. O‘z vaqtida professional xizmatni to‘g‘ri ko‘rsatilgani shu transferning muvaffaqiyatini ta’minladi. Qo‘shimchasiga, Eldorning o‘zi ham juda katta hissa qo‘shdi.
“Roma”ning birinchi qiziqishi qachon va qanday bo‘ldi?
- Turli shov-shuvlar emas, aniq qiziqish taxminan uch hafta oldin paydo bo‘ldi. “Jenoa” bizga Eldor bo‘yicha jiddiy taklif bo‘layotganini aytdi. Ungacha hammasi mish-mish edi.
- “Jenoa” katta klub, lekin “Roma”top darajada. Ular orasidagi farq sezildimi?
- Men ularni taqqoslashni istamayman. “Jenoa” biz uchun qadrdon va unga doimo iliq munosabatda bo‘lamiz. “Jenoa” Eldorni oldi va Italiyada taniqli futbolchiga aylantirdi, lekin “Roma” bilan ishlash haqiqatan bizni hayron qoldirdi. Ular har bir detalga alohida ehtiyotkorlik va aniqlik bilan yondashishdi. Jarayon boshlanganida har bir harakat bo‘yicha instruktsiya olardik. Rimga tibbiy ko‘rik uchun kelganimizda, qanday kiyinish, qanaqa ko‘ylak yoki tufli kiyish, qaerda qanday turishgacha o‘rgatishdi. Men hatto “Bular hali o‘yinchimizni qo‘lga kiritmay turib, bizga buyruq beryapti”, deb hazillashdim ham.
Transfer amalga oshirilayotgan kunlarning birida italiyalik jurnalist Janluka Di Martsio bizga qo‘ng‘iroq qilib, transferning birorta detali matbuotga sizib chiqmaganidan hayratda ekanini bildirdi. Italiyaliklar Eldorning Rimga qachon kelishi va bazaga qachon borishini ham bilmasdi. “Roma” mediadepartamenti bu tarixiy voqeani maksimal yoritishni istagandi. Tabiiyki, biz ham klubning barcha talablarini bajarib, hech qanday izoh bermadik. O‘zbekistonda ayrim feyk akkauntlar bir nimalar qildi, lekin bunga bizning aloqamiz yo‘q edi. Men bu biznesda anchadan beri faoliyat ko‘rsatyaptman, shu bois aytishim mumkinki, bu eng yuqori darajadagi professional yondashuv bo‘ldi. Hayratdaman...
- Eldor unga “Roma” qiziqayotganini eshitganda, dastlabki taassuroti qanday bo‘ldi?
- U aqlli, mulohazali yigit. Biz unga shu variant chiqayotganini aytganimizda “O‘, rostdanmi?”, dedi xolos. Bu payt u yig‘inda mehnat qilayotgandi. Biz u bilan bu transfer davrida mamlakatni almashtirmaslikka kelishib oldik. Stress bo‘lmasligi uchun, albatta. “Jenoa” bilan Eldorning transferini qishki transferlar davrida amalga oshirish haqida gaplashdik, ularning pozitsiyasi shu edi va bu bizga ham ma’qul kelgandi. Shuningdek, Eldorning transferi haqida unga aniq va jiddiy qiziqish bo‘lgan pallada, bu klubni ham, o‘yinchini ham qoniqtirsagina gaplashishga kelishib olgandik. Mana o‘sha taklif yuz berdi.
- “Roma” ayni paytda Joze Mourino qo‘l ostida. Eldor murabbiy bilan gaplashdimi?
- “Jenoa” ruxsati bilan ular qo‘ng‘iroqlashdi va o‘zaro suhbatlashdi. Joze Eldordan kayfiyati, o‘zini qanday his qilayotgani haqida so‘radi, samimiy suhbat bo‘ldi. “Roma” mavsumoldi mashg‘ulotini o‘tayotgan Portugaliyadagi yig‘inga kelganimizda Joze Mourino bazada Eldorni tabassum bilan kutib oldi va u bilan yana suratga tushishga tayyor ekanini aytdi: bir-ikki yil muqaddam ular Moskvada uchrashgan va o‘shanda rasmga tushishgandi. Umuman olganda, hammasi yaxshi o‘tdi.
- Bu keyinchalik sotib olish huquqi ko‘rsatilgan ijara shartnomasi bo‘ldimi?
- Yo‘q, bu to‘laqonli transfer bo‘ldi.
Fikrlar