
Shomurodovning ishlari yurishib ketadigan bo‘ldi. “Roma” Eldorni yaxshi biladigan murabbiy tanladi!
“Roma” rahbariyati bosh murabbiylik Klaudio Ranerini tayinlashga qaror qildi. Bu bejiz emas albatta. Poytaxt klubining ashaddiy muxlislari jamoani kim boshqarishiga alohida e’tibor qaratadi. Ular uchun yoki o‘ta mashhur murabbiy, yo taqdiri “Roma” bilan bog‘langan mutaxassis ishlashi muhim.
“Roma” muxlislari klub afsonasi Daniele de Rossining iste’foga chiqarilishini yoqlamadi, xorvatiyalik Ivan Yurichni bosh murabbiy sifatida qabul qilmadi.
Bu o‘zgarishlar tufayli tanqidlar ostida qolgan klubga xo‘jayinlik qiluvchi Fridkinlar oilasi barcha rimliklar o‘ziniki deb biladigan Klaudio Ranerini qaytarish orqali yana rimlik fanatlar hurmatini qozonishga harakat qiladi.
Ranyari o‘tgan mavsum “Kalyari”ni A Seriyada olib qolganidan keyin murabbiylik faoliyatini yakunlaganini e’lon qilgandi. O‘shanda u faqat “Roma”dan taklif bo‘lsagina qarorini o‘zgartirishini aytgandi.
Shunday bo‘lib chiqdi.
- “Roma” jiddiy masalalarni hal qilishi kerak, shu bois ular meni chaqirishdi. Men tayyorman. Klubga boraman, - dedi Klaudio Raneri “bo‘rilar”ni uchinchi bor boshqarishga tayyorligini bildirib.
Klaudio Raneri oldiga uzoq muddatli loyihalarni amalga oshirish vazifasi qo‘yilgani yo‘q, 73 yoshli mutaxassis jamoani qisqa fursat ichida ijobiy tomonga o‘zgartirishi, jamoada keskin burilish yasashi kerak.
Mavsumni boshlab bergan ikki murabbiy – Daniele de Rossi va Ivan Yurich qo‘l ostida “bo‘rilar” dastlabki dastlabki 12 ta uchrashuvda ko‘p ochko yo‘qotdi. Rimliklar A Senriyada uchta g‘alaba qozongan holda to‘rtta durang va beshta mag‘lubiyatga uchradi.
Evropa ligasining umumiy guruh bosqichidagi to‘rtta bellashuvdan uchtasida ochko yo‘qoldi. Demak, nufuzli xalqaro turnirda g‘olib chiqish imkoniyati juda past. Bu ahvolda “Roma” hech qachon o‘zi orzu qilgan Evropa Chempionlar ligasiga chiqa olmaydi.
- Raneri “Roma”ni uchinchi bor boshqarishga kirishyapti. Ilgari 2009 va 2019 yillarda ham jamoaga ustozlik qilgandi.
Bu gal Klaudio Raneri jamoadan o‘zining bir necha shogirdlariga duch keladi. 2019 yili tajribali mutaxassis hozir ham jamoa tarkibida bo‘lgan Lorentso Pellegrini, Brayan Kristante va Stefan El-Shaaraviga ustozlik qilgan.
Raneri o‘zbek hujumchisi Eldor Shomurodov bilan o‘tgan mavsum “Kalyari”ni A Seriyada olib qoldi.
Tajribali mutaxassis “Roma” bosh murabbiyi sifatidagi debyutini 24 noyabr kuni “Napoli” bilan Maradona nomidagi arenada o‘tkazadi. Raneri neapolliklarga 1991-1993 yillarda ustozlik qilgan edi, - deb yozmoqda tuttomercatoweb.com sayti eksperti Debora Karletti.
Eldor Shomurodovning “Roma”dagi faoliyatiga e’tibor qaratsak, legionerimiz qanday o‘ynashidan qat’i nazar, bosh murabbiylar unga etarli darajada imkon bermaganini ko‘rishimiz mumkin.
Xususan, Joze Mourino va Ivan Yurichda shunday bo‘ldi. Daniele de Rossi Eldorni Rimda olib qoldi, unga hamyurtimizning harakatlari ma’qul keldi. Biroq rimlik murabbiyning o‘zi “Roma”ni tark etishga majbur bo‘lib qoldi.
Klaudio Raneri Shomurodovning salohiyatini yaxshi biladi. O‘tgan mavsum 29 yoshli hujumchimiz eng muhim uchrashuvlardagi gol va assistlari bilan bu mutaxassisga “Kalyari”ni yuqori divizionda olib qolishga ko‘maklashib yuborgan.
Endi Klaudio Raneri qo‘l ostida Eldor Shomurodovning “Roma”dagi ishlari iziga tushib ketishiga va hujumchimiz etarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishiga umid qilamiz.
O‘zbekiston Qatarni necha marta yutgan? Bu gal nima bo‘ladi?
Fayzullaev va Evropa: Abbosga ikki xil baho!
Fikrlar