Mourino nega aynan Shomurodovni tanladi?

  • 3 avgust, 2021, 17:00
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 1
  • Futbol
BEPUL PROPAN

O‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodovning “Jenoa”dan “Roma”ga transferi so‘nggi kunlarda eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzuga aylanib bormoqda.

To‘g‘risini aytish kerakki, Eldorning Rim klubiga o‘tishi ko‘pchilik uchun kutilmagan transfer bo‘ldi. Muxlisu mutaxassislar o‘rtasida “bo‘rilar”ning bosh murabbiy Joze Mourino boshchiligidagi bu yurishiga izoh kutayotganlar ham kam emas.

Chunki “Roma” bu transferga umumiy hisobda 20 million evro sarfladi va A Seriya miqyosida bu kichik summa emas. “Jenoa” va “Roma” o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, Shomurodov bir mavsum ijara asosida Rim klubi sharafini himoya qiladi va buning uchun poytaxtliklar Genuya vakillariga 2,5 million evro to‘laydi.

Keyinchalik, “Roma”da Shomurodovni 17,5 million evroga to‘liq transfer qilish imkoni bor. Agar Shomurodov yangi mavsumda muayyan natijalarni qayd etsa yoki “Roma” chempionat yakunida Evropa Chempionlar ligasiga yo‘llanma olsa, Shomurodovning transfer huquqi avtomatik tarzda to‘liq rimliklarga o‘tadi.

Shomurodov “Roma” bilan besh yillik shaxsiy shartnoma imzolagan va unga ko‘ra, har mavsum 2 million evro maosh olishi aytilmoqda.

Xullas, yuqorida ochiqlangan transferga ko‘pchilik “Roma”dan izoh kutayotgan edi. Klubning bosh menejeri Tyago Pinto bu mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib, nega aynan o‘zbek hujumchisi tanlangani haqida rasmiy ma’lumot berdi.

eldor-shomurodov-stal-igrokom-romy_16279393091999553943

- Eldor Shomurodov yanada rivojlanish uchun katta salohiyatga ega bo‘lgan hujumchi va u o‘zi yaxshi biladigan chempionatda “Roma”da o‘zini ko‘rsatishga ishtiyoqi balandligini namoyon qilmoqda. Uning bu ishtiyoqi bilan futbolchi sifatida jamlagan sifatlari bizning bosh murabbiy targ‘ib qilayotgan o‘yin uslubi bilan hamohangdir. Aynan mana shu sabab tufayli biz o‘zbek hujumchisini klubimizda qatlashdan mamnunmiz, - dedi Tyago Pinto klubning rasmiy saytiga bergan intervyusida.

Darhaqiqat, Italiya futboli tahlilchilari Eldor Shomurodovning tezkorligi, driblingi, pas oshirish mahorati, yakkakurashlarda g‘olib chiqishi, bosh bilan yaxshi o‘ynashidan tashqari, ortga qaytib, himoyaga katta yordam berishi, to‘psiz va to‘p bilan maydon bo‘ylab samarali harakat qila olishi, har qanday tipdagi hujumchi bilan sherik bo‘la olishi, intizomliligi, mehnatkashligi va kamtarligini ham yaxshi xususiyat sifatida e’tirof etib kelishadi.

Eldor Shomurodov “Roma” jamoasida 14-raqamda to‘p tepadigan bo‘ldi. Ma’lumot uchun, bu raqamda Rim klubida Patrik Shik, Boyan Krkich, Lyudovik Jyuli, Kristian Panuchchi, Luiji Di Byadjo, Klaudio Raneri kabi o‘z davrining mashhur futbolchilari ham to‘p surgan.

Ayni paytda Eldor Shomurodov Portugaliyaga yo‘l olib, Joze Mourino boshchiligida olib borilayotgan mashg‘ulotlarga qo‘shildi.

1200_1200_max_1

Eldor Shomurodov “Roma”dagi rasmiy debyut uchrashuvini 22 avgust kuni o‘tkazishi mumkin. Shu kuni “Roma” A Seriyaning birinchi tur bellashuvida o‘z maydonida “Fiorentina” futbolchilarini qabul qiladi.

Yangi mavsumda Eldor Shomurodov yana o‘zini ko‘rsatib, muntazam gol urishiga ishonamiz!

Shomurodovning o‘zi “Roma”ga o‘tgani haqida nimalar dedi?

Rasman! Shomurodov “Roma” futbolchisi!

Shomurodov Rimga keldi!

Shomurodov gollar hisobini ochdi!

Hamma ham Shomurodov bo‘lolmaydi!

Shomurodov mutaxassislar fikrini o‘zgartirdi!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Турсун Ғани
03/08/2021 22:32
Маур узоқни кўра оладиган мураббий. У меҳнатдан қочмайдиган, патенцияли юқори бир сўзбилан айтганда Элдордоқа Маладец футболчиларни топиш бўйича устаси фаранг. Насиб қилса бизни Италияда қайноқ футбол мавсуми кутиб турибди. МТЖ бўлмагач А серияга мухлислик қиламизда. 22-Августдан бошлаб. Олға босгин Элдоржон.